Bugun O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘l o‘tgan. Ayni paytda xalqaro yo‘llarning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on temir yo‘llari ishga tushgach, O‘zbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi. Shuningdek, Pokiston portlari orqali Hind okeani va qariyb 2 milliard aholi yashaydigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati ochiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15-20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qilsa, 400-600 million dollar daromad olinadi, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar investitsiya jalb etiladi, kamida 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratiladi.