"NKMK" AJ Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 10 sentyabr kuni soat 15:00 larda "Qizilqum" kon boshqarmasi Avtomobil transporti boshqarmasi "Pistali" 1-transport tsexining foydalanishda bo‘lgan avtomobil shinalarini saqlash maydonida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Hodisa quvur tashuvchi avtomashina tirkamasida shinamontaj ishlarini bajarish vaqtida yuz bergan. Oqibatda 2 nafar ishchi-xodim vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari tomonidan maxsus tekshiruv o‘tkazilib, baxtsiz hodisaning sodir bo‘lish holatlari va kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Kombinatning mas’ul xizmatlari tomonidan bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
"NKMK" AJ Matbuot xizmati halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.