Transport vazirligining maʼlum qilishicha, “Toshkent shahar yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan avtobuslarda toʻlov madaniyatini oshirishga qaratilgan reyd tadbirlari kuchaytirilgan.

15-avgust kuni Chilonzor tumanida oʻtkazilgan navbatdagi reyd davomida nazoratchilar avtobusdan tushgan fuqaro M.M.dan yoʻl haqi toʻlanganini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishni soʻragan.

Biroq yoʻlovchi turli vajlarni keltirib, nazoratchi talabini bajarmagan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan holda qarshilik koʻrsatgan. Fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida esa janjal chiqarib, nazoratchiga nisbatan kuch ishlatishga uringan.

Mazkur holat nazoratchiga biriktirilgan bodi-kamera orqali qayd etilgan.

Holat yuzasidan 24-sentyabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudida ochiq sud majlisi oʻtkazildi. Sud qaroriga koʻra, huquqbuzar M.M.ga 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.