Ular xalq tarixini aks ettiruvchi koʻzgu boʻlish bilan birga, tabiat va jamiyatning noyob, xilma-xil ashyolari xazinasi hamdir. Shu bois, soʻnggi yillarda poytaxtimiz, viloyat va tuman markazlarida tarixiy yoʻnalishdagi qator yangi muzeylar tashkil etildi. Mavjudlari taʼmirlandi. Muzeylarning ilmiy konsepsiyasi milliy gʻoya asosida qayta tuzilib, ekspozitsiyalari zamonaviy texnologiyalar uygʻunligida tubdan yangilandi.
Bugun
mamlakatimizdagi muzeylar soni (filiallari bilan birga) 138 tani tashkil
etmoqda. Hududlar kesimida eng koʻp muzey Toshkent shahri (30 dan ortiq),
Buxoro viloyati (19 ta), Fargʻona va Samarqand viloyatlari hissasiga toʻgʻri
keladi.
Ushbu muzeylardagi eksponatlar soni ham soʻnggi 30 yilda
qariyb ikki baravar koʻpaygan. 1996-yilda Sohibqiron Amir Temur
tavalludining 660-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Temuriylar tarixi
davlat muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi,
Hazrati Imom majmuasidagi ixcham kitoblar muzeyi, Aloqa tarixi muzeyi, Toshkent
politexnika muzeyi hamda Qurolli Kuchlar muzeyi kabi maskanlar xalqimizning milliy oʻzligini anglashi va maʼnaviyatini
yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Soʻnggi
yillarda sohaga yanada katta eʼtibor qaratilib, koʻplab yangi muzeylar
tashkil etildi. Xususan, Nukus shahri va viloyat markazlarida barpo etilgan
Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyining filiallari, 2020-yilda poytaxtimizda
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan Gʻalaba bogʻi
majmuasidagi “Shon-sharaf” muzeyi, shuningdek, 2020-yilda Oʻzbekiston tarixi
davlat muzeyining filiali sifatida tashkil etilgan Toshkent muzeyi yurtimiz
tarixining hali toʻliq oʻrganilmagan sahifalarini arxiv hujjatlari, noyob
eksponatlar va zamonaviy koʻrgazma vositalari orqali toʻlaqonli yoritib
berayotgani bilan keluvchilarning katta qiziqishiga sabab boʻlmoqda.
Bundan
tashqari, oxirgi
yillarda koʻplab
davlat va madaniyat arboblari hayoti hamda faoliyatiga bagʻishlangan muzeylar ochildi. Xususan, Toshkent shahridagi Erkin Vohidov uy-muzeyi, Margʻilon
shahridagi Erkin Vohidov memorial muzeyi, Jizzaxdagi Hamid Olimjon va Zulfiya
muzeyi, Shayxontohur tumani Samarqand darvoza koʻchasidagi Abdulla Qodiriy
uy-muzeyi, Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bogʻi hududidagi Abdulla Qodiriy
memorial muzeyi hamda Doʻrmon ijod uyi hududida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishi xalqimizning asl farzandlari, adabiyot va sanʼat ahliga
koʻrsatilgan yuksak ehtirom ifodasidir. Bu maskanlar yosh avlodda milliy
qadriyatlarga hurmat, Vatan va millat taqdiriga daxldorlik tuygʻularini
mustahkamlashda muhim vosita boʻlishi bilan birga, yangi Oʻzbekistonning
madaniy siyosati, milliy xotirani tiklash va milliy oʻzlikni anglash nuqtayi
nazaridan beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda
ushbu muzeylar mamlakatimizda madaniy turizmni rivojlantirishga ham xizmat
qilmoqda. Tahlillarga koʻra, soʻnggi yillarda muzeylar sonining ortishi va
eksponatlarning boyib borishi aholi hamda xorijlik sayyohlarning qiziqishini
yanada oshirib, keluvchilar oqimining koʻpayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi – yuksalish timsoli
Majmua
qurilishi va bezatish jarayoni 8 yil davom etdi. Darhaqiqat, Islom
sivilizatsiyasi markazi mahobati, ilmiy-maʼrifiy qimmati va meʼmorchiligi bilan
nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon dunyosi va xalqaro hamjamiyatning
diqqat markazidagi maskanga aylandi.
Markaz
ochilgan ilk kunlardan mintaqadagi eng gavjum madaniy maskanlardan biriga
aylandi. Hozir unga har kuni 5000 gacha mahalliy aholi vakillari va xorijliklar
bormoqda. Markaz jahon miqyosida qator nufuzli eʼtiroflarga sazovor boʻlib,
global ilmiy va madaniy maydondagi nufuzini tobora mustahkamlamoqda. 2025-yilda
markaz Yevropaning nufuzli mukofotlaridan biri boʻlmish “Prix Avicenne”
mukofotiga loyiq deb topildi.
“Smithsonian
Magazine” talqiniga koʻra, Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilda dunyoda eng
katta qiziqish bilan kutilayotgan TOP-10 muzey loyihasi qatoridan joy oldi.
“Prix
Versailles” talqiniga binoan 2026-yil uchun dunyodagi eng goʻzal muzeylarning
global roʻyxatiga kiritildi. Tanlov tashkilotchilari maʼlumotiga koʻra, Islom
sivilizatsiyasi markazi nafaqat ushbu roʻyxatga kiritilgan, balki 2026-yil
yakunida eʼlon qilinadigan uchta oliy jahon mukofotidan biri — “Grand Prix
Versailles”, “Interyer” yoki “Eksteryer” nominatsiyalaridan biriga daʼvogarlik
qilish huquqini ham qoʻlga kiritgan. Mukofot gʻoliblari yil yakunida Parijdagi
YUNESKO qarorgohida eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.
“BBC Travel”
nashri Islom sivilizatsiyasi markazini 2026-yilda ochilishi eng koʻp
kutilayotgan 6 ta muzey qatoriga kiritdi. Nashrga koʻra, markaz VII asrga oid
Usmon Qurʼoni va 2000 dan ortiq noyob qoʻlyozmaga ega boʻlishi bilan birga,
sunʼiy intellekt hamda VR (virtual borliq) texnologiyalari yordamida tarixni
interaktiv tarzda namoyish etishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
2026-yil aprelda Islom sivilizatsiyasi markazi rasman Ginnesning rekordlar kitobidan joy
oldi. Majmua ushbu nufuzli reestrga “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi
muzeyi” nominatsiyasi boʻyicha kiritildi.
Atrofimizdagi
odamlar bilan sayohat haqida suhbatlashganimizda, odatda Oʻzbekiston
shaharlaridagi diqqatga sazovor manzillar, ayniqsa, hududlarning oʻziga xos
milliy taomlari haqida koʻp gapiradi, ammo muzeylar toʻgʻrisida gap ochilganini
kam kuzatamiz. Vaholanki, yurtimizdagi aksariyat muzeylarga kirish uchun chipta
narxi 1 soatlik avtoturargoh uchun toʻlov narxidan qimmat emas.
Shu oʻrinda
muzeylarga bagʻishlangan turkum koʻrsatuvlar va ijtimoiy tarmoqlar uchun maxsus
targʻibot lavhalari tayyorlanib, doimiy targʻibot ishlari olib borilsa, taʼlim
muassasalari va mehnat jamoalari tomonidan uyushgan holda muzeylarga sayohatlar uyushtirilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Elbek NORMOʻMINOV,
Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi boshligʻi,
mayor