Kitobda taniqli olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning zamonamiz yoshlari uchun ibratli bo'lgan hayot va ilm-u ma'rifat yo'li qiziqarli uslubda yoritilgan.
Olimning bolaligi, o'quvchilik va talabalik yillari, ilm yo'liga ilk qadamlari, adabiyotshunos, matnshunos, navoiyshunos va turkolog sifatida ilm-u irfon rivojiga qo'shgan munosib hissasi hamda xalqaro e'tirofi hagida muhim ma'lumotlar berilgan.
Mamlakatimizning atoqli shoir-u adiblari, ulug' olimlari, qardosh xalqlar ilm ahli, shogirdlari va oila a'zolarining xolis fikr-munosabatlari, nodir esdaliklari kitobda oʻz ifodasini topgan.
Kitob adabiyotshunoslik va matnshunoslik sohasi tadqiqotchilariga, ilm va ijodga qiziquvchi yoshlarga hamda keng o'quvchilar ommasiga mo'ljallangan.
Olimning sharafli faoliyati va insoniy fazilatlari haqida hikoya qiluvchi ushbu kitob lotin va kirill alifbosida alohida-alohida chop etilgan boʻlib, bu nafaqat zamondoshlari, balki adabiyotshunoslik yoʻlidan borayotgan yosh izdoshlari uchun ham muhim qoʻllanma-manba vazifasini oʻtaydi.
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Nurboy Jabborovning ilmiy faoliyati va adabiyotshunosligimiz uchun qilayotgan mehnatini e’tirof etar ekan, xususan, shunday deydi:
“Adabiyotshunoslik sohasida G'ulom Karimov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov kabi ustoz olimlar o'z davrida ilmiy maktab yaratgani ma'lum. Bugungi eng salohiyatli olimlar kamolotida ana shu ilmiy maktablarning o'rni va ahamiyati nihoyatda katta. Lekin taraqqiyotning shiddati, globallashuv sur'ati shu qadar tezlashib ketdiki, ustoz olimlar an'analarini yangilash, zamon talablari darajasidagi yangi ilmiy maktablar yaratish hayotiy va ilmiy ehtiyojga aylandi. Universitetimizda ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo'yicha yangi ilmiy maktablar shakllandi hamda takomillashib bormoqda. Shulardan biri – o'zbek mumtoz adabiyotshunosligi ilmiy maktabi bo'lib, uning asoschisi filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovdir”.
Ushbu kitob keng kitobxonlar ommasiga muborak boʻlsin.