Bu haqda Oʻzbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari va kollej rahbariyati oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda maʼlum qilindi.
Vashington shtatining Obern shahrida oʻtkazilgan muzokaralarda kollej prezidenti vazifasini bajaruvchi Jorj Freyzer hamda xalqaro dasturlar va qoʻshimcha taʼlim boʻyicha vitse-prezident Vendi Styuart ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlari, yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish va xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ishlar haqida maʼlumot berildi.
Kollej rahbariyati ushbu islohotlarni yuqori baholab, oʻzbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralarda «1+1+2» taʼlim моделига alohida eʼtibor qaratildi. Unga koʻra, talaba dastlabki bir yilni Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kampusda, keyingi bir yilni «Green River College»ning AQSHdagi asosiy kampusida oʻqiydi. Shundan soʻng yana ikki yil davomida AQSH universitetida bakalavriatning 3–4-kurslarida tahsilni davom ettirishi mumkin.
Kollej vakillarining taʼkidlashicha, qabul, yosh, til va akademik talablar bajarilgan taqdirda, mazkur yondashuv 9-sinf bitiruvchilariga toʻrt yil ichida toʻliq oʻrta taʼlimni yakunlash va bakalavr darajasini qoʻlga kiritish imkonini berishi mumkin.
Uchrashuvda, shuningdek, axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot ishlab chiqish, kiberxavfsizlik, buxgalteriya va aviatsiya yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni joriy etish, talabalar va oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Kollej rahbariyati Oʻzbekistondagi manfaatdor taʼlim muassasalari bilan bevosita muloqot boshlashga tayyorligini maʼlum qildi.
«Green River College» 1945 yilda tashkil etilgan. Taʼlim muassasasi boshqa oliy oʻquv yurtlariga oʻtish dasturlari, kasbiy va texnik taʼlim, amaliy bakalavriat dasturlari hamda tayyorlov kurslarini taklif etadi. Ayni vaqtda kollejda 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.