Ikki kun davomidagi dasturdan C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi, mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan ikki tomonlama muzokaralar hamda Amerika biznesining 200 nafardan ortiq yetakchisini birlashtirgan savdo delegatsiyasi ishtiroki o‘rin oldi.

Endi, aziz o‘quvchilar, ushbu sammit nima uchun nafaqat protokol nuqtayi nazaridan, balki boshqa jihatlardan ham muhim ekani haqidagi ayrim mulohazalarimni sizlar bilan bo‘lishmoqchiman.

Avvalo, ramziy ma’noga to‘xtalmoqchiman. Qadimdan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan ko‘hna Samarqand yana xalqaro diplomatiyaning asosiy maydonlaridan biriga aylanmoqda. Marko Rubio Samarqandni jahon savdosining tarixiy markazi deb atadi. U Registon majmuasiga tashrifi chog‘ida shunday dedi:

«Yer yuzida tarixan jahon savdosida Samarqandchalik muhim o‘rin tutgan joylar ko‘p emas. Bugun nafaqat tarixni yodga olish, balki kelajakda oldimizda ochiladigan imkoniyatlar haqida fikr yuritish uchun ham ushbu go‘zal majmuada bo‘lish men uchun katta sharaf», — dedi Davlat kotibi.

Davlatimiz rahbari ham ushbu sammitning tarixiy ahamiyatini ta’kidlab, ilgari hech qachon bunchalik ko‘p yirik amerikalik tadbirkorlar mamlakatimizga bir vaqtning o‘zida tashrif buyurmaganini qayd etdi.

Endi natijalar haqida. Amerika — O‘zbekiston biznes va investitsiyalar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha 54 ta kelishuvdan iborat hujjatlar paketi imzolandi. Ularni amalga oshirish doirasida 12 milliard dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu jarayonda GE Aerospace, Wabtec, BlackRock, Citigroup, shuningdek, konchilik va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amerikalik investorlarga plug and play («tayyor infratuzilmaga ulan va ish boshla») modelini taklif qildi. Ya’ni investorlarga tayyor maydonlar, infratuzilma, ruxsatnomalar va zarur hujjatlar taqdim etiladi.

Bu jarayonda qarama-qarshi yo‘nalishdagi harakat ham kuzatilmoqda. Rubio ta’kidlaganidek, AKFA Group AQShning Kentukki shtatiga 80 million dollar investitsiya kiritmoqda. Bu O‘zbekiston kompaniyasi tomonidan AQShda bunday yirik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning birinchi holati bo‘ladi.

Savdo aloqalaridagi jadal o‘sish statistikada ham o‘z aksini topmoqda: 2026-yil boshidan buyon AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi.

Kritik minerallar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Rubio Vashington ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilishga intilayotganini tushuntirib, bitta manbaga qaram bo‘lib qolishni oqilona yondashuv emas, deb atadi. Kamida 3 trillion dollarga baholanayotgan boy mineral-xomashyo bazasiga ega O‘zbekiston uchun bu jiddiy imkoniyatdir.

Shu o‘rinda so‘nggi vaqtlarda kritik minerallar masalasi nima uchun jahonning yirik davlatlari kun tartibida tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganiga alohida to‘xtalmoqchiman.

Oddiy qilib aytganda, kritik minerallar — zamonaviy iqtisodiyotni ularsiz tasavvur etib bo‘lmaydigan metallar va boshqa resurslardir. Litiy, kobalt, nikel va grafit elektromobillar hamda smartfonlar akkumulatorlarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Mis elektr tarmoqlari va sun’iy intellekt uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar markazlarida ishlatiladi. Nodir yer metallari esa elektromotorlar, shamol turbinalari, aviatsiya texnikasi va qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kuchli magnitlar tarkibiga kiradi.

Bu materiallar bo‘lmasa, chiplar ham, batareyalar ham, samolyotlar ham, sun’iy intellekt ham bo‘lmaydi.

Bu yerdagi paradoks shundaki, konlarning mavjudligi o‘z-o‘zidan muammoni hal qilmaydi. Bugungi kunda jahon oldida turgan asosiy muammo — qayta ishlash, ya’ni rudani tayyor metallga aylantirish jarayonidir. Qaramlik ham aynan shu bosqichda jamlangan...

Sherzodxon Qudratxo‘ja,

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori,

siyosiy fanlar doktori, professor