Osmonga qarab, yulduzlarni tomosha qilgan boʻlibdi. Soʻng asta kelib qayigʻiga oʻtiribdi-da, tevarak-atrofni yana bir qur koʻzdan kechirgach, ikki yondagi eshkaklarni qoʻlga olibdi. Ha, hammasi yozilganidek aniq-tiniq koʻrindi menga.
Chol ohista eshkak
esha boshlabdi. Avvaliga sustroq, bir maromda, keyin esa navqiron bir gʻayrat
bilan. Shamol uvillashiyu chiyaboʻrilarning chiyillashi nogahon suv shovqiniga
— mavjlanayotgan toʻlqinlar sasiga qorishib ketibdi. Shalop-shulup,
shalop-shulup… Oy yogʻdusida charx urayotgan dengiz qushlari — chagʻalay va
oqchorloqlarning suvga toʻsh urib uchishi, kumush qanotlari nimqorongʻida
yalt-yult akslanib koʻzga chalinadi. Chol bir zamon eshkak eshishdan tinib, suv
tegmaganiga ming yillar boʻlgan qayiq ichidan uzun allanimani olibdi-yu, uzoqni
chamalab uni havoga — “dengiz”ga uloqtiribdi.
“Tanho qayiq”da
tasvirlar qanday edi: “Baliqchi kaftlarini quloqpana qilib pastga engashgan —
nimadir sasni eshitmoqchi… Sukunat, sukunat… Bir payt qayiq chetida koʻndalang
yotgan egma xoda qimirlab ketib, shalop-shulup tovush chiqaradi. “Baliqchi”
shosha-pisha xodani “suv”dan koʻtaradi. Naqd tumshugʻidan ilingan laqqa oy
yorugʻida bilanglab turibdi!.. Orol bobo uni zavq bilan aylantirib tomosha
qilarkan, berganingga shukr, berganingga shukr, Tangrim, deydi shodon”.
Xuddi shunday.
Faqat cholning oʻrnida oʻzim edim. Juda uzoq suzibman, bir vaqt orqaga
oʻgirilib qarasam, qirgʻoq uzun yashil qiyqaga oʻxshar, uning ortida och
zangori tepalar choʻzilib ketgan edi. Suvga uzoq tikildim. Zim-ziyo dengiz
qaʼrida planktonlarning qizgʻimtir jilvalari hamda quyosh nurining ajib
tovlanishini koʻrardim. Nurning suvdan akslanib chiqayotgan tovlanishi ham
xuddi qirgʻoq tarafda osilib turgan bulut avzoyi kabi yaxshi havo boʻlishidan
darak berardi. Keyin aloq-chaloq tasvirlar bilan uygʻonib ketdim. Dimogʻimga
dengiz hidi urildi…
* * *
Yoʻltanlamas yapon
ulovlaridan biriga chiqdik. Mashina shu qadar abgor va eski ediki, u Orol
dengizining asov toʻlqinlari shahar etagini yuvib, bandargohda baliqchi kemalar
qantarilgan holda turgan zamonlarni koʻrgan boʻlsa, ajabmas. Yoʻl boʻyi ancha
yil ilgari kelib ketgan jurnalistlarning fikrlarini ochiq platformalarda oʻqib
ketaman. Mana, masalan, biri bunday yozgan: “Men eski, shaloq poyezdda
Orolboʻyi choʻllari boʻylab ketyapman. Darcha ortidagi manzara soatlab
oʻzgarmaydi: sariq-boʻz chalachoʻl, beton simyogʻochlar, chang bosgan
giyohlarni oʻychan kavshayotgan ogʻirkarvon tuyalar. Kamina Qiziloʻrdadan
otlanib, bir zamonlar bahaybatligi uchun dengiz nomini olgan koʻl sohilida
boʻlgan Orol shahriga boryapman…”. Tagʻin boshqasi yozgan: “Orolning qurigan
tubida yiliga 90 kundan ortiq davr mobaynida boʻron turadi hamda 100 million
tonnadan ortiq chang va zaharli tuzni atmosferaga koʻtarib, minglab kilometrga
yoyib yuboradi. Hatto uning namunalari Antarktida sohillari, Grenlandiya
muzliklari, Norvegiya oʻrmonlari va Yer sayyorasining koʻplab boshqa
nuqtalarida topilmoqda…”. Oʻqiyman-u, darhol tashqaridagi bugungi vaziyat bilan
solishtiraman. Toʻgʻri, tashqarida qotib qolgan toʻlqinlarni eslatuvchi qum
barxanlari uzra millionlab mayda chigʻanoqlar qirsillaydi, shamol vahimali
gʻuvillaydi. Bir paytlar turgan joyimizda 60 metr balandlikdagi suv boʻlganini
oʻylab xoʻrsinamiz. Biroq toʻrt tomonimizni oʻrayotgan hadsiz yashil
toʻqayzorlarni koʻrib, ushbu zaminga tiriklik yangi shaklda qaytayotganini
anglaymiz.
* * *
Orol dengizi yoʻq
boʻlib ketishi natijasida bugun millionlab gektar maydonda Orolqum shoʻr choʻli
yastanib yotibdi. Ushbu maydon zaif ekologik tizim boʻlib, atrof-muhitga ham,
mahalliy aholining sogʻligʻiga ham tahdid soladi. Orol dengizi qurib
ketishining salbiy oqibatlarini yumshatish, mintaqa aholisining turmush
sharoiti va sifatini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan
biri sifatida belgilandi. 2021-yil 18-mayda Prezidentimiz taklifi bilan BMT
Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va
texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasi qabul
qilindi.
Keyinchalik,
2022-yil yanvarda Oʻzbekiston hukumati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish
boʻyicha kompleks “yoʻl xaritasi”ni qabul qildi. Shuningdek, 2018-yilda Orol
dengizining qurib qolgan qismida oʻrmonlar barpo etish dasturi boshlangan
boʻlib, bugun dengizning qurigan maydoni millionlab tup saksovul bilan
qoplangan. Shu bilan birga, keyingi barqaror chora-tadbirlarga asos qoʻyish
uchun ekologik ofat zonasining hozirgi holati va u yerda sodir boʻlayotgan
oʻzgarishlar haqida ilmiy maʼlumotlarga asoslangan toʻliq tushunchaga ega
boʻlish maqsadida qurigan dengiz tubida monitoringlar boshlandi. Tuproqni
baholash va tasniflash ishlari bajarildi. Tuproq xaritasi tuzildi. Tuz va chang
tarqalishi mumkin boʻlgan hududlar aniqlandi. Tuproq qoplamining hosil boʻlish
sharoiti va yoʻnalishi belgilandi.
Orol dengizining
qurib qolgan hududlarida koʻchma qum va shoʻrxok yerlarni mustahkamlash
maqsadida istiqbolli oʻsimlik turlarini ekish orqali ekotizim va yerlarning
rekultivatsiyasini yaxshilash uchun fitomelioratsiya ishlarini bajarishga doir
yondashuvlar ishlab chiqildi.
— Choʻllanishning
oldini olishda saksovulzorlarni kengaytirishning ahamiyati katta, — deydi
Moʻynoq davlat oʻrmon xoʻjaligi rahbari Alisher Bekmurodov. — Orolboʻyi
hududida barpo etilgan 2 yillik saksovulzorda shamol taʼsirida qum koʻchishi 20
foiz, 5 yilligida 80 foiz, 7 yillik saksovulzorda esa toʻliq toʻxtaydi.
Natijada Orolboʻyi mintaqasida iqlim moʻtadillashadi, aholining yashashi uchun
ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi taʼminlanadi. Birgina saksovulning
atrof-muhit musaffoligini taʼminlashdagi xizmati juda katta. Bir gektar
maydondagi toʻrt yillik saksovulzor 1158 kub metr kislorod ajratib chiqaradi.
1960-yillargacha
Orol dunyodagi toʻrtinchi yirik koʻl edi. Uning maydoni 69 ming kvadrat
kilometr boʻlib, Amudaryo va Sirdaryo suvi hisobiga toʻyinardi. Dengiz
baliqchilik va kemachilik bilan shugʻullanadigan oʻn minglab odam uchun
tirikchilik manbai edi. Biroq XX asrning oʻrtalarida, qishloq xoʻjaligi
maydonlarini sugʻorish uchun daryolardan katta hajmda suv olish boshlanganidan
soʻng Orol sayozlasha boshladi. 1989-yilga kelib, u shimoliy va janubiy
qismlarga ajraldi.
2014-yili Orol
maydoni dastlabki hajmiga nisbatan 10 foizgacha qisqardi. Suv havzasi oʻrnida
6,2 million gektardan ortiq maydonni egallagan Orolqum choʻli paydo boʻldi.
Bu falokat
baliqchilik sanoati va portlarning vayron boʻlishiga olib keldi, minglab odam
ishsiz qoldi. Eng katta xavf esa qurigan tubdan havoga koʻtarilayotgan tuz va
chang boʻroni boʻlib, ular zaharli zarrachalarni yuzlab kilometrga tarqatib,
atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazdi.
Mintaqaning
rivojlanishi faqat koʻkalamzorlashtirish bilan cheklanmaydi. Turizm
Orolboʻyidagi istiqbolli yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda. Orol dengizining
noyob manzaralari va boy tarixi nafaqat Oʻzbekistonning turli hududlaridan,
balki xorijdan ham sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda. Bundan tashqari,
mintaqada anʼanaviy faoliyat turlari ham rivojlanmoqda. Jumladan, oqsil
qoʻshimchalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan artemiya olish, shuningdek,
oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida keng qoʻllanadigan qizilmiya tayyorlash
ishlari kengaydi.
Bu kabi loyihalar
Orolboʻyi hududining iqtisodiy tiklanishiga turtki berayotir. Eng muhimi, bu
yerda yashovchi aholiga yangi ish oʻrinlari ochilib, bir vaqtlar dengiz bilan
tirik boʻlgan yurtdan odamlar koʻchib ketmay, aksincha, u yerda yashash va
qolishga umid uygʻotdi.
* * *
Moʻynoqdagi “Yangi
Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari tadbirida bir ayol shu
yaqin atrofda soʻnggi baliqchi istiqomat qilishini, biroq hozir bir oz tobi
yoʻqligini aytdi. Tadbir davomida uning qizi “Orol baliqchisi” bosh muharriri
Saypjamal opa ekanini bilib oldim. Olomon siyraklashgach, oldiga bordim. Uning
gaplarini tinglarkanman, eng oxirgi boʻlish kayfiyatini tushungim, eshitgan
quloqqa erish tuyular, oʻz tanimda his qilib koʻrgim kelardi. Boisi, vaqt va
makon oraligʻidagi muallaq bir holat — oxirgi boʻlish hissi chekingan
dengizning ulugʻvorligini tushunishimga koʻmaklashardi.
— Orol dengizi
soʻnggi oʻn yilliklar davomida Moʻynoqdan 140 kilometr uzoqlashdi va endi
shahar dengizsiz hayot tarziga moslashdi, — deydi Saypjamal Shaddinova. — Bu
yerlarda dengiz boʻlganini faqat zanglagan kemalar, Orolning eski xaritalari va
saqlanib qolgan langar eslatadi. Bir paytlar bu yerda suv shaloplab, qayiq
motorlari taraqlab, baliqchilar toʻr tortganiga ishonish qiyin. Otam — Ali
Shaddinovning aytishicha, havo baliq hidi bilan toʻlib, kema sirenalarining
tovushi shahar boʻylab yangragan ekan. Qoraqalpoq yozuvchisi Asan Begimovning
“Baliqchining qizi” romani Orol dengizi atrofida yashovchi baliqchining qizi
Oyqiz va uning sevgilisi Doʻstbergen haqida yozilgan. Doʻstbergen Orol
dengizida poʻrtanalar bilan olishib baliq ovlaganida:
Sazanning
shoʻrvasin ichsangiz boldek,
Aq marqaning har
biri qoʻydek.
Dengizda ilaqa
suzadi oydek,
Bekire kesmasi
belingga darmon.
Yeganning koʻnglida
qolmaydi armon,
deb qoʻshiq
kuylaydi. Bu qoʻshiqdagi oq marqa, bekire kabi baliq turlari hozir yoʻq boʻlib
ketgan. Romandagi mana shu satrlarni oʻqiganimda, Orolning men koʻrmagan
toʻlqinlarini sogʻinaman.
Otamning
aytishicha, moʻynoqlik ayollarning koʻpi Orol baliqni qayta ishlash zavodida
ishlagan. Katta zavod boʻlgan. Butun shahar shu korxona tufayli bunyod
qilingan. Orol toʻla boʻlgan yillari baliq zavodida salkam 3000 kishi ishlagan
ekan. Dengizdan suv qochgach, bu korxonalarning barchasi yopilib ketdi…
Bugun oʻsha zamon
shiddatidan ortda qolgandek tuyulgan “oraliq hudud”ga boqsangiz, tabiat va
inson irodasining butunlay yangi manzarasiga guvoh boʻlasiz. Orolqum bugun
“yashil qalqon” — Oroltoʻqayga aylanmoqda. Tuzli toʻzonlar yoʻlini toʻsayotgan
saksovulzorlar, jingʻilzorlar tabiatning yangi hayot shakliga doʻnayotganidan
darak beradi. Bu ulkan evrilishlar fonida Moʻynoqning oʻzida ham misli
koʻrilmagan katta ishlar bajarildi. Shaharga yangi sanoat tarmoqlari kirib
keldi. Obod boʻlayotgan mahallalardagi odamlarda ertangi kunga ishonch paydo
boʻldi. Bilsangiz, ishonch biz uchun dengiz qadar katta tushuncha.
Vaqtida bu had-hududsiz
choʻldan bosh olib ketish payida boʻlgan, kelajagini faqat koʻchishda koʻrgan
odamlarning koʻnglida otamakonga bogʻlanish tuygʻusi qayta uygʻondi. Ular ortga
chekinishda davom etayotgan dengiz fojiasi bilan birga oyoq ostida qayta
tirilayotgan tuproqning imkoniyatini, xususiyatini koʻra boshladi. Zero,
Orolning taqdiri faqat yoʻqotish va yoʻqolishdan iborat emas, balki yangicha
yashash, kurashish va gʻolib chiqish ekanini mana shu zamin odamlari oʻz hayoti
misolida isbotlamoqda. Bunday iroda va matonat esa, shubhasiz,
qoraqalpoqlarning qon-qoniga singib ketgan tarixiy xarakter mahsulidir.
Xalqimizning
feʼl-atvori, urf-odatlari, dunyoqarashi haqida teranroq boʻylab, oʻzimcha
mushohada qilib koʻraman. Xalqimiz tarix oʻyinlarida sarsari koptokdek dunyoning
u chekkasidan bu chekkasiga, u makondan bu makonga koʻp badargʻa boʻlgan.
Bobolarimiz davrlar toʻfonlarida goh ummonlar qaʼriga choʻkib, goh yana yuzaga
qalqib chiqib, har gal omon qolib yashayvergan. Qoraqalpoq tarixi — yarim
koʻchmanchi, mabodo qoʻnim topgudek boʻlsa, mehnatdan boʻyin tovlamaydigan
dehqonning tarixi, saraton otashida kuyib, togʻ-toshlarda tovoni tilinib mol
haydagan choʻponning tarixi. Bu xalqning tarixini yozgan harflar — vatandan
vatanga darbadar kezgan paytlarida qoʻnoq joylarda qolgan oʻchoqlar, uning oʻz
tarixini yozgan qalamlari — yangi makonini gullatib-yashnatish umidida yer
haydagan omoch-boʻyinturuqlari. Bu xalqning feʼl-atvoridagi allanechuk
olazaraklik — qoʻsh haydaganda bir koʻzi omochida, ikkinchi koʻzi ortida, qoʻnsa
— bir koʻzi uyquda, ikkinchisi notinch yotganining natijasi.
Odamzodning bosib
oʻtgan yoʻli, koʻrgan-bilganlari, hayotiy tajribalari bir-birining davomiga,
yagona ummonga kelib quyiluvchi daryoning har xil irmoqlariga oʻxshaydi. Ayni
paytda har birining qismati oʻxshash, shuningdek, biri ikkinchisini yorqinroq
koʻrsatuvchi turfa ranglardan iborat kamalakni eslatadi. Agar insoniyat
tarixini bepoyon ummonga qiyoslasak, unga kelib quyiluvchi daryoyu
irmoqlaridan birida, garchi koʻzga yaqqol tashlanavermasa-da, harqalay
xalqimning ham nomi borligi odamni quvontiradi.
* * *
…Dengiz shunday
nafas oladi. Dengiz va qirgʻoqning qizgʻin toʻqnashuvidan hamisha pagʻa-pagʻa
hovur koʻtarilib turadi.
Quyosh ikki terak
boʻyi koʻtarilganda bir qayiq dengizga tushdi. Unda ikki baliqchi bilan bolakay
bor edi. Ovchilardan biri yosh, norgʻul yigit yakka oʻzi eshkak eshib borardi.
Qayiq quyrugʻida yuzi qoʻngʻir tus olgan, qotma, kekirdagi turtib chiqqan,
manglayi va ayniqsa, boʻynini taram-taram ajin bosgan, kaftlari ham yirik,
suyakdor panja boʻgʻinlari yongʻoqday shishib chiqqan keksa ovchi qayiqni
boshqarib borardi. Qoraygan yuzida oqish qoshlari koʻzga aniq tashlanardi.
Cholning yoshlanib, qizargan koʻzlari odatdagiday qisilgan — umr boʻyi quyosh
nuri tushib koʻzni qamashtiruvchi suv yuziga qarayverib oʻrganib qolgan, u
qayiqni goʻyo koʻr-koʻrona haydayotganga oʻxshardi. Qayiqning narigi
tumshugʻida oʻn toʻrt yoshlardagi koʻkkoʻz bola choʻnqayib oʻtirib olgan:
ora-sira kattalarga shoshib qarab qoʻyar, joni ichiga sigʻmay oʻzini zoʻrgʻa
tutib oʻtirar, dengizga ilk bor chiqayotganini tipirchilab bildirishdan oʻzini
tiyib turardi…
* * *
Toʻrtinchi kuni qayiq ortga qaytdi. Bola toʻyda yurganday diqqatini yigʻolmas, butun vujudi, fikru zikri sodir boʻlgan oʻzgacha taassurotlar bilan toʻlib-toshgan edi. Suv sathini har lahzada ming tusga — nimrang binafshadan qora-koʻkishgacha, qora-koʻkishdan to qayiq koʻlankasidagi timqora tusgacha tovlanayotgan toʻlqinlarning tinimsiz jimirlashi bolaning diqqatini oʻziga jalb etardi, toʻsatdan qayiq yonida paydo boʻlib qolgan, har narsaga qiziquvchan baliqlarni koʻrib, ichiga sigʻmay sevinardi. Oyoq ostidagi narsalarni — teriga oʻralgan ikkita nayza, arqon oʻrami, suvli bochka, oziq-ovqat solingan toʻrva, yana qandaydir tugun va kiyim-kechaklarni bosib, qayiqning quyrugʻiga oʻtarkan, tipirchilayotgan ulkan baliqni qarichlab koʻrdi…
* * *
Bola derazadan
koʻrinayotgan daraxtning osmonga tutashib ketgan yuqori qismidagi barglari
sargʻaya boshlaganini payqadi. Shoxda barglar qator tizilgan va bolaga yaqin
boʻlgani uchun osmonni tilimlab turgan dastasiz xanjarga, barglari esa osmon
sahnida ulkan moviy koʻlga bir-birining tumshugʻidan bogʻlab, qator terib
qoʻyilgan kichkina qayiqchalarga oʻxshardi. Bola barglarning qayiqchalarga
oʻxshashini kashf etganidan xursand boʻlib ketdi. Ularning xuddi dengiz
toʻlqinida sollanib turgan qayiqlardek tebranib turganini va osmonning juda ham
moviy, daraxtlarning sukutda ekani bir zum juda noyob goʻzallikday boʻlib
tuyuldi.
Hozir bolaning
qulogʻiga nariroqdagi katta yoʻldan mashinalarning guvillagancha oʻtib
borayotgani ham, mol-qoʻylarning maʼrashi ham, tengqurlarining shovqini ham
kirmasdi: u hozir mana shu noyob goʻzallikni butun ongiga, shuuriga
singdirmoqchidek, qayiqsimon barglar shitirigagina butun eʼtiborini jalb etgan
va tinmay oʻz-oʻziga shivirlardi: “YASHIL OROL!”.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri