Xalqimiz bu o‘zgarishlarni kutgandi. Shuning uchun ham butun O‘zbekiston bir tanu bir jon bo‘lib, boshlangan islohotlarning passiv kuzatuvchisi emas, faol ishtirokchisiga aylandi. Biz bugun ana shu islohotlarning mevasini terish baxtiga musharraf bo‘lgan yangi o‘zbekistonliklarmiz. Erishilgan yutuqlarimizning e’tirof etilishi, hayotimizning kundan kunga farovonlashib borishi, mamlakatimiz obro‘si xalqaro maydonda tobora ortayotgani, do‘stlarimiz safining yanada ko‘payib borayotgani, barcha yutuqlarimizga xayrixoh bo‘layotgan xalqaro ekspertlarning xulosalari bizni yangidan yangi zafarlarga undayotganini endi real hodisa sifatida qabul qilishimiz mumkin.

Ana shular haqida o‘ylar ekanman, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ba’zi fikrlarni bayon qilishni ma’qul ko‘rdim.

Mazkur qaror, nazarimda, mustaqillik fenomeniga zamonaviy ruhda diqqat qaratish, qolaversa, bugungi dunyoning geosiyosiy, mafkuraviy holatini e’tiborga olish nuqtayi nazaridan ham muhim. Qarorda istiqlolning o‘ttiz besh yilligini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida bayram qilish maqsadga muvofiqligi belgilangan.

Avvalo, ushbu bosh g‘oyadan ko‘zlangan maqsad-muddaoni tushunib olish lozim. Bugungi dunyo juda tez, shiddat bilan o‘zgarmoqda. Vatan, millat taqdiri barcha mamlakatlar uchun hayot-mamot masalasiga aylanib bo‘ldi. Bunga misol ko‘p. Moddiy-iqtisodiy foyda olish g‘amida o‘zgalar manfaatini oyoqosti qilish, global sivilizatsiyaviy ziddiyatlarni yanada avj oldirishga erk bergan holda boshqalar qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik bilan qarash, bular oqibatida tinch-totuv yashayotgan davlatlar va xalqlarning tinchlik-xotirjamligini buzish — bularning barchasi bugun odatiy hol bo‘lib qolgani insoniyatni qattiq tashvishga solmoqda. Ming yillar mobaynida ajdodlari tinch-totuv yashab kelgan, o‘ziga xos sivilizatsiyalar yaratgan mamlakatlarni ommaviy ravishda tashlab ketishga majbur bo‘layotganlar soni tobora ko‘paymoqda.

Ana shunday sharoitda uzoqni ko‘zlagan davlat rahbarlari, siyosatchilar barchani ogohlikka chaqirmoqda, insoniyatni turli balo-qazolardan himoya qilishga da’vat etmoqda. Shuning uchun ham bugun ko‘plab davlatlarda aholini milliy birlikka chaqirish, fuqarolarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, kindik qoni to‘kilgan muqaddas tuproqqa hurmat bajo keltirish dolzarb masalaga aylanib bo‘ldi.

Ha, hozir Vatan, vatanparvarlik, milliy o‘zlik masalasi hayot-mamot masalasiga aylandi. Ushbu qarorda ham, uni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan bosh g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qabul qilingan g‘oyaviy-badiiy konsepsiyada ham asosiy e’tibor tarbiya, xususan, fuqarolarda yuksak mas’uliyat hissini shakllantirish, vatan manfaatini yuksak darajada himoya qilishga qaratilgan. Zero, ushbu bosh g‘oya milliy birdamlik va fuqarolik hamjihatligini kuchaytirish, turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ijtimoiy hamkorlik muhitini shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va yuksak fuqarolik mas’uliyati ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarning tiklanishi, mintaqaviy yakdillik va global hamkorlikdagi yutuqlarni ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtayi nazardan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya bugungi dunyoning shiddatli geosiyosiy va geomafkuraviy jarayonida millatning sofligi, Vatanning butunligi, uning kelajagi haqida umumxalq birdamligini ta’minlovchi vosita sifatida biz uchun o‘ta ahamiyatli. Masalaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bosh g‘oyani amalga oshirishda madaniyat va san’at masalasiga alohida o‘rin berilgan. Haqiqatan, mustaqillik, millat va Vatan birligini ta’minlashda madaniyat va san’atdan ham ta’sirchan vosita yo‘q.

Bu Prezidentimizning yaqinda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvida yana bir bor yangradi. Ana shu muloqot ishtirokchisi sifatida mazkur uchrashuvdan juda katta ilhombaxsh taassurotlar bilan qaytdim. Davlatimiz rahbarining madaniyat, san’at sohasidagi muammolar, ularning yechimi borasidagi yuksak bilim va tajribasiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Boshqa tarafdan, bugungi tahlikali zamonda madaniyat va san’at sohasi bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘lami tobora kengayib, mafkuraviy kurashda ushbu sohalarning ahamiyati yanada ortib borayotganidan har qanday kishida turli savollar tug‘ilishi tabiiy.

Davlatimiz rahbari nutqini dunyoda katta kurash boshlangani, yirik davlatlar esa o‘z siyosatini “Zamon zo‘rniki” tarzida amalga oshirishga o‘tganini qayd etishdan boshladi. Haqiqatan, bugun ayrim mamlakatlar o‘z milliy manfaatlari yo‘lida hech narsadan o‘zini tiymayapti. O‘zaro munosabatlardagi umume’tirof etilgan tamoyillar yemirilmoqda. Xalqaro huquqiy me’yorlarni ochiqdan ochiq pisand etmaslik holatlari urchiyapti. Og‘izda bir, amalda esa uning mutlaqo teskarisini bajarishga intilishdan ijtimoiy uyalish hissi tobora yo‘qolmoqda. Kim to‘g‘ri-yu, kim unday emasligini anglash mumkin bo‘lmay qolmoqda.

Ana shunday vaziyatda madaniyat va san’at vakillarining ijtimoiy vazifalari ko‘lami yanada kengaymoqda. Bu jihat mamlakatimiz yetakchisining madaniyat va san’at vakillarini mukofotlash jarayonida, sohaning ilg‘or vakillari bilan tarixiy uchrashuvidagi nutqida, shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida atroflicha ifodasini topdi.

Ushbu nutq va farmonni tilga olar ekanman, xayolimga davlatimiz rahbarining madaniyat va san’at vakillari bilan 2017-yil 3-avgustdagi ilk uchrashuvi kelaveradi. O‘shanda Prezidentimiz mamlakatimiz yangi davrga endi kirib kelayotganiga, oldimizda iqtisodiy, ijtimoiy sohalar, qolaversa, tashqi siyosatimizda muammolar qalashib yotganiga qaramay, madaniyat va san’at sohasi millat va vatan taqdirini hal etuvchi jabha ekanini bot-bot ta’kidlagan edi. Nafaqat ta’kidlagan, balki ushbu sohani rivojlantirishning yangicha usuliga qo‘l urgan, “bo‘sh qop tik turmaydi” tamoyiliga amal qilgan holda madaniyat va san’at sohasining moddiy-iqtisodiy poydevorini mustahkamlash, ijodkorlarni esa moddiy-ma’naviy jihatdan ta’minlashning yangicha modelini yaratgan edi.

O‘tgan davrda ana shu sa’y-harakatlar o‘zining yashovchanligini ko‘rsatdi. Eng avvalo, madaniyat va san’at sohasi xalqaro me’yorlarga javob bera oladigan huquqiy-me’yoriy asosga ega bo‘ldi. Prezidentimizning 2018-yil 28-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori milliy madaniyatimizni yanada taraqqiy ettirishda muhim qadam bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yil 20-yanvardagi “Madaniy -faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun minglab madaniyat va san’at xodimlari o‘n yillar davomida kutgan muhim hujjat bo‘ldi.

Prezidentimizning shu yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakat ijtimoiy hayotida muhim o‘rin egallagan madaniyat sohasini yanada taraqqiy ettirishda katta ahamiyat kasb etdi. U yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi tub islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, xalqimiz ma’naviy qiyofasini shakllantirish, bugun dunyoda avj olayotgan turli ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashda muhim o‘ringa ega hujjat sifatida qabul qilindi.

Umuman, mazkur hujjatlar, davlatimiz rahbari ilgari surgan yangi g‘oyalar madaniyat va san’at jamiyatni ijtimoiy-ma’naviy barqarorlashtirishning ta’sirchan omiliga aylangani, soha xodimlari ijod erkinligiga ega bo‘lganidan darak berardi. Hozir jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar, global o‘zgarishlar, milliy manfaatlarni muhofaza qilish borasidagi harakatlar, shuningdek, madaniyat va ma’naviyat borasida davlatlar, xalqaro tashkilotlar qarashlari, intilishlarining jiddiy transformatsiyaga uchrashi madaniyat, san’atning g‘oyaviy-mafkuraviy jihatlariga e’tibor kuchayib borayotganidan dalolat.

Albatta, madaniyat va san’at sohasining bosh vazifasi xalqning madaniy ehtiyojlarini qondirish, jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaratish, yosh iste’dodlarni izlab topish, odamlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish kabi muhim yo‘nalishlardan iborat. Biroq insoniyat taraqqiyotining muayyan bosqichlarida, ayniqsa, mamlakat va millat taqdiriga muayyan xavf-xatarlar ko‘payib borayotgan bir davrda madaniyat va san’atning ijtimoiy-mafkuraviy, g‘oyaviy-tarbiyaviy tamoyillari oldinga o‘ringa chiqadi.

Nazarimda, ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichi ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlasa kerak. Shuning uchun ham Prezidentimiz mazkur soha rivojiga alohida e’tibor bergan holda soha xodimlari oldiga avvalgi davrlardagidan ham muhim, dolzarb vazifalarni, xususan, jamiyat a’zolarini milliy ruhda tarbiyalash va milliy birdamlikni kuchaytirish, milliy o‘zlikni shakllantirish vazifalarini qo‘ydi.

Madaniyat va san’atning bosh vazifasi xalqning tobora ortib borayotgan madaniy ehtiyojlarini qondirish, madaniy olamini shakllantirish va shu tufayli jamiyat ma’naviy asoslari, poydevorini mustahkamlashdan iborat. Biroq bugun kundan kunga o‘zgarib borayotgan dunyo, olamshumul jarayonlar madaniyatning yangi funksiya va vazifalarini talab etmoqda.

Birinchidan, har doim ham madaniyat va san’at xalqni tarqoqlikdan, boshboshdoqlikdan asrab qoluvchi kuch sifatida o‘zini ko‘rsatib kelgan. Katta-katta ijtimoiy guruhlar birlashib, bir nafasda qo‘shiq aytishi, undan zavq olishi odamlarni yagona maqsad sari yetaklagan.

Ikkinchidan, madaniyat va san’atning kuchi odamlarni aniq maqsad sari safarbar eta olish imkoniyatidadir. Safarbarlik faqat og‘zaki shiorlar, da’vatlar bilangina amalga oshmaydi. U inson ruhiyatidagi tub o‘zgarishlar, maqsadni to‘g‘ri qo‘ya olish, davlat va jamiyat maqsad-muddaolarining shaxs maqsadlari bilan qay darajada uyg‘unlashuviga bog‘liq.

Bugun odamlarning shaxsiy va davlat manfaatlari o‘rtasidagi yaxlitlik tobora kuchaymoqda. Mamlakat yetakchisi belgilab bergan strategik maqsadlarga jamiyat a’zolari maqsadlarining uyg‘unligi, hech shubhasiz, har birimizda safarbarlik hissini oshirishga undaydi.

Shu ma’noda, bizga umummilliy safarbarlik juda zarur. U har birimizning ichki safarbarligimiz, o‘zimizni o‘zimiz safarbar eta olish qobiliyatimiz va imkoniyatimizga bog‘liq. Madaniyat va san’at har birimizdagi ichki safarbarlikni umummilliy safarbarlik harakatiga aylantira oladigan ijtimoiy hodisadir.

Madaniyat va san’atning ijtimoiy-mafkuraviy kuchi har birimizdagi aql, tafakkur va qalbimiz tubida yotgan tuyg‘ularni, yaratishdan iborat hislarimizni uyg‘otishdan iboratdir. Mamlakatimiz yetakchisining madaniyat va san’at xodimlari vakillari bilan uchrashuvda bot-bot qayd etgan fikrlarida o‘sha tuyg‘u va hislarni junbishga keltirishga qaratilgan da’vat mujassam, nazarimda.

Milliy ruh to‘g‘risida fikr yuritganda hamma millat va elatlar milliy ruhi uchun umumiy bo‘lgan qator sifatlarni ko‘rmaslik ham mumkin emas. Masalan, bu jihatni ularning barchasi uchun bir-biriga yaqin bo‘lgan “ma’naviy olami” misolida ko‘rish mumkin. Dunyoda go‘zallikka, o‘zining ma’naviy dunyosini shakllantirishga intilmagan birorta millat bo‘lmasa kerak. Shuningdek, o‘z maqsadiga erishish, oldida turgan turli-tuman muammolar, qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tishga harakat qilmagan, bu yo‘lda qat’iy irodasini toblashga urinmagan xalq ham yo‘q hisobi.

O‘zbek ruhi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan fenomen hodisa emas. Uning shakllanish jarayoni uzoq ming yillarni qamrab oladi. Milliy ruhiyatimizning paydo bo‘lish va shakllanish jarayoniga jiddiy ta’sir etgan omillar juda ko‘p. Har qanday milliy ruhning shakllanishida ularning o‘rni katta, albatta. Ammo ular orasida madaniyat va san’atning o‘ziga xos o‘rni borligini aslo yoddan chiqarish mumkin emas. Gap shundaki, aynan madaniyat va san’at asarlari orqali targ‘ib etilgan milliy ruhiy quvvat odamlar ijtimoiy ongiga juda tez, tushunarli va tizimli singadi.

Shuning uchun ham odamlar milliy ruhiyatiga ta’sir etishda har qanday siyosiy hokimiyat madaniyat va san’atdan samarali foydalanishga harakat qilgan. Buning mumtoz ko‘rinishini sobiq sovet davri madaniyati misolida anglash mumkin. Soxta g‘oyalar, faqat siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan sovet mafkurasi o‘z maqsadiga erishish uchun, masalan, “yangi sovet madaniyati”, “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik, ruhan baynalmilal madaniyat” kabi tushunchalarni to‘qib chiqara boshladi.

Natijada ming yillar mobaynida shakl¬langan o‘ziga xos o‘zbek milliy ruhini yo‘q qilishga kirishildi. Yetmish to‘rt yil davom etgan sobiq mustabid tuzumi sharoitida qahramonlik, javonmardlik, oilaparvarlik, millatparvarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar o‘rniga itoatkorlik, tashabbussizlik, hududiy mahdudlik, faqat topshiriqni bajarishga yo‘naltirilgan, o‘z tarixi, milliy mada-niyati, tili, qadriyatlarining kamsitilishiga befarq avlod shakllandi.

Mustaqillik tufayli milliy ruhni shakl¬lantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Aslida, mustamlaka davrlarida ham o‘zbek milliy ruhiyati turli qarshiliklarga duch kelgan bo‘lsa-da, sinmagan, butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan. Chunki qadimdan butun dunyoga o‘zining ma’rifatli so‘zini aytib kelgan, iligi to‘q, tafakkur tarzi shakllangan, ma’naviy-mafkuraviy jihatdan kuchli ekani boshqalar tomonidan e’tirof etib kelingan, o‘troq holatda yashab, insoniyat tamadduniga yuksak hissa qo‘shgan xalqni bir umr mustamlakada ushlab turish aslo mumkin emasdi. Shunday bo‘ldi ham.

Biroq har bir ijtimoiy-siyosiy davrning o‘z talablari, kutilmagan muammolari bo‘larkan. Bugungi ozodlik va erkinlik zamonida ham g‘oyaviy-siyosiy kurashlarning tobora avj olishi, yirik davlatlar va katta millatlar o‘rtasidagi manfaatlar kurashi mamlakatimiz va xalqimizga salbiy ta’sirini ko‘rsatyapti.

Ana shunday sharoitda barchamizni turli balo-qazolardan saqlab qola oladigan kuch o‘zbek milliy ruhiyatidir. Biz bunda, eng avvalo, milliy tariximiz, ma’naviyatimiz, xalqimizning ilg‘or vakillari aql-zakovati bilan yaratilgan milliy-madaniy, ilmiy meros, ayniqsa, milliy ruhiyatga o‘ta sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan omil — islom dini ta’limotlariga suyanishimiz yaqqol natija beradi, deyishimiz mumkin.

Yangi O‘zbekiston butun dunyoda o‘z bo‘y-bastini tobora baland ko‘tarib borayotgan bir davrda o‘zbek milliy ruhiyatini yanada boyitadigan, unga yengilmas kuch-qudrat baxsh etadigan fazilatlar shakllanmoqda. Ularning ba’zilari quyidagilardan iborat: yoshlikka xos kuchli shijoat, jo‘shqinlik, murakkab vazifalarni hal etish chog‘ida mardlik namunalarini ko‘rsatish, tadbirkorlik, o‘z ma’naviy ideallarini topish yo‘lidagi sobitqadamlik, ezgu orzu-¬niyatlarini harakatga aylantira bilish ko‘nikmasi, millat va mamlakat manfaatlari bilan shaxsiy manfaatlarini uyg‘unlashtira olish kabilar.

Madaniyatdagi milliy ruh har qanday holatda ham muayyan g‘oyalarga suyanishni talab qiladi. Prezidentimiz bu haqda bot-bot gapirib, bugun juda ko‘p mintaqalarda insoniy qadriyatlar yemirilib borayotgani, bunday sharoitda dunyoni ezgulik, mehr-shafqat, insoniylik qutqarishi, o‘z navbatida, ushbu vazifalar madaniyat va san’atning muhim g‘oyaviy quroli bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari mamlakat taraqqiyotida madaniyat va san’atning o‘rni benihoya katta ekaniga e’tibor qaratib, madaniyat ahlining vazifasi farzand-larimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuyg‘usini kuchaytirishdan iboratligini qayd etadi.

Madaniyat va san’atda milliy ruhning mavjudligi jamiyatda ijtimoiy muvozanatni ta’minlaydi. Har qanday insonni siyosiy xudbinlikdan asraydi, ma’naviy olamini buzg‘unchilikdan xalos etadi, aqlni tafakkur ojizligidan qutqaradi. Pirovard natijada davlat va jamiyat ma’naviy-mafkuraviy hayotida shakllanishi mumkin bo‘lgan turbulentlik holatidan ozod bo‘ladi.

Madaniyat va san’at asarlarida inson kamolotiga yetaklovchi g‘oyalarning yo‘qligi yoki bunday g‘oyaning vayronkorlik xususiyatga egaligi, o‘z navbatida, ushbu asarlarning badiiy-estetik jihatdan aynishiga sabab bo‘ladi. Bugungi kun nuqtayi nazaridan “ommaviy madaniyat”ning tobora urchib borishi, madaniyat va san’atda gedonistik g‘oyalarning ko‘payib borishi madaniyat va san’atda milliy ruhning shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bunday madaniyatdan odamlar beza boshlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyat ijtimoiy-ma’naviy muhiti barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ushbu masalalar haqida o‘ylar ekanmiz, o‘z-o‘zidan yana bir muhim holat ko‘z oldimizda gavdalanadi: madaniyat va san’atda milliy ruhni ilohiylashtirish masalasiga juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish lozim. Madaniyatda milliy ruhning yetishmasligi uning boshqa g‘oyalarga qaram bo‘lishiga olib keladi. Ayni paytda milliy ruhning haddan ortiq darajada ilohiylashtirilishi esa jamiyatda mafkuraviy-diniy bag‘rikenglikning qaror topishiga xalal berishi, ayrim holatlarda esa millatchilik kabi noxush vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu asnoda fikrimizcha, madaniyat va san’at taraqqiyotida milliy o‘zlik, milliy ruh masalasida maromiylik, mo‘tadillik o‘ta zarur.

Madaniyat va san’atdagi milliy ruh, nazarimda, “vatansizlik”, “dunyo fuqarosi” deb atalayotgan va oqibatda o‘z millati, vatanidan begonalashib borayotgan e’tiqodi sust yoshlarni emas, aksincha, yangi O‘zbekistonda yashayotganidan faxrlanadigan, shu yurt taqdirini o‘z taqdiri bilan bog‘lay oladigan, haqiqiy ma’nodagi chin vatanparvarlarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga tobora qaram bo‘lib borayotgan, natijada individualistik qarashlari oqibatida ijtimoiy mas’uliyatdan mosuvo bo‘lib borayotgan avlodni emas, yangi O‘zbekiston sharoitida “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” talablariga javob bera oladigan, ijtimoiylashgan, ayni paytda o‘zining individual qobiliyatlarini davlat va jamiyat manfaatlariga bo‘ysundira oladigan yangi avlodni shakllantirishga yordam beradi.

Qator-qator ajnabiy tillarni bilgani holda o‘zini eng zamonaviy “jahon odami” sifatida tutadigan, milliy tilda muloqotga kirishishni eskilik qoldig‘i tarzda talqin etadigan emas, aksincha, ming yillar mobaynida shakllangan, boyib borayotgan o‘zbek tilidan faxrlana oladigan yigit-qizlarni kamolga yetkazishni nazarda tutadi.

O‘zbek madaniyati va san’atida milliy ruh to‘g‘risida o‘ylaganimda ana shularni mulohaza qilaman.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor