Andijon maydoni jihatidan kichik, aholi eng zich joylashgan viloyatlardan biri. Shu bois, hududda har bir qarich yerdan samarali foydalanish, adirliklarni oʻzlashtirish va yangi sanoat maydonlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xoʻjaobod tumanida 300 million dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan “Andijon texnoparki” ana shunday yirik loyihalardan biridir. Adirliklarni oʻzlashtirish evaziga ajratilgan 100 gektar maydonda 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Sanoat zonasi toʻliq ishga tushgach, 3 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yiliga 50 dan ortiq turdagi 200 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, budjetga 160 milliard soʻm tushum taʼminlanadi. Viloyatning eksport salohiyati esa 50 million dollarga oshadi.

Sanoat zonasida Xitoyning “Sanchuan” kompaniyasi tomonidan “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish korxonasi barpo etildi. Qiymati 25 million dollar boʻlgan loyiha toʻliq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarining 80 foizi robotlashtirilgan.

“Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan 5G texnologiyasi asosidagi “aqlli” hisoblagichlar suv sarfi va sifati, qurilmalarning texnik holati hamda balansni onlayn kuzatish imkonini beradi.

Korxonada yiliga 15 turdagi 1 million dona “aqlli” suv hisoblagich ishlab chiqariladi. Ular suv toʻplanishining oldini oluvchi maxsus konstruksiya va sovuqqa chidamli korpus bilan ishlab chiqariladi.

Shuningdek, bu yerda dual taʼlim dasturi ham yoʻlga qoʻyilgan.

Mahalliylashtirish darajasini 2030-yilga qadar 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda sanoat zonasida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtiriladi.