Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida kompleks chora-tadbirlar o‘tkazildi.
Uning natijasida Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida 1 kg 185 gramm «gashish» moddasini shartli xaridorga 26 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 21 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, giyohvandlik moddasini u bilan birga Surxondaryodan poytaxtga olib kelgan «Cobalt» avtomashinasi haydovchisi — denovlik, muqaddam o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan sherigi ham mehmonxona yonida qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.