Shu bois, mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan.

Bugun yurtimizda yoshlar bilan ishlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Jinoyat sodir etilgandan keyin chora koʻrish emas, balki uning sabab va shart-sharoitini barvaqt aniqlash, har bir yigit-qizning muammosini eshitish, ijtimoiy, maʼnaviy va psixologik qoʻllab-quvvatlashga asoslangan profilaktik yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa taʼlim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla, oila va keng jamoatchilikning oʻzaro hamjihatligini talab etadi.

Andijon davlat universitetida ham mazkur yoʻnalishda tizimli ishlar qilinmoqda. Universitet viloyat ichki ishlar organlari, prokuratura, adliya tizimi, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda talabalar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrib kelmoqda.

Hamkorlik doirasida yoshlar oʻrtasida salbiy holatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan omillar muntazam tahlil qilinib, aniq choralar belgilab borilmoqda. Talabalarning taʼlim jarayonidagi ishtiroki, ijtimoiy muhitga moslashuvi, maʼnaviy-ruhiy holati hamda kundalik turmush tarzi mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda oʻrganilib, muammolar yechimi yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda.

Universitetda profilaktika ishlarining muhim yoʻnalishlaridan biri talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishdir. Bu borada davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, huquqiy targʻibot tadbirlari, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar muntazam tashkil etilib, yoshlarda qonunga hurmat, fuqarolik masʼuliyati va daxldorlik hissini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, universitet hududida profilaktika inspektori faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, talabalar bilan doimiy muloqot qilish, ularning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, huquqiy maslahat berish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olishda muhim oʻrin tutmoqda.

Qilinayotgan ishlar samara bermoqda. Xususan, 2022-yilda universitet talabalari ishtirokida 35 ta jinoyat holati qayd etilgan boʻlib, keyingi tekshiruvlar ­davomida ushbu holatlarning 16 tasida qatnashgan shaxslar universitet talabasi emasligi aniqlangan. 2023-yilda mazkur koʻrsatkich 13 tani, 2024-yilda 8 tani tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil davomida jami 7 ta jinoyat holati qayd etildi.

Eng muhimi, 2026-yilning oʻtgan davrida Andijon davlat universiteti talabalari birorta ham jinoyat sodir etmadi. Bu natija profilaktika ishlari tizimli tashkil etilgani, masʼul idoralar bilan hamkorlik samarali yoʻlga qoʻyilgani hamda har bir talaba bilan manzilli ishlash tamoyili natija berayotganining yaqqol ifodasidir.

2025/2026 oʻquv yili davomida bu boradagi ishlar yanada keng qamrov kasb etdi. Xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasiga bagʻishlangan 122 ta davra suhbati, profilaktik tadbir va uchrashuv tashkil etildi. Ularda talabalar turar joylari va ijara xonadonlarda yashayotgan hamda uyidan qatnab tahsil olayotgan 7000 dan ziyod talaba qamrab olindi.

Mazkur jarayonda ota-onalar bilan hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Universitet profilaktika inspektori, psixolog, tyutorlar hamda xotin-qizlar maslahat kengashi faollari ishtirokida fakultetlar kesimida talabalar va ularning ota-onalari bilan profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi. Bu muloqotlar orqali oila va taʼlim muassasasi hamkorligini yanada mustahkamlashga erishilmoqda.

Shu bilan birga, alohida eʼtibor talab etadigan talabalar bilan manzilli ishlar bajarilmoqda. Xususan, yurish-turishida salbiy oʻzgarishlar kuzatilayotgan yoki huquqbuzarlik sodir etish xavfi mavjud 20 talaba bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazilib, ularning muammolari oʻrganildi. Zarur psixologik va huquqiy tushuntirishlar berildi. Bunday yondashuv yoshlarni jazolash emas, balki ularni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, ishonchini qozonish va jamiyatda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashish tamoyiliga asoslangan.

Bugungi globallashuv va tezkor axborot oqimi sharoitida yoshlar ongi va qalbi uchun kurash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Turli buzgʻunchi gʻoyalar, yot mafkura va axborot xurujlaridan yoshlarni asrash, ularning mustaqil fikrlashi va mustahkam hayotiy pozitsiyasini shakllantirishda oliy taʼlim muassasalarining masʼuliyati yanada ortib bormoqda.

Andijon davlat universitetidagi tizimli ishlar huquqbuzarliklarning oldini olish faqat nazorat yoki jazo bilan emas, balki mehr, eʼtibor, ishonch va manzilli yondashuv orqali samara berishini koʻrsatmoqda. Har bir talaba taqdiriga masʼuliyat bilan yondashish, uning muammolarini oʻz vaqtida eshitish va huquqiy ongini yuksaltirishga qaratilgan mazkur tizim kelajakda ham ijobiy natijalar berishda davom etadi. Zero, huquqiy madaniyati yuksak, qonunga hurmat ruhida tarbiyalangan yoshlar yangi Oʻzbekistonning eng mustahkam tayanchi, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat barqarorligining ishonchli kafolatidir.

Baxtiyorjon AKBARALIYEV,

Andijon davlat universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor