Qayd etilishicha, yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan poytaxtda jamoat transporti, xususan, metro xizmatlariga talab sezilarli darajada oshgan.
Bunga qadar Toshkent metropolitenidagi eng yuqori kunlik koʻrsatkich 2026 yil 8 may kuni qayd etilgan. Oʻshanda metro xizmatlaridan 1 million 117 ming 61 nafar yoʻlovchi foydalangan.
Shu tariqa, 14 sentyabrdagi koʻrsatkich avvalgi rekorddan 48 ming 489 nafarga koʻp boʻldi.
Mutaxassislar kuzatuv va tahlillariga koʻra, yoʻlovchilar oqimining oʻsish tendensiyasi kelgusida ham saqlanishi kutilmoqda. Xususan, oktyabr oyida metroning kunlik yoʻlovchilari soni 1,2 million nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.
Shu munosabat bilan «Toshkent metropoliteni» AJ 1 million 200 minginchi yoʻlovchini aniqlash hamda unga maxsus imtiyoz yoki sovgʻa taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Yoʻlovchilar oqimining ortib borayotgani sharoitida metropolitenда harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilash ishlari ham davom ettirilmoqda.
Avval xabar berilganidek, 2026 yil davomida xarid qilinib, Toshkent metropoliteniga olib kelinishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy harakat tarkibining barchasi ayni vaqtda vagonlar parkiga yetkazib berilgan.
«Toshkent metropoliteni» AJ maʼlum qilishicha, yoʻlovchilar oqimi doimiy monitoring qilib borilmoqda. Poyezdlar harakati yoʻlovchilar oqimining real holatidan kelib chiqib tezkor ravishda muvofiqlashtirilmoqda. Bu yoʻlovchilarga qulay va sifatli xizmat koʻrsatish hamda harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.