Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Germaniyaning nufuzli jamgʻarmalari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda xalqaro tashkilotlar, tahlil markazlari va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar tadbirning Xivada oʻtkazilishi ramziy ahamiyatga ega ekani taʼkidlab, ushbu hududda XIX asrdayoq nemis mennonitlari jamoasi shakllanib, hunarmandchilik, texnologiyalar va madaniyat rivojiga salmoqli hissa qoʻshgani haqida soʻz yuritdilar.
Shuningdek, Markaziy Osiyo bugun global jarayonlarda chetdagi hudud emas, balki jadal rivojlanayotgan iqtisodiy va kooperatsiya markaziga aylanayotgani qayd etildi. Mintaqa davlatlarining yalpi ichki mahsuloti 400 milliard dollardan oshgan, oʻrtacha yillik oʻsish surʼatlari esa qariyb 6 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning xalqaro logistikadagi ahamiyati ortib bormoqda. Ayniqsa, Yevroosiyoda quruqlik orqali transport yoʻnalishlari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ekspertlar fikricha, mintaqa demografik salohiyati bilan ham ajralib turadi. 2050-yilga borib aholi soni 100 millionga yaqinlashishi kutilmoqda. Bu esa taʼlim, texnologiya va innovatsiyalarga boʻlgan talabni yanada oshiradi.
Forumda Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi oʻrni alohida qayd etildi. Soʻnggi yillarda mintaqada ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va ochiqlik muhiti shakllangani hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirgan.
Germaniya esa mintaqa uchun asosiy sheriklardan biri sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib, savdo hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Shuningdek, Germaniya kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Forum doirasida sanoat kooperatsiyasi, yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, ekologik hamkorlik va inson kapitali rivoji kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, Germaniyaning texnologik imkoniyatlari va Markaziy Osiyoning resurs hamda logistika salohiyati oʻzaro uygʻunlashsa, uzoq muddatli va barqaror hamkorlik uchun mustahkam asos yaratiladi.
Xiva forumi ekspertlar muloqoti uchun yangi platforma sifatida xizmat qilib, Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga turtki berishi kutilmoqda.