Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar markaz faoliyati, bu yerda tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan mahorat darslari bilan tanishib, bolalar bilan samimiy muloqot qildilar.
Oliy martabali mehmonlar sharafiga “Shattik” milliy raqs ansambli va yosh komuzchilar ansambli chiqish qildi. Shuningdek, “Aqilman” iqtidorli bolalar prezident litseyi tarbiyalanuvchilari tomonidan loy va kigizdan tayyorlangan buyumlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Shundan so‘ng oliy martabali mehmonlar sohil hududi va san’at galereyasini ko‘zdan kechirdilar. Unda Qirg‘iz Respublikasida o‘tkaziladigan bolalar ijodiyoti bo‘yicha xalqaro tanlovlar g‘oliblari, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning ijod namunalari taqdim etildi.
Dasturdan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi bo‘lgan “Do‘stlik daraxti” nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi ham o‘rin oldi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimiga Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi tomonidan an’anaviy qirg‘iz milliy musiqa asbobi — changqoʻbiz tuhfa qilindi.