XXI asrda raqamli texnologiyalar iqtisodiyotning alohida tarmoği emas, balki barça sohalarni harakatga keltiruvçi yangi infratuzilmaga aylandi. Şu maʼnoda, raqamlaştirişni faqat kompyuter, dastur yoki elektron xizmatlarni joriy etiş bilan izohlaş töğri emas. U boşqaruv madaniyatini özgartiriş, qaror qabul qiliş sifatini oşiriş, resurslardan oqilona foydalaniş, vaqtni tejaş, şaffoflikni taʼminlaş va eng muhimi, taraqqiyotning yangi iqtisodiy modelini şakllantiriş demakdir.
Mamlakatimizda keyingi yillardagi keng kölamli islohotlar jarayonida raqamlaştiriş ana şunday strategik mazmun kasb etmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, davlat boşqaruvini zamonaviy talablar asosida taşkil etişda raqamli texnologiyalardan foydalaniş, inson omili iştirokini qisqartiriş, ortiqça byurokratik jarayonlarni bartaraf etiş va davlat xizmatlarini aholi uçun yanada qulaylaştiriş ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu borada belgilanayotgan maqsadlar kölamiga eʼtibor bersak, masalaning neçoğliq muhim ekanini anglaş qiyin emas. Elektron hukumat platformasini tubdan yangilab, davlat xizmatlari, minglab funksiya va vazifalar, yuzlab maʼlumotlar bazasi hamda axborot tizimlarini yagona raqamli muhitga integratsiya qiliş vazifasi belgilangan. Bu esa davlat boşqaruvida “maʼlumot — qaror — natija” zanjirini yangi sifat bosqiçiga olib çiqişni anglatadi.
Eng muhimi, raqamlaştiriş iqtisodiyot uçun şunçaki texnik yangilik emas. U resurslardan foydalaniş samaradorligini oşiradigan iqtisodiy mexanizm. Masalan, biror jarayon qoğoz şaklida amalga oşirilganda vaqt, mehnat, qoğoz, arxiv, transport va boşqa xarajatlar yuzaga keladi. Şu jarayon elektron şaklga ötkazilganda esa nafaqat qoğoz, balki inson mehnati va vaqt sarfi ham qisqaradi. Demak, raqamlaştirişning birinçi iqtisodiy natijasi — xarajatlarni optimallaştiriş.
Ikkinçi muhim natija — şaffoflik. Raqamli tizimdagi har bir amaliyot, har bir qaror va har bir harakat muayyan darajada elektron iz qoldiradi. Bu esa subyektiv yondaşuv, manfaatlar töqnaşuvi, korrupsiyaviy xavflar va yaşirin iqtisodiy munosabatlarning oldini oliş imkonini kengaytiradi. Şu jihatdan raqamlaştiriş iqtisodiy boşqaruv bilan bir qatorda halollik va institutsional işonçni mustahkamlaş vositasi hamdir.
Uçinçi jihat — tezkorlik. Anʼanaviy boşqaruvda maʼlumotni yiğiş, saralaş, tahlil etiş va qaror qabul qiliş uçun ança vaqt zarur. Raqamli boşqaruv esa maʼlumotlarni real vaqtga yaqin rejimda tahlil qiliş, muammoni oldindan köriş va tegişli çoralarni öz vaqtida belgilaş imkonini beradi. Bugungi raqobat muhitida esa vaqtning özi iqtisodiy resursdir.
Törtinçi jihat — maʼlumotning qiymati. Ilgari korxona yoki muassasa uçun yer, bino, texnika, mablağ va mehnat resurslari asosiy resurs sifatida körilgan bölsa, bugun ular qatoriga işonçli va tizimlaştirilgan maʼlumot ham qöşildi. Qaysi yönalişda qança resurs sarflanmoqda? Qaysi jarayon samarali? Qaysi xarajatni optimallaştiriş mumkin? Qaysi investitsiya köproq natija beradi? Bunday savollarga aniq raqamlarsiz javob beriş qiyin.
Şu bois, zamonaviy moliyaçi uçun raqamlaştiriş buxgalteriya dasturi yoki elektron hujjat aylanişidan ança keng tuşunça. U dalilga asoslangan moliyaviy boşqaruv tizimidir. Özbekistonda raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Rasmiy maʼlumotlarga köra, sönggi beş yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yalpi qöşilgan qiymatning örtaça ösiş surʼati 24,8 foizni taşkil etib, yalpi içki mahsulot ösiş surʼatidan 3,5 barobar yuqori bölgan. Axborot va aloqa sohasida iş bilan taʼminlanganlar soni ham sezilarli köpaygan. Demak, raqamlaştiriş endi kelajakning mavzusi emas, balki bugungi iqtisodiy ösişning muhim omillaridan.
Yana bir muhim jihat şundaki, raqamlaştirişning haqiqiy samarasi texnologiya sifatida emas, inson imkoniyatlarini kengaytiruvçi vosita sifatida işlaşi bilan belgilanadi. Texnologiya inson örnini bosiş uçun emas, aksinça, uning vaqtini tejaş, qobiliyatini oçiş, qaror qabul qilişini yengillaştiriş va mehnat unumdorligini oşiriş uçun xizmat qilsa, haqiqiy taraqqiyot omiliga aylanadi.
Şu nuqtai nazardan, oliy taʼlim tizimidagi raqamlaştiriş alohida ahamiyatga ega. Çunki universitet faqat taʼlim beruvçi muassasa emas. U bir vaqtning özida katta inson kapitali, moliyaviy resurslar, moddiy-texnik baza, axborot oqimi, ilmiy salohiyat va boşqaruv qarorlari jamlangan murakkab ijtimoiy-iqtisodiy tizimdir.
Farğona davlat universitetida raqamlaştiriş masalasiga aynan ana şu nuqtai nazardan yondaşilmoqda. Bugun OTMda raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirişga ixtisoslaşgan alohida markaz faoliyat yuritmoqda. Uning vazifasi taʼlim va boşqaruv jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etiş, ulardan samarali foydalanişni taşkil etiş hamda uşbu jarayonlarni muvofiqlaştirişdan iborat. Markaz tarkibida dasturçilar, tizim va tarmoq administratorlari, veb-dizayner, kontent-menejerlar va boşqa mutaxassislardan iborat jamoa şakllangani universitet raqamli infratuzilmasi oddiy texnik xizmat körsatiş darajasidan institutsional boşqaruv bosqiçiga
kötarilayotganini körsatadi.
OTMda raqamlaştiriş faqat taʼlim bilan çeklanib qolmayapti. 2026/2027 öquv yiliga tayyorgarlik jarayonida talabalarning turli masalalar böyiça elektron ariza topşirişi, talabalar turar joylariga joylaşiş asnosida raqamli platformalardan foydalanişi kabi imkoniyatlar kengaydi. Bunday yondaşuv talaba uçun vaqt va ovoragarçilikni kamaytirsa, universitet uçun boşqaruv jarayonini tartibga soliş, maʼlumotlarni tizimlaştiriş hamda resurslarni samarali taqsimlaş imkonini beradi. Buning yana bir muhim jihati bor: raqamlaştiriş resurslarni aniq hisoblaş imkonini oşiradi.
Raqamli transformatsiyaning eng katta iqtisodiy falsafasi xarajatni emas, natijani boşqarişdir. Masalan, taʼlim jarayonida biror laboratoriyaga mablağ ajratişning özi hali natija emas. Natija şu laboratoriyadan qança talaba foydalandi, qanday ilmiy işlanmalar yaratildi, qanday loyihalar amalga oşirildi, qanday mutaxassislar tayyorlandi, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoşligi qanday oşdi degan savollarga javob bilan belgilanadi.
Bugun universitetlar moliyaviy boşqaruviga yangi talablar qöyilmoqda. Endi moliya bölimi faqat hisob-kitob yurituvçi tuzilma bölib qolmasligi kerak. Zamonaviy moliya xizmati strategik qarorlar uçun tahliliy markazga aylanişi zarur. Şu maʼnoda, Farğona davlat universitetida taʼlim, ilmiy faoliyat, talabalar bilan işlaş, boşqaruv va moliyaviy jarayonlarni bir-biridan alohida emas, yagona raqamli ekotizim sifatida köriş muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, sunʼiy intellektning kirib kelişi bu jarayonni yangi bosqiçga olib çiqmoqda. Bu yerda eʼtiborli jihat talabalarning sunʼiy intellektni tayyor texnologiya sifatida qöllaşi emas, balki uning imkoniyatlaridan foydalanib, yangi yeçimlar işlab çiqişga intilayotganidir. Çunki kelajak iqtisodiyotining eng katta boyligi texnologiyaning özi emas, aksinça, texnologiya yarata oladigan inson böladi. Şu bois, universitetning raqamlaştiriş siyosatida ikki vazifa parallel ravişda bajarilişi kerak. Birinçisi, jarayonlarni raqamlaştiriş bölsa, ikkinçisi raqamli iqtisodiyot uçun yangi avlod kadrlarini tayyorlaşdir.
Farğona davlat universitetida AT, sunʼiy intellekt, axborot tizimlari va texnologiyalari, moliya va moliyaviy texnologiyalar kabi yönalişlar rivojlanib borayotgani ana şu ehtiyojga hamohang. OTMning vazifasi — raqamli texnologiyalardan foydalanadigan mutaxassis tayyorlaş bilan birga raqamli muhitda iqtisodiy fikrlay oladigan, maʼlumotni tahlil etadigan, innovatsion qarorlar qabul qiladigan va öz ğoyasini mahsulotga aylantiradigan inson kapitalini şakllantiriş.
Özbekistonning AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksporti qiymatini 5 milliard dollarga yetkaziş, sohada yuz minglab yoşni band qiliş, elektron hukumat sohasida yetakçi mamlakatlar qatoriga kiriş kabi maqsadlar faqat texnologik infratuzilma barobarida yangi iqtisodiy tafakkur ham talab etadi. Bunday şaroitda universitetlar oldidagi vazifa yanada masʼuliyatli tus oladi. Çunki raqamli iqtisodiyotning kadrlar bazasi aynan oliy taʼlim tizimida şakllanadi. Dasturçi, iqtisodçi, moliyaçi, muhandis, pedagog, huquqşunos, jurnalist yoki faylasuf, qaysi kasb egasi bölişidan qatʼi nazar, zamonaviy mutaxassis raqamli savodxon bölişi, maʼlumot bilan işlay olişi va texnologiyaning ijtimoiy oqibatlarini tuşunişi zarur.
Şu örinda raqamlaştirişning yana bir muhim jihati — raqamli madaniyat masalasiga töxtaliş lozim. Texnologiya qançalik kuçli bölmasin, undan foydalanadigan inson masʼuliyatsiz bölsa, kutilgan natijaga erişiş imkonsiz. Raqamli muhitda axborot xavfsizligi, şaxsiy maʼlumotlarni himoya qiliş, kibermadaniyat, akademik halollik, intellektual mulk va sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalaniş masalalari ahamiyati tobora oşmoqda. Zero, raqamlaştirişning eng katta xavfi — texnologiyani maqsad deb qabul qiliş. Aslida, texnologiya — vosita. Maqsad esa insonga qulay, iqtisodiy jihatdan samarali, şaffof, adolatli va raqobatbardoş tizim yaratişdir. Şu nuqtai nazardan, raqamlaştiriş faqat texnik islohot emas. U davlat boşqaruvi, iqtisodiyot, taʼlim, ilm-fan va jamiyat hayotining içki mantiğini özgartirayotgan tamadduniy jarayondir.
Özbekistonning yangi taraqqiyot bosqiçida bu jarayonning strategik ahamiyati şundaki, raqamlaştiriş bizga resurslari çeklangan şaroitda ham samaradorlikni oşiriş, inson kapitaliga tayangan iqtisodiy ösişni taʼminlaş va davlat xizmatlarini sifat jihatdan yangi bosqiçga olib çiqiş imkonini beradi.
Farğona davlat universitetida bu jarayon taʼlim, boşqaruv, talabalar bilan işlaş, innovatsiya va raqamli texnologiyalarni rivojlantiriş yönalişlarida namoyon bölayotir. Bugun OTMda joriy etilgan har bir zamonaviy raqamli yeçim ertangi iqtisodiyot uçun tayyorlanayotgan kadr, tejalayotgan vaqt, samarali boşqarilayotgan mablağ, oşirilayotgan taʼlim sifati va şakllanayotgan yangi tafakkurdir. Eng muhimi, raqamlaştiriş insonni tizimga moslaştiriş emas, tizimni inson uçun yanada aqlli, tezkor, adolatli va qulay qiliş tamoyiliga xizmat qilişi kerak.
Yangi Özbekistonning raqamli kelajagini quriş haqida gapirar ekanmiz, uning asosiy poydevori texnologiya emas, inson ekanini unutmaslik zarur. Zero, eng zamonaviy dastur ham, eng kuçli sunʼiy intellekt ham, eng mukammal raqamli platforma ham odam manfaatiga xizmat qilgandagina haqiqiy iqtisodiy va ijtimoiy qiymatga aylanadi. Farğona davlat universitetining bu jarayondagi vazifasi esa faqat raqamli texnologiyalardan foydalaniş emas, balki raqamli iqtisodiyotni yaratadigan, boşqaradigan va uning insonparvar mazmunini taʼminlaydigan yangi avlodni tarbiyalaşdir.
Poziljon OTAQULOV,
Farğona davlat universiteti
moliya-iqtisod işlari böyiça
prorektori, dotsent