Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida avtotransport vositalarining texnik va ekologik holati tekshirilmoqda.
Oyliqning birinchi bosqichi 10 apreldan 10 mayga qadar davom etgan. Shu davrda 288 755 ta transport vositasi maxsus uskunalar yordamida tekshirilgan.
Natijada 1 384 ta avtomobilda chiqindi gazlar tarkibidagi zararli moddalar miqdori belgilangan me’yordan yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, me’yorlarni qo‘pol ravishda buzgan 446 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Tekshiruvlar YPX statsionar postlari, ko‘chalar hamda avtotransport korxonalarining kirish-chiqish hududlarida o‘tkazilgan. Me’yordan ortiq chiqindi chiqarayotgan transport vositalarining harakati zarur ta’mirlash ishlari bajarilgungacha vaqtincha to‘xtatilgan.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, birinchi bosqichdagi nazorat tadbirlari natijasida atmosfera havosiga 836 tonna ifloslantiruvchi modda chiqarilishining oldi olingan.
«Toza havo» oyligining ikkinchi bosqichi 10 avgustdan 10 sentyabrgacha respublika hududlarida, Toshkent shahrida esa 10 sentyabrdan 10 oktabrgacha davom etadi.
Nazorat tadbirlari avtomobil yo‘llari, YPX postlari, avtotransport korxonalari hududlari va obyektlarida o‘tkaziladi.