Rufat Risqiyev 1949-yil 2-oktyabrda Toshkent viloyatida shifokor oilasida tug‘ildi. O‘quvchilik yillaridan boshlab sportning boks turiga mehr qo‘yib, tajribali ustozlar qo‘lida ta’lim oldi. O‘zining betakror iste’dodi va yuksak texnik mahorati, kuchli irodasi va jangovar xarakteri bilan muxlislar e’tiboriga tushgan afsonaviy sportchi o‘z faoliyatini havaskor bokschi sifatida boshlab, keyinchalik respublika va dunyo miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etdi, qizg‘in va ayovsiz janglarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi.
Mohir sportchimiz 1976-yilda yozgi Monreal Olimpiadasida ham jonbozlik ko‘rsatib, g‘oyat qiyin bellashuvlarda kumush medalni qo‘lga kiritdi.
R.Risqiyev sobiq Ittifoq miqyosida 4 karra chempion bo‘lib, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi darajasiga yetishdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi birinchi xalqaro professional boks hakami sifatida ham muvaffaqiyatli ish olib bordi.
Yorqin iste’dod va mahorat egasi bo‘lgan R.Risqiyev nafaqat respublikamiz, balki jahon boks jamoatchiligi o‘rtasida ham katta hurmat-e’tibor topdi. U “Toshkent yo‘lbarsi” degan sharafli nom bilan sport muxlislari, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy egalladi. Mashhur sportchi haqida kitoblar yozildi, badiiy film suratga olindi.
Ustoz sportchi o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini oshirishga murabbiy va hakam sifatidagi samarali faoliyati bilan ham beqiyos hissa qo‘shdi. Uning sport olamidagi sharafli yo‘li yurtimizdagi yosh sportchilar uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
R.Risqiyevning mamlakatimiz sportini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak taqdirlandi. U “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Butun hayotini bokschilik faoliyatiga bag‘ishlagan buyuk sportchi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rufat Risqiyevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev,
T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov,
A.Ramatov, A.Ikromov, B.Maxsitov