Şu bois, özbek lotin alifbosini takomillaştiriş masalasi nafaqat tilşunoslar, balki taʼlim, naşriyot, davlat boşqaruvi, axborot texnologiyalari va keng jamoatçilik uçun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda kompyuter orqali lotin yozuviga asoslangan amaldagi alifboda matn yaratişda ö, ğ harflarini yoziş uçun ançagina mehnat va diqqat, vaqt sarf etiladi. Xususan, töğri sözini yoziş uçun klaviatura tugmalarini ön beş marta bosiş kerak (holbuki, söz beş harfdan iborat). Bu kabi qiyinçilikni faqat ö, ğ harflarini xato yoziş orqaligina “çetlab ötiş” mumkin. Tan oliş kerakki, köpçilik ayni şu qiyinçiliklarni yengiş uçun ham “xato qiliş”ga majbur bölardi. Zero, kişi muayyan işni imkon qadar tez va oson bitirişga intiladi. Biroq lotin yozuviga asoslangan amaldagi alifboda qöllanilgan ö va ğ harflari, şuningdek, ş va ç harf birikmalari ayni şu jihatdan vaqt va diqqat öğirlaşga sababçi bölib qolayotgan edi. Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi qonuniga özgartiriş kiritiş haqida”gi qonun ayni şu muammo yeçimi sifatida hayotimizdagi muhim voqealardan biri böldi.
Mazkur qonun amaldagi Ö ö, Ğ ğ, Ş ş va Ç ç şakllarini tegişliça Ö ö, Ğ ğ, Ş ş va Ç ç harflari bilan almaştirişni nazarda tutadi. Uşbu taklifning asosiy mohiyati hozirgi yozuvda ayrim tovuşlarni ifodalaş uçun qöllanayotgan ikki belgili, apostrofli birikmalar örniga yaxlit harflarni yozuv amaliyotiga joriy etiş va şu orqali iş unumdorligini oşiriş va milliy yozuvimizning raqamli texnologiyalar bilan integratsiyalaşuviga erişişdir. Bu islohot natijasida yozuv ixçamlaşadi, harflarning grafik yaxlitligi taʼminlanadi va özbek lotin alifbosining amaliy imkoniyatlari kengayadi.
Lotin yozuviga asoslangan amaldagi yozuvda qayd etilgan matn boşqa yozuv tizimiga (masalan, kirill yozuviga) ögirilganda Ö ö, Ğ ğ, Ş ş va Ç ç kabi harflar kompyuter tomonidan ikki belgi sifatida “öqiladi” va şunga mos tarzda qayta işlanadi. Çunonçi, lotin yozuviga asoslangan amaldagi yozuvda yaratilgan matn kirill alifbosiga ötkazilganda ö harfi oʼ tarzida, ğ harfi gʼ tarzida, ş, ç harf birikmalarini sh tarzida ögiriladi. Bu kabi holatlar ham lotin yozuviga asoslangan amaldagi yozuv asosida yaratilgan matnlarni kompyuter dasturlari orqali qayta işlaşda ança-munça muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirardi.
Amaldagi yozuvda ş va ç birikmalari özbek tilidagi muayyan undoş fonemalarni ifodalaydi. Har bir tovuşni alohida va yaxlit harf bilan ifodalaş yozuvning grafik tuzilişini soddalaştiradi. Bunda tovuş, fonema va harf tuşunçalarining özaro munosabatini ham hisobga oliş muhim. Tovuş nutqda talaffuz qilinadi, fonema til birliklarining maʼnolarini farqlaşga xizmat qiladi, harf esa yozuvda tegişli fonemalarni ifodalaydi. Şu jihatdan islohot özbek tilidagi muayyan fonemalarni yozuvda yaxlit grafik birliklar orqali ifodalaşga, alifboning içki izçilligini va qulayligini oşirişga xizmat qiladi.
Yozuvni takomillaştirişga doir muhokamalarda joriy davrga qadar yaratilgan manbalar bilan vorisiy boğliqlik masalasi alohida örin tutadi. Lotin yozuviga asoslangan amaldagi alifboda yaratilgan kitoblar, gazeta va jurnallar, ilmiy naşrlar, adabiy asarlar hamda luğatlar xalqimizning boy maʼnaviy va intellektual merosini taşkil etadi. Yangi grafik şakllar joriy etilişi bu merosdan foydalaniş imkoniyatlarini çeklamasligi, aksinça, mavjud manbalarni saqlaş va ulardan foydalaniş imkoniyatini bera olişi kerak. Qonun orqali belgilangan yangi şakllar bu boradagi talablarga javob beradi. Xususan, ö va ğ harflarining ö va ğ şakllariga ötkazilişi şu jihatdan muhim. Taklif etilgan yangi belgilar avvalgi harflarning asosiy grafik şaklini saqlaydi: Ö harfida O, Ğ harfida esa G asos bölib qoladi. Ularning farqi qöşimça diakritik belgilar orqali ifodalanadi. Şu sababli bu özgarişlar mutlaqo yangi grafik tizimga ötişni emas, mavjud yozuvning ayrim unsurlarini takomillaştirişni anglatadi. Harflarning şakliy yaqinligi avvalgi yozuvda bitilgan matnlarni taniş va öqişda katta qulaylik yaratadi. Şuningdek, ş va ç birikmalarini alohida harflar bilan ifodalaş eski yozuvdagi matnlar mazmunini özgartirmaydi. Bundan taşqari, köpçilikning uşbu harflarni yaxşi tanişi, endi savod çiqaradigan yoşlarning esa xorijiy tillarni örganiş jarayonida ş va ç harf birikmalari bilan tanişişi ularning avvalgi özbek lotin yozuvida yaratilgan matnlarni öqişida qöl keladi. Demak, yangi grafik şakllar joriy etilişi özbek lotin yozuviga asoslangan amaldagi yozuvda şu paytgaça yaratilgan adabiyotlardan foydalaniş imkoniyatini yöqqa çiqarmaydi.
Şu bilan birga, ö va ğ harflarini yozişda apostrofga öxşaş belgilardan foydalaniş bilan boğliq texnik muammolarni bartaraf etiş imkoniyati paydo böladi. Amaldagi yozuvda apostrof (ʼ) va taşqi körinişi unga öxşaş boşqa belgilarning turliça qöllanişi natijasida bir sözning bir neça texnik şakli yuzaga kelardi. Masalan, örta sözini yozişda o dan keyin Unicode tizimida ʼ (U+2018), ʼ (U+2019), ʼ (U+0027), ʼ (U+0060), ´ (U+00B4), ˋ (U+02CB),
ˊ (U+02CA) kabi bir qança belgilardan istalganini foydalaniş hisobiga texnik jihatdan turli “harf”lar şakllantirilardi. Bunday texnik tafovutlar elektron qidiruv, matnlarni taqqoslaş, imlo nazorati, matnlarni avtomatik qayta işlaş hamda elektron til korpuslarini şakllantiriş jarayonlarida muayyan qiyinçiliklarni keltirib çiqaradi. Ö va ğ harflarini mos ravişda ö va ğ şaklida yoziş bu harflar tarkibida apostrofga öxşaş belgi işlatiş zaruratini bartaraf etib, yozuvning texnik bir xilligini taʼminlaşga yordam beradi.
Ö va Ğ örniga Ö va Ğ harflari qöllanişi mazkur muammoning yeçimi sifatida har bir tovuş alohida, yagona va yaxlit belgi (harf) bilan ifodalanişiga imkon beradi. Bunda apostrofga öxşaş belgilar turliça qöllanilişi bilan boğliq çalkaşliklar yöqoladi. Natijada yozuvning texnik bir xilligi, matn (söz) qidiriş va qayta işlaş qulayligi oşadi.
Bugungi kunda yozuv samaradorligi uning qoğozda qanday körinişigina emas, balki elektron muhitda qay darajada moslaşişi bilan ham belgilanadi. Qidiruv tizimlari, elektron luğatlar, matn korpuslari, avtomatik tarjima, nutqni taniş va sunʼiy intellektga asoslangan dasturlar standartlaştirilgan yozuvga ehtiyoj sezadi. Bir tovuşni ifodalovçi ikki harfli birikma örniga bitta harf qöllanişi matnlarni transliteratsiya qiliş, sözlarning grafik tuzilişini aniqlaş va baholaş imkoniyatlarini kengaytiradi.
Alifboni takomillaştirişning yana bir muhim jihati uning qardoş turkiy tillar yozuvlari bilan muştarakligini taʼminlaşidir. Turkiy dunyo umumiy alifbo komissiyasining 2024-yil 11-sentyabrda Ozarbayjon poytaxti Boku şahrida bölib ötgan uçinçi yiğilişida Umumturkiy alifbo (Common Turkic Alphabet) qardoş turkiy xalqlar tomonidan maʼqullangan edi. Milliy alifbomizda isloh etilayotgan tört harf ham mazkur alifbodagi tegişli şakllar bilan bir xil. Bu esa Ö, Ğ, Ş va Ç kabi harflar turkiy tillarning muştarak yozuvlaridagi matnlarni qiyoslaş, umumiy elektron resurslar yaratiş, tilşunoslik tadqiqotlarini bahamjihat olib boriş va axborot almaşinuvi imkoniyatlarini kengaytirişga ham yordam beradi.
Yozuvni takomillaştirişning iqtisodiy samarasi eʼtiborga loyiq. Harf birikmalarining alohida grafik belgilar bilan almaştirilişi yaratilajak matnlar hajmi qisqaroq bölişiga imkon beradi. Masalan, özbek lotin yozuviga asoslangan amaldagi yozuv tizimidagi 14 şrift ölçamli 100 sahifalik matnda ş, ç, ö va ğ şakllarini tegişliça ş, ç, ö va ğ harflari bilan almaştiriş natijasida matn hajmi beş sahifaga qisqarişi mumkin. Naşriyot-matbaa işlarida matn hajmi qisqarişi qoğoz va böyoq sarfini kamaytirişga, şu asosda xarajatlarni tejaşga xizmat qiladi. Tejamkor texnologiyalar tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda bu kabi jihatlar ham alohida eʼtiborga loyiq.
Taklif etilayotgan islohotning afzalligi şundaki, u yozuv tizimining barça unsurlarini yangidan şakllantirişni emas, balki joriy alifbodagi törtta harfning grafik ifodasini takomillaştirişni nazarda tutadi. Şu bois, bu özgariş mavjud yozuv tizimidan butunlay voz keçiş degani emas. Aksinça, alifboning umumiy grafik asosini saqlagan holda ayrim harflarning ifodalaniş usulini qulaylaştirişga qaratilgan. Bunday yondaşuv avvalgi davrda yaratilgan yozma manbalar va adabiyotlardan foydalanişni davom ettiriş, şu bilan birga, yangi yozuv şakllarini amaliyotga joriy etişga yönaltirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Ö ö, Ğ ğ, Ş ş va Ç ç şakllarini Ö ö, Ğ ğ, Ş ş va Ç ç harflari bilan almaştirişni nazarda tutuvçi qonun özbek lotin yozuvining grafik ixçamligini oşiriş, apostrof bilan boğliq texnik noqulayliklarga barham beriş, elektron matnlar yaratiş va ularni qayta işlaşni yengillaştiriş, naşriyot jarayonlarida resurslarni tejaş va qardoş turkiy tillar bilan yozuv muştarakligini kuçaytiriş kabi qator imkoniyatlar reallaşişiga yöl oçadi.
Milliy yozuvni takomillaştiriş tilimizning bugungi ehtiyojlariga javob beriş bilan birga uning kelajakdagi taraqqiyoti uçun mustahkam asos yaratiş demakdir. Şunday ekan, özbek lotin alifbosini takomillaştiriş masalasiga tarixiy meros, milliy manfaatlar va zamonaviy texnologiyalar uyğunligi nuqtai nazaridan qaraş, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalaniş va yozuvimizni yanada qulay, izçil hamda raqamli muhitga mos tizimga aylantiriş yölidagi muhim qadam sifatida baholanişi lozim.
Abdumannon HASANOV,
ÖzFA Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti
direktori örinbosari,
filologiya fanlari doktori