Shu bois, taʼlimga sifat va mazmun olib kirilib, muallimning obroʻ-eʼtibori tiklanmoqda, daromadi oshirib borilmoqda.
Oʻtgan oʻn yilda aholi 8 millionga koʻpaygan sharoitda ham maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkazildi. Maktablarda 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy taʼlim maskanlaridan kam boʻlmagan darajada chuqur bilim olish imkonini berdi. Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar oʻrganishlari uchun munosib sharoitlar yaratildi.
Oliygohlarda oʻqish uchun qulay sharoitlar kengayishi hisobiga talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchayib, ota-onalar uchun farzandini oliy maʼlumotli qilish faqat orzu emas, erishsa boʻladigan maqsadga aylandi.
– Talabalarning yarmidan koʻpini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning oʻziga xos qiyofasi. Bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va maʼrifatli jamiyat deganidir, – dedi davlatimiz rahbari.