Har qanday demokratik jamiyatning barqarorligi va taraqqiyoti avvalo adolat va qonun ustuvorligi hamda ishonchli sud tizimiga tayanadi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining 2026-yil 14-avgustdagi PF-160-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Odil sudlov – 2030» Strategiyasi mamlakatimiz sud-huquq tizimini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy qadam bo‘ldi.
Xolis aytish kerakki, bugungi kunda jamiyatimizda ommaviy muloqot va ochiqlik muhiti keskin o‘zgardi. Yangi strategiyaning bosh g‘oyasi ham sudlarni xalqqa yaqinlashtirish, har bir fuqaro o‘zining haq-huquqini to‘laqonli himoya qiladigan ishonchli manzilga aylantirishdan iborat.
Hujjatda belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga ko‘ra, 2030-yilga qadar aholining sud tizimiga nisbatan ishonchini 80 foizga yetkazish ulkan maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun esa idoralar faoliyatida byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish, sud binolarida zamonaviy standartlar asosida “yagona darcha” tamoyilidagi xizmat ko‘rsatish o‘rinlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Strategiyaning iqtisodiy-huquqiy mexanizmlarga oid qismi alohida e’tiborga loyiq. Xususan, iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish uchun “proaktiv boshqaruv” (Proactive Case Management) standardining joriy etilishi tadbirkorlar va investorlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Endilikda sudyalar ishni formal xarakterdagi mayda kamchiliklar bilan darhol qaytarib yuborish o‘rniga, jarayon davomida ularni bartaraf etishga ko‘maklashadi. Shuningdek, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ish yuritishida “ishni ushbu sudga taalluqli emasligi” vajiga ko‘ra arizalarni qaytarish amaliyotining bekor qilinishi ortiqcha ovvoragarchiliklarga barham berib, fuqarolarning vaqtini va xarajatlarini tejaydi.
Axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan davrda sud tizimini raqamlashtirish korrupsiyaviy xavflarning oldini olishning eng samarali yo‘lidir. Sud majlislarining to‘liq audio yozuvga olinishi va sud xabarnomalarining elektron shaklga o‘tkazilishi jarayonlarning shaffofligini ta’minlaydi. Kelgusida sudga kelib tushadigan murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklga o‘tkazish va interaktiv xizmatlarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Har qanday islohotning muvaffaqiyati ijrochilarga, ya’ni kadrlarga borib taqaladi. “Adolat posbonlari” yo‘nalishi doirasida Odil sudlov akademiyasini xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, sudyalar korpusini yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatli, professional kadrlar bilan to‘ldirish belgilangan. Bu esa sudyalarning mustaqilligini ta’minlash bilan birga, ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini yanada kuchaytiradi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, «Odil sudlov – 2030» Strategiyasi - bu shunchaki chora-tadbirlar rejasi emas, balki Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini ta’minlash va adolat tantanasini ro‘yobga chiqarishning mustahkam poydevoridir. Zero, adolat hukm surgan jamiyatdagina tinchlik, barqarorlik va ulkan taraqqiyot bo‘ladi.
Rashid Sharapov,
TDYU Fuqarolik protsessual va
iqtisodiy protsessual huquqi sho‘basi o‘qituvchisi