Nega to‘yib uxlash yoki dam olish kunlari ham bizga kuch bag‘ishlay olmayapti? Buning ortida qanday yashirin tibbiy, psixologik va ijtimoiy sabablar yotibdi? Ushbu maqolada ana shu savolllarga birgalikda javob izlaymiz.

Zamonaviy hayot sur’ati tezlashgani sayin charchoq ko‘pchilikning doimiy hamrohiga aylanib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi, salomatlik va strategik rivojlanish instituti matbuot kotibi Mavluda Toshpo‘latova bilan bo‘lgan suhbatimizda, mutaxassisimiz doimiy charchoq faqat ko‘p ishlash oqibati emasligi, uning sabablari turlicha bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

— Nega bugungi kunda odamlar avvalgiga nisbatan tezroq charchab qolmoqda? Bu holatning asosiy sabablari nimada?

— Avvalam bor buning birinchi sababi bu — uyqu yetishmasligidir.

Kattalar uchun kuniga 7–8 soat sifatli uyqu tavsiya etiladi. Kech yotish, telefon va ijtimoiy tarmoqlardan uzoq vaqt foydalanish uyqu sifatini pasaytiradi.

2. Noto‘g‘ri ovqatlanish, nonushtani o‘tkazib yuborish, tez tayyor ovqatlar, ortiqcha shakar va yog‘li mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish organizmni yetarli energiya bilan ta’minlamaydi.

3. Suvsizlanish (degidratatsiya). Organizmda suv kamayganda inson o‘zini holsiz, diqqati tarqoq va charchagan his qilishi mumkin.

4. Kamharakat turmush tarzi kun bo‘yi o‘tirib ishlash mushaklar va yurak-qon tomir tizimi faolligini pasaytiradi. Natijada inson tez charchaydi.

5. Stress va ruhiy zo‘riqish. Doimiy xavotir, ishdagi bosim, oilaviy muammolar organizmning energiya zaxiralarini kamaytiradi.

6. Vitamin va minerallar yetishmovchiligi. Temir tanqisligi, D vitamini, V guruhi vitaminlari va magniy yetishmasligi charchoqning keng tarqalgan sabablaridan hisoblanadi.

7. Surunkali kasalliklar. Qandli diabet, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, yurak-qon tomir va boshqa kasalliklar ham doimiy charchoqqa sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik charchoqni odamning yoshi, ish hajmi yoki ob-havo bilan izohlashga odatlangan. Ammo doimiy charchoq organizmning muhim signali bo‘lishi mumkin. Uni e’tiborsiz qoldirmaslik, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va zarur hollarda mutaxassisga murojaat qilish salomatlikni saqlashning muhim shartidir.

— Charchoqni kamaytirish uchun nima qilish kerak?

— Har kuni bir vaqtda uxlash va uyg‘onishga odatlaning.

Kunni to‘yimli nonushta bilan boshlang.

Ratsionga ko‘proq sabzavot, meva, butun donli mahsulotlar va oqsil manbalarini kiriting.

Xar kuni kamida 1,5–2 litr suv iching, 30 daqiqa jismoniy faollik bilan shug‘ullaning.

Telefon va kompyuter ekranlaridan foydalanish vaqtini cheklang.

Stressni kamaytirish uchun sayr qilish, kitob o‘qish, yaqinlar bilan muloqot qilishga vaqt ajrating.

— Yod yetishmovchiligi ham toliqishga sabab bo‘ladimi?

— Ha, yod yetishmovchiligi ham charchoq sabablaridan biri bo‘lishi mumkin.

Yod qalqonsimon bez gormonlari ishlab chiqarilishi uchun zarur mikroelement hisoblanadi. Agar organizmda yod yetishmasa, qalqonsimon bez faoliyati sekinlashishi mumkin. Bu esa quyidagi belgilarga olib keladi:

Doimiy charchoq va holsizlik;

Uyquchanlik;

Ish qobiliyati va diqqatning pasayishi;

Xotiraning susayishi;

Sovuqqa sezgirlikning oshishi;

Vazn ortishi;

Terining quruqlashishi va soch to‘kilishi.

Shuning uchun doimiy charchoq haqida gap ketganda, sabablar qatorida yod yetishmovchiligi va qalqonsimon bez kasalliklarini ham tilga olish maqsadga muvofiq.

— Ortiqcha xarajatsiz qanday qilib tetik yurish mumkun?

— Tetiklikning eng arzon va samarali manbai — yetarli uyqu, toza havo, jismoniy faollik, oddiy va muvozanatli ovqatlanishdir. Qimmat energetik ichimliklar yoki mo‘jizaviy vositalar emas, aynan shu odatlar insonga tetiklik beradi.

Kunni suv ichish bilan boshlash, organizmni uyg‘otishga yordam beradi.

Ko‘proq harakat qilish lozim. Hatto 10–15 daqiqalik tez yurish ham qon aylanishini yaxshilab, energiyani oshiradi.

Nonushtani o‘tkazib yubormang. Tuxum, qatiq, tvorog, dukkaklilar kabi oqsilga boy mahsulotlar uzoq vaqt to‘qlik va quvvat beradi.

Meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling.

Mavsumiy mahsulotlar hamyonbop bo‘lib, vitamin va minerallarga boy hisoblanadi.

Quyosh nuridan bahramand bo‘ling. Kunduzi 15–30 daqiqa ochiq havoda sayr qilish kayfiyat va faollikni yaxshilaydi.

Kofega ortiqcha tayanmang. Kofe vaqtincha tetiklik berishi mumkin, ammo yetarli uyqu va sog‘lom ovqatlanishning o‘rnini bosmaydi.

Stressni kamaytiring. Yaqinlar bilan suhbat, yoqimli mashg‘ulotlar ruhiy charchoqni kamaytiradi.

Yodlangan tuzdan foydalaning. Yod qalqonsimon bez faoliyati uchun muhim bo‘lib, energiya almashinuvida ishtirok etadi, — deya ta’kidlaydi mutaxasis.

Biologik faol qo‘shimchalar – dori emas, ular kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Siz qabul qilayotgan preparatlar va biologik faol qo‘shimchalar ham organizmingizga ta’siri bo‘ladi. Bular esa har doim ham kuch-quvvat manbai bo‘lmaydi.

Bular esa har doim ham kuch-quvvat manbai bo‘lmaydi.

— Charchoqni kamaytirish uchun nimalar iste’mol qilish kerak?

— Qimmat import mahsulotlar shart emas. Organizmga quvvat berish uchun oddiy va hamyonbop mahsulotlar ham yetarli:

Tuxum – yuqori sifatli oqsil manbai, uzoq vaqt to‘qlik va energiya beradi.

Loviya, mosh, no‘xat, yasmiq – oqsil, temir va ozuqa tolalarga boy bo‘lib, uzoq muddat quvvat beradi.

Grechka, sulӣ (ovsyanka), jo‘xori yormasi – energiyani sekin ajratadi va tez och qolishning oldini oladi.

Qatiq, kefir, suzma, tvorog – oqsil va kalsiy manbai.

Mavsumiy meva va sabzavotlar – vitaminlar va minerallar bilan ta’minlaydi. Qimmat mevalar shart emas, olma, o‘rik, shaftoli, sabzi, karam, lavlagi ham juda foydali.

Baliq – imkoniyat bo‘lsa haftasiga kamida bir marta iste’mol qilish foydali.

Yong‘oq va urug‘lar – oz miqdorda ham organizmga foydali yog‘lar va minerallar beradi.

Toza suv – ba’zan charchoqning sababi shunchaki suvsizlanish bo‘lishi mumkin. — deya ta’kidlaydi mutaxassis Mavluda Toshpo‘latova

Shu o‘rinda yana bir eslatma!

Lift o‘rniga zinadan foydalanishga harakat qiling, gazli va juda shirin ichimliklarni cheklang, tamaki va alkogoldan voz keching va muntazam profilaktik tibbiy ko‘riklardan muntazam o‘tib turing.

Charchoqni odatiy holat deb qabul qilmaslik lozim. Organizm orqali berilgan har bir signalga e’tibor berish — salomatlikni asrashning birinchi qadami.

Madina Botirjonova