Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari nomini tildan qoʻymay takrorlayotgan va ularga taqlid qilayotgan turli davlatlardagi futbol ishqibozlari, bayrogʻimizni yelkasiga yopib, mundial oʻtayotgan shahar koʻchalarida jamoamizni qoʻllab-quvvatlayotgan turli millat vakillari, oʻzbek sportchilariga atab qoʻshiq aytayotgan qardosh ozarbayjon, qozoq va turk sanʼatkorlari... Sanayversak, adogʻi koʻrinmaydi.

Ha, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbol tarixida yangi sahifa ochdi. Jamoamiz JCH — 2026 dagi tarixiy debyut uchrashuvini oʻtkazdi. Meksika poytaxtidagi Kolumbiya muxlislari bilan toʻlib-toshgan, sariq rangga burkangan Asteka stadionida futbol boʻyicha XXIII jahon chempionatining “K” guruhi birinchi tur uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Angliyalik taniqli hakam Entoni Teylor boshqargan bahs kolumbiyaliklar foydasiga 3:1 hisobida yakunlangan boʻlsa-da, jamoamiz mundial tarixidagi ilk oʻyinida kuchli raqibga munosib qarshilik koʻrsata oldi.

Eʼtiborli jihati, Abbosbek Fayzullayev kiritgan gol Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk goli sifatida tarix sahifalariga qayd etildi. Shu tariqa Abbosbek milliy futbolimiz solnomasiga oʻz nomini muhrlab qoʻydi.

Mundiallar tarixida kutilmagan natijalar juda koʻp uchraydi. Hatto amaldagi chempion sifatida maydonga tushgan jamoalar ham birinchi oʻyinda kutilmaganda magʻlubiyat alamini totganiga misollar yetarli. Mutaxassislar taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekiston jahon chempionatida debyutant jamoa. Uning ilk raqibi — FIFA reytingida 16-oʻrinni egallab turgan Kolumbiya milliy termasi. Shunga qaramay, vatandoshlarimiz muxlislaru mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi. Har qanday raqibga qarshi turish, gol urish, u bilan tengma-teng toʻp surish mumkinligini, hatto yanada yaxshi natijaga erishish imkoni borligini namoyish qildi.

Ayniqsa, oʻyindan keyin davlatimiz rahbari bildirgan fikrlar oldinda bizni kutayotgan qizgʻin oʻyinlar arafasida sportchilarimiz uchun katta quvvatlov boʻldi. Prezidentimiz milliy terma jamoamizning ishtirokini yuqori baholadi.

— Bu Oʻzbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizgʻin kechgan oʻyinda futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi kuchli ­xarakterini koʻrsatdi. Bu oson emas. Biz 34 yil kutgan voqea boʻldi. Yigitlarimiz kuchli xarakteri, ­jismoniy tayyorgarligi va irodasini yaqqol namoyon etdi. Biz uchun birinchi jahon chempionatida birinchi golimiz — bu ham gʻalaba.

Biz vatanparvar va fidoyi yoshlarimiz bilan gʻururlanamiz. Ular yangi Oʻzbekistonning haqiqiy qahramonlari. Hali oldimizda juda koʻp imkoniyatlar bor. Farzandlarim, qahramonlarimiz koʻp narsaga qodir ekanliklarini namoyish qila olishdi. Ularga omad yor boʻlsin! Olgʻa, Oʻzbekiston! — dedi davlatimiz rahbari.

Terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro oʻyindan soʻng matbuot anjumanida bildirgan fikrlar ham diqqatga sazovor:

— Futbolchilarimdan gʻururlanaman. Ular yaxshi oʻynadi. Bugun qiyin bahs kechdi. Bunday stadionda, bunday muxlislar qarshisida oʻynash oson emas. Lekin bu koʻproq motivatsiya berishi ham mumkin. Uchrashuv qiziqarli oʻtdi. Ikkinchi boʻlimda biz oʻyinni oʻzgartirishga erishdik. Chap qanotdan imkoniyatlar yaratdik. Nazoratni oʻz qoʻlimizga olishga harakat qildik, biroq gol oʻtkazib yubordik. Men doim jamoamga oʻyin davomida faol harakat qilish kerakligini aytib kelaman. Kolumbiya singari kuchli jamoalarga qarshi oʻynash katta kuch va mahorat talab qiladi. Biz ushbu oʻyinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy bellashuv. Biz jahon chempionatidamiz. Bugungi oʻyin biz uchun yaxshi boʻldi deb ayta olaman. Xatolar bor, ular ustida ishlaymiz.

Shu oʻrinda Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorensoning Oʻzbekistonga qarshi oʻyindan keyin aytgan soʻzlariga ham quloq tutsak: “Mundialda zaif jamoaning oʻzi yoʻq. Shu bois, har qanday raqibga hurmat bilan munosabatda boʻlish kerak. Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi yillarda juda yaxshi natijalarga erishgan. U juda yaxshi tashkil etilgan jamoa. Tarkibida mahoratli futbolchilar va kuchli murabbiy bor. Oʻzbekiston terma jamoasi qay tarzda futbol oʻynashni yaxshi ­biladi”.

Endi Fabio Kannavaro boshchiligidagi milliy terma jamoa ikkinchi tur doirasida Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 23-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 ga belgilangan.

Darvoqe, Meksika ommaviy axborot vositalari kechagi oʻyindan keyin Oʻzbekiston jamoasi aʼzolari xarakteridagi qiziq jihatga eʼtibor qaratdi. Gap shundaki, yigitlarimiz jahon chempionatidagi ilk uchrashuvga mezbonlik qilgan Meksika va afsonaviy Asteka stadioniga minnatdorlik soʻzlarini yozib qoldirdi. Jamoa kiyinish xonasidagi maxsus doskaga ispan tilida “Muchas gracias, México! Mucha suerte en el Mundial!” (Katta rahmat, Meksika! Jahon chempionatida omad tilaymiz!) degan soʻzlar yozilgan. Yozuv oxirida oʻzbekcha “Rahmat!” soʻzi ham qoʻshib qoʻyilgan.

Sizlarga ham rahmat, yigitlar! Guruh bahslarida omad yor boʻlsin! Olgʻa, Oʻzbekiston!

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri