Migratsiya agentligining maʼlum qilishicha, bolaning ota-onasi Rossiyada noqonuniy migratsiya holatida boʻlgani sababli deportatsiya qilingan. Natijada 6 yoshli Abubakr Moskvada qoʻshnilari qaramogʻida qolib ketgan.
Bolaning ahvoli haqidagi murojaatdan soʻng Migratsiya agentligining Fargʻona viloyati filiali hamda Moskva shahridagi vakolatxonasi tomonidan zudlik bilan tashkiliy va huquqiy choralar koʻrildi.
Olib borilgan ishlar natijasida Abubakr aviatsiya xodimlari kuzatuvi ostida xavfsiz tarzda Oʻzbekistonga qaytarilib, yaqinlariga topshirildi.
Migratsiya agentligi xorijda boʻlib turgan fuqarolarni qabul qiluvchi davlat qonunlari va migratsiya qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.
Taʼkidlanishicha, noqonuniy migratsiya nafaqat fuqaroning oʻzi, balki uning farzandlari taqdiri uchun ham jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.