Faqat resurslarning oʻzigina daromad manbaiga aylana olmaydi. Bugungi kunda xomashyoni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilgan, ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan mamlakatlargina yuqori samaradorlikka erisha oladi.
Dunyoda
texnologik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortmoqda.
Elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika, tibbiyot va boshqa yuqori
texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bunday xomashyo va mahsulotlar iqtisodiy
xavfsizlik hamda sanoat raqobatbardoshligi ustuni boʻlib bormoqda.
Xalqaro
tahlil markazlari xulosasiga koʻra, muhim minerallar global texnologik
raqobatning hal qiluvchi omillaridan biriga aylanyapti. Ayni paytda
mamlakatlarning energetik yangilanish, raqamlashtirish va yuqori texnologiyali
sanoatni rivojlantirish borasidagi maqom va mavqei koʻp jihatdan ularning nodir
va texnologik metallarni yetkazib berish zanjirini qanchalik nazorat qilishiga
qarab belgilanmoqda.
Bu
yoʻnalishda toʻlaqonli sanoatlashgan ekotizimni shakllantirish muhim ahamiyat
kasb etadi. Bunda qoʻshilgan qiymatning salmoqli qismi asosan mamlakatning
oʻzida yaratiladi. Mana shunday yondashuv eksport tushumlari barqaror oʻsishini
taʼminlab, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshiradi.
Ayni
maqsadda mamlakatimizda joriy yilning oʻzida 166 million dollarlik 12 ta
loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen,
tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida
avtodetallar singari 21 turdagi import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar hamda
sulfat kislotasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar
hisobidan yuzlab ish oʻrinlari yaratiladi, byudjet tushumlari va eksport
imkoniyatlari ortadi.
15-iyun
kuni Prezidentimiz huzurida sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini
rivojlantirish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish
yuzasidan boʻlib oʻtgan taqdimotda bu yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim
boʻlgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
—
Mamlakatimizda bu yoʻnalishda katta salohiyat bor, — deydi togʻ-kon sanoati va
geologiya vazirining birinchi oʻrinbosari Feruza Hamidova. — Bugun biz
davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2024-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston
texnologik metallar kombinatining investitsion loyihalarini taqdimot qildik.
Hozirgi vaqtda mazkur korxonaning asosiy faoliyati volfram va molibden ishlab
chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni oʻzlashtirish,
boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28
turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati
mavjud.
Ushbu
salohiyatni toʻliq ishga solish maqsadida 2026-2030-yillarda umumiy qiymati 4,2
milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Bu orqali
tarmoq hajmini 2028-yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha 2 milliard
dollarga yetkazish imkoniyati bor.
Yigʻilishda
volfram va molibden boʻyicha “xomashyo — qayta ishlash — tayyor mahsulot”
zanjirini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat
yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qoʻshilgan qiymatga ega metall
kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa
tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Jahon
tajribasi koʻrsatmoqdaki, nodir metallardan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot
bahosi xomashyodan ancha yuqori boʻladi. Shuning uchun chuqur qayta ishlash
faqat sanoat uchun zarur omil boʻlibgina qolmay, mamlakatning eksport
salohiyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan strategik vazifaga aylanmoqda.
Buning
uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” texnoparki va R&D markazi
faoliyatini keng yoʻlga qoʻyish belgilangan. U yerda ilmiy ishlanmalarni
tijoratlashtirish, startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, yuqori soflikdagi
metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit
yaratiladi.
—
Yigʻilishda strategik va muhim minerallar sohasini yangi bosqichga olib
chiqish, qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish tizimini
yanada kuchaytirish borasida qator vazifalar belgilandi, — deydi “Oʻzbekiston
texnologik metallar kombinati” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdullayev. — Asosiy
maqsad Oʻzbekistonni xomashyo yetkazib beruvchi mamlakatdan kritik minerallar
boʻyicha mintaqaviy texnologik ishlab chiqarish va eksport markaziga
aylantirish. Har qanday soha rivoji uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash
masalasi muhim ahamiyatga ega. Ayni maqsadda Toshkent davlat texnika
universiteti bilan dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Texnologik metallar kombinatida
metallurgiya va materialshunoslik boʻyicha 2 ta kafedra faoliyat koʻrsatmoqda.
Davlatimiz
rahbari bu yoʻnalishda dual taʼlim qamrovini kengaytirish, oʻquv dasturlarini
yangi loyihalar ehtiyojiga moslashtirish va bitiruvchilarni yuqori texnologik
ishlab chiqarishlarga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Yana
bir muhim jihat. Chirchiq shahrida tashkil etilayotgan, Markaziy Osiyoda muhim
minerallar boʻyicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markaz — nanotahlil
laboratoriyasi geologiya, konchilik va metallurgiya loyihalari uchun zamonaviy
tahlil xizmatlarini koʻrsatadi. Natijada bugun xorijda bajarilayotgan tahlillar
mahalliylashtiriladi hamda muddatlar qisqaradi. Misol uchun, ikki oyda
bajariladigan ishlar bir haftada tayyor boʻladi. Laboratoriya toʻliq ishga
tushgach, bir kunda mingtagacha namuna tahlil qilinib, 6,5 million dollarlik
import xizmatlari mahalliylashtiriladi, yana 4 million dollarlik xizmatlar
eksporti yoʻlga qoʻyiladi.
Shu
bilan birga, tarmoqda raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini
joriy etish zarurligi taʼkidlandi. Geologik maʼlumotlarni yagona raqamli bazaga
jamlash, qidiruv ishlarini 3D modellashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini
real vaqt rejimida nazorat qilish, bozor tahlili va loyihalar boshqaruvini zamonaviy
platformalar orqali tashkil etish vazifalari belgilandi.
Ishlab
chiqarish jarayonlari jadal surʼatda murakkablashib borayotgan sharoitda bunday
ilmiy-texnologik infratuzilmani yaratishning ahamiyati yanada ortadi. Zero,
bugun metallurgiyadagi raqobatbardoshlik faqat resurslarga ega boʻlish bilan
emas, balki tadqiqotlarning saviyasi, darajasi va natijadorligi, muhandislar
mahorati hamda milliy texnologiyalarning nechogʻliq takomillashgani bilan
bogʻliq.
Taqdimotda
belgilangan vazifalar mamlakatimizning strategik minerallar boʻyicha texnologik
mustaqilligini taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab
chiqarishni kengaytirish va kritik minerallar global bozorida ishonchli
ishtirokchiga aylantirishga zamin yaratadi.
Lutfulla SUVONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri