Yangi ish o‘rni, barqaror daromad, farzandlar uchun ta’lim imkoniyati, mehnat huquqlarining ishonchli himoyasi va yetishtirilgan mahsulot uchun bozor diplomatiyaning xalq hayotiga kirgan ko‘rinishidir. Siyosat odamlar hayotiga ish o‘rni, uy-joy, ta’lim, texnologiya va daromad bo‘lib kirgandagina haqiqiy kuchga aylanadi.

Prezidentimizning joriy yil 8-9-iyul kunlari Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifiga shu nuqtayi nazardan qarasak, uning tarixiy ahamiyati yanada yaqqol -namoyon bo‘ladi. Tashrif yakunida O‘zbekis¬ton va Belarus o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi va ikki mamlakat rahbarlari bu voqeani munosabatlar tarixidagi yangi bosqich deb baholadi.

Men uchun ham tashrifning eng katta yakuni “strategik sheriklik” munosabatlarining yo‘lga qo‘yilganidir. Ammo bu atamaga haqiqiy vazn bergan narsa boshqa: eng muhim yangilik ikki Prezident o‘rtasida shakllangan samimiy ishonch tufayli oddiy odamlar uchun ilgari bu darajada mavjud bo‘lmagan amaliy imkoniyatlar paydo bo‘lganidir.

Ishonch hujjatga jon bag‘ishlaydi

Davlatlar o‘rtasida shartnoma imzolash, savdo rejalarini tuzish mumkin. Ammo tomonlar o‘rtasida haqiqiy ishonch bo‘lmasa, ko‘p hujjat qog‘ozda qolib ketadi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko o‘rtasidagi ochiq, samimiy va amaliy muloqot esa ikki mamlakat munosabatlariga yangi ruh olib kirdi. Buni rasmiy uchrashuvlarning iliq muhitidagina emas, ulardan keyin qabul qilingan aniq qarorlarda ham ko‘rish mumkin.

Belarus Prezidenti ushbu ishlarni O‘zbekiston rahbariga bergan va’dasining ijrosi sifatida ochiq ifodalab, o‘zbekis¬tonlik fuqarolar Belarusga kelganda o‘zlarini begona his qilmasligi, ular uchun munosib turar joy sharoitlari yaratilishi, farzandlari belaruslik bolalar bilan teng sharoitda bog‘cha va maktablarga borishi kerakligini ta’kidladi. Bu yondashuv “ishchi kelsin, ishini qilib ketsin”, degan eski qarashdan ancha yiroq: bu yerda insonning faqat mehnati emas, oilasi, farzandi, uyi, ijtimoiy himoyasi va jamiyatdagi qadri haqida gap ketmoqda. Kuzatishimcha, O‘zbekiston va Belarus munosabatlari tarixida mehnat, tadbirkorlik, agrar ishlab chiqarish, uy-joy va oilaviy ijtimoiy moslashuvni bir butun tizim sifatida ko‘radigan bunday keng imkoniyat ilgari bu darajada kun tartibiga qo‘yilmagan edi.

Tashrifning yana bir muhim jihati shundaki, qabul qilingan qarorlar uzoq muhokamalar orasida qolib ketmadi. Hujjatlar imzolanishi bilan hududlar, vazirliklar, tadbirkorlar va mutaxassislar aniq loyi¬halar ustida ish boshladi.

Andijon va Vitebsk o‘rtasidagi hamkorlik, yangi chorvachilik majmualari, fuqarolarni tashkiliy asosda ishga joylashtirish va logistika yo‘nalishidagi ishlar siyosiy ishonchning qisqa vaqt ichida amaliy harakatga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.

Bir tomonda imkoniyat, ikkinchi tomonda tashabbus

Hamkorlikning iqtisodiy mantig‘i juda sodda. Bir mamlakatda qishloq xo‘jaligi yerlari, chorvachilik obyektlari, ishlab chiqarish binolari, texnika, texnologiya va bozor mavjud, ayrim hududlarda mehnat resurslariga ehtiyoj seziladi. Ikkinchi mamlakatda esa yer bilan ishlashni, chorva boqishni, dehqonchilik qilishni va tadbirkorlikni uddalaydigan mehnatkash odamlar bor. Bunday vaziyatda ikki imkoniyatni birlashtirish tomonlar uchun tabiiy va manfaatli yechimga aylanadi.

Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun sanoat obyektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi maydonlari taklif etilmoqda. Mamlakat hududining qariyb 40 foizi, ya’ni 8 million gektarga yaqin qismi qishloq xo‘jaligi yerlaridan iborat. Ayni paytda, ayniqsa, Vitebsk va ayrim boshqa hududlarda ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori.

O‘zbekistonda esa yangi kasb va barqaror daromad izlayotgan minglab fuqarolar, shuningdek, xorijda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyor tadbirkorlar bor. Bu yerda bir tomon ikkinchisiga yordam berayotgani yo‘q: ikki ehtiyoj o‘zaro manfaatli yechimda uchrashmoqda. Belarus yer, bino, infratuzilma, texnologiya, texnika, urug‘ va ilmiy-amaliy ko‘mak bilan, O‘zbekiston esa mehnat, tashabbus, investitsiya, tadbirkorlik va bozor bilan ishtirok etadi. Natijada mavjud obyektlar ishga tushadi, yer hosil beradi, qishloqda iqtisodiy hayot jonlanadi, odam daromad topadi va ikki mamlakat bozoriga yangi mahsulot chiqadi. Shu ma’noda, yer mehnatni, mehnat esa yerni izlab topmoqda.

Bu oddiy mehnat migratsiyasi emas

Tashrif doirasida O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda vaqtinchalik mehnat faoliyatiga uyushgan tartibda jalb qilish to‘g‘risida alohida bitim qabul qilindi. Bu hujjat mehnat munosabatlarini tasodifiy vositachilar yoki og‘zaki va’dalar orqali emas, davlatlar o‘rtasida kelishilgan qonuniy mexanizm asosida tashkil qilish uchun huquqiy poydevor yaratadi.

Hozirning o‘zida Andijon viloyatidan 255 fuqaro Vitebsk viloyatiga uyushgan tartibda borib, ish bilan ta’minlandi. Ular orasida tajribali fermerlar, tadbirkorlar va yangi kasb izlayotgan yoshlar bor — har birining ortida oila va kelajakka umid turibdi. Birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1100 fuqaroni tanlov asosida joylashtirish, sentyabr ¬oyidan boshlab har oy 500 nafardan, jami 5 ming andijonlikni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Vitebsk shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochish ham ko‘zda tutilmoqda. Andijon va Vitebsk o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlikni faqat ikki hudud doirasidagi tajriba deb qaramaslik kerak. Bu O‘zbekistonning boshqa viloyatlarini Belarus hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laydigan amaliy modelning boshlanishidir. Har bir hudud tadbirkorlari, mehnat resurslari, mahsuloti va tashabbusi bilan chiqadi, Belarus tomoni esa aniq obyekt, yer, infratuzilma va mahalliy hamkorlarni taklif qiladi. Shu tariqa davlatlararo munosabatlar poytaxtlar o‘rtasidagi muloqotdan hududlar, korxonalar va odamlar o‘rtasidagi kundalik hamkorlikka aylanadi.

Fuqarolar qishloq xo‘jaligi bilan birga qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarida va ayrim tibbiy yordamchi yo‘nalishlarda ham ishlashi mumkin. Belarus rahbari tomonidan oilalar uchun uy-joyni ta’mirlash yoki yangidan qurish, bolalarning maktabgacha ta’lim va maktab tizimiga kirishi uchun teng sharoit yaratish masalasi shaxsan qo‘yildi. Ammo kelishuvlar ishning boshlanishi, xolos. Inson manfaati haqiqatan ta’minlanishi uchun har bir fuqaro yo‘lga chiqishidan oldin ish joyi, kasbi, oylik ish haqi, ish vaqti, yashash sharoiti, ovqatlanish, transport, mehnat muhofazasi va qaytish shartlari yozma mehnat shartnomasida aniq belgilanishi zarur.

Shuning uchun Prezidentimiz fuqarolar ro‘yxatini shakllantirib, ish joyi va yashash sharoitini Belarus tomoni bilan oldindan kelishgan holda tashkil qilishni qat’iy belgiladi. Migratsiya agentligi vakolatxonasining vazifasi ham faqat odam yuborish emas, balki ularning mehnat sharoitini nazoratga olish, murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va huquqlarini himoya qilish bo‘lishi kerak. Chunki biz ish o‘rni yaratamiz deb insonning kundalik hayotiy manfaatlarini nazoratsiz qoldirishga haqli emasmiz. Yangi hamkorlik modeli, avvalo, inson qadriga asoslangan mehnat modeli bo‘lishi shart.

Ish o‘rni — kambag‘allikni qisqartirishning eng ta’sirchan yo‘li

Kambag‘allikni nafaqa yoki bir martalik yordam bilan vaqtincha yengillatish mumkin. Ammo uni barqaror qisqartirishning eng to‘g‘ri yo‘li insonga munosib ish, kasb, bilim va bozor berishdir.

Belarusda ochilayotgan yangi ish o‘rinlari oila daromadini oshirish bilan birga fuqaroga zamonaviy mehnat madaniyati, mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish hamda sifat va xavfsizlik standartlari bilan ishlash tajribasini beradi. Bugun ishchi sifatida borgan inson ertaga malakali mutaxassis, brigadir, texnolog yoki tadbirkor bo‘lib yetishishi mumkin. Demak, bu tashabbus mehnat orqali inson kapitalini rivojlantirish dasturiga ham aylanadi.

Fuqaro uyushgan, qonuniy va himoyalangan tartibda ishlasa, daromadi oilasiga, farzandlar ta’limiga, uy-joyiga va kichik biznesiga sarflanadi. Bir ish o‘rni ortida ko‘pincha bir oilaning turmushi, bir mahallaning xarid qobiliyati va yangi tadbirkorlik imkoniyati turadi. Shu bois, Belarusda yaratilgan munosib ish o‘rnining iqtisodiy samarasi O‘zbekistondagi xonadonga, mahallaga va ichki bozorga ham qaytib keladi.

Yer Belarusda, mahsulot ikki xalq uchun

Hamkorlikning yanada muhim va o‘ziga xos tomoni — o‘zbekistonliklar Belarusga faqat boshqa birovning korxonasida ishlash uchun bormaydi. Ularga o‘z agrobiznesini tashkil qilish, qishloq xo‘jaligi obyektlari va yerlardan foydalanish imkoniyatlari ham taqdim etilmoqda.

Vitebsk viloyatining yettita tumanida 10 ta qoramol boqish obyekti va 8 ming gektar yerni o‘zbek tomoni ishtirokida ishga tushirish bo‘yicha kelishuv mavjud. U yerda yetishtirilgan go‘shtni O‘zbekistonga yetkazib berish rejalashtirilgan.

Beshenkovichi tumanida esa kartoshka yetishtirish uchun yana 2 ming gektar yer, mahsulot saqlash infratuzilmasi, urug‘lik va texnologik ko‘mak taklif etilmoqda. Kengroq agrar loyihalar portfelida Minsk, Vitebsk, ¬Mogilyov va Grodno viloyatlarida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida 65 ming gektar maydonda 35 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslarini tashkil etish kabi yirik tashabbuslar ham ishlab chiqilgan.

Bu modelda O‘zbekiston fuqarosi faqat yollanma ishchi bo‘lib qolmay, mahsulot yaratuvchi, investor va tadbirkor sifatida ishtirok etadi. Belarus o‘zining yer, bino, texnika va ilmiy salohiyatini iqtisodiy aylanmaga yanada keng kiritadi, qishloq hududlarida ishlab chiqarish va aholi bandligi kengayadi. O‘sha yerda yurtdoshlarimiz ishtirokida yetishtirilgan go‘sht, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarni O‘zbekistonga yuborish imkoniyati paydo bo‘ladi. Biz tayyor mahsulotni faqat sotib oluvchi emas, uni yetishtirish, qayta ishlash va yetkazib berish zanjiri ishtirokchisiga aylanamiz. Yer Belarusda bo‘ladi, ammo unga o‘zbek mehnati, sarmoyasi va tadbirkorligi ham singadi, hosil esa ikki xalq dasturxoniga xizmat qiladi.

O‘zbekiston aholisi o‘sib, go‘sht, sut, kartoshka, bolalar ozuqasi va boshqa sifatli mahsulotlarga talab yil sayin ortib bormoqda. Ammo suv va yer resurslarimiz cheklangan. Albatta, birinchi vazifamiz — yerimizdan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish va ichki ishlab chiqarishni ko‘paytirish.

Ammo zamonaviy oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat chegarasi ichida yetishtirilayotgan mahsulot bilan birga ishonchli hamkorlik, diversifikatsiyalangan ta’minot, xorijdagi qo‘shma ishlab chiqarish, logistika va bozorlarga kirish imkoniyatlarini ham talab qiladi. Suvi va ozuqa bazasi mavjud hududda qoramol boqib, go‘shtni o‘sha yerda qayta ishlab, kelishilgan tartibda O‘zbekistonga yetkazish ichki tabiiy resurslarimizga tushadigan bosimni yumshatishga va oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini oshirishga yordam beradi. Bu boshqa davlat resurslaridan bir tomonlama foydalanish emas, balki qonun, investitsiya, ijara, mehnat va o‘zaro iqtisodiy manfaatga asoslangan zamonaviy agrar kooperatsiyadir. Mana shu — strategik sheriklikning amaliy iqtisodiyoti.

Hamkorlik kecha

boshlangan emas

Bugungi yangi bosqich bo‘sh joyda paydo bo‘lgani yo‘q. Uning ortida so‘nggi yillarda shakllangan ishonch va amaliy tajriba bor. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirbosh¬lash so‘nggi besh yilda qariyb uch barobar o‘sib, o‘tgan yil yakunida salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo yana 30 foiz ko‘paydi. Bugun ikki mamlakat ishtirokida 360 ta qo‘shma korxona fao¬liyat yuritmoqda. Tomonlar umumiy savdo hajmini 2 milliard dollarga, agrar va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini esa 2030 yilgacha

1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni kelishib oldilar.

O‘zbekiston Belarusga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot, uzum, poliz mahsulotlari, dukkaklilar, yong‘oq va quruq mevalar yetkazib berishi mumkin. Belarus esa O‘zbekiston bozoriga naslli mol, go‘sht, parranda mahsuloti, sariyog‘, quruq sut aralashmalari, bolalar ozuqasi va talab yuqori boshqa mahsulotlarni taklif etadi.

Toshkent viloyatida Belarusning “Servolux Group” kompaniyasi ishtirokida to‘liq siklli parrandachilik klasterini tashkil etish ham hamkorlikning amaliy namunasidir. Unda inkubatsiya, broyler yetishtirish, ozuqa ishlab chiqarish, so‘yish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish yagona zanjirda birlashtirilmoqda. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ichki bozor to‘yintirilishi va Markaziy Osiyo bozorlariga eksport yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Endi bu tajriba parrandachilikdan chorvachilikka, kartoshka urug‘chiligidan rezavorchilikka, bolalar ozuqasidan logistikagacha bo‘lgan keng hamkorlik tizimiga aylanmoqda.

Kartoshkadan bolalar ozuqasigacha

Belarus kartoshka urug‘chiligi, sut va go‘sht chorvachiligi, oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, veterinariya, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va agrar ilm-fan sohalarida kuchli ilmiy-amaliy maktabga ega. Avvalgi yillarda Belarus seleksiyasiga mansub kartoshkaning beshta navi hududlarimizda sinovdan o‘tkazildi. Istiqbolli “Liliya” va “Yuliya” navlari “in-vitro” usulida ko‘paytirilib, Toshkent, Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ekildi hamda ularning yuqori avlod urug‘lik materiallari tayyorlandi.

Bu galgi tashrif davomida hamkorlar bilan Belarusning yangi elita ¬kartoshka -navlari, jumladan, “Pershatsvet”ni O‘zbekis¬ton sharoitida mahalliylashtirish bo‘yicha kelishib oldik. Shu bilan birga, endi kartoshkani Belarus hududida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida yetishtirish, urug‘lik materiallari va ilg‘or agrotexnologiyalardan birgalikda foydalanish uchun ham yangi imkoniyatlar ochilmoqda.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik ilmiy-tadqiqot instituti negizida Belarus tajribasi asosida rezavor mevalar, jumladan, “jimolost” yetishtirish bo‘yicha tajriba-namoyish maydonlarini kengaytirish va dastlab 10 gektarda 33 ming dona ko‘chat yetishtirish rejalashtirilmoqda. Belarusning “Bellakt”, “Gamma vkusa” va boshqa korxonalari bilan O‘zbekiston bozori uchun bolalar ozuqasi, sut, yog‘, tvorog, pishloq va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu hamkorlik bolalar ozuqasi sifati, retsepturasi, xavfsizligi va xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologiya¬ni o‘rganish imkonini beradi. Oziq-ovqat xavfsizligi haqida gapirganda, mahsulot miqdori bilan birga uning sifati, bola va ona salomatligi uchun ahamiyatini ham o‘ylashimiz kerak.

Katta ilmiy

agrar salohiyat

Ushbu tashrif davomida Belarus Milliy fanlar akademiyasi rahbariyati, agrar soha mutasaddilari va ilmiy tashkilotlar vakillari bilan qator uchrashuvlarda qatnash¬dim. Muzokaralarda yana bir narsaga amin bo‘ldim: Belarus bilan hamkorlikning eng katta qiymati yer, mol va texnika bilan cheklanmaydi. Uning muhimligi yillar davomida shakllangan ilm-fan, seleksiya, urug‘chilik, veterinariya, mexanizatsiya va agrar ta’lim maktabidir.

Belarus Milliy fanlar akademiyasining Jodino shahridagi Yerchilik bo‘yicha ilmiy-amaliy markazi ekinlar selek¬siyasi, elita urug‘lar, genetik resurslar, resurs¬tejamkor agrotexnologiyalar va aniq dehqonchilik bo‘yicha muhim tajribaga ega. O‘zbekistonning O‘simliklar genetik resurs¬lari ilmiy-tadqiqot instituti va Milliy genbanki vakillarining ushbu markaz bilan genetik resurslarni yig‘ish, o‘rganish, saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha hamkorligi avvaldan boshlangan.

Endi qoramol genetikasi, yuqori mahsuldor golshtin, simmental, belarus qizil, gereford va angus zotlari bilan ishlash, fermer xo‘jaliklarida bioxavfsizlikni ta’minlash, sun’iy urug‘lantirish texniklarini tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu jarayonda “Belplemjivob’edineniye” hamda Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti, Belarus oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-amaliy markazlari ishtirokida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, magistrlar va talabalar almashinuvi, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar, dala namoyishlari va malaka oshirish kurslarini o‘tkazish ham rejaga kiritilgan. Bu yerda eng muhim tamoyil shuki, ilmiy hamkorlik faqat olimdan olimga yoki maqoladan maqolaga o‘tmasligi kerak. U laboratoriyadan fermaga, fermadagi natijadan ishlab chiqarishga, ishlab chiqarishdan esa bozor va inson daromadiga yetib borishi shart. Chunki haqiqiy ilm hayotga kirgan ilmdir.

Texnologiya va yangi bozorlar maktabi

Belarusda ishlash yoki tadbirkorlik qilish o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun boshqa iqlim, ishlab chiqarish madaniyati va texnologik muhitni o‘rganish imkonini ham beradi. U yerda chorvachilik binolarida avtomatlashtirish, ozuqa ratsionini aniq hisoblash, naslni nazorat qilish, sut va go‘sht sifati, sovuq zanjir, veterinariya nazorati, mahsulotni saralash, qadoqlash va qayta ishlashga katta e’tibor beriladi. Bunday muhitda ishlagan inson faqat bir amalni emas, urug‘ yoki genetik materialdan boshlanib, parvarish, veterinariya, ozuqa, mahsulot, qayta ishlash, sifat nazorati, qadoqlash, logistika va bozorgacha yetadigan butun ishlab chiqarish zanjirini ko‘radi. Keyin bu bilim O‘zbekistonga qaytadi.

Belarus biz uchun mahsulot va ish o‘rnidan tashqari agrar texnologiya, kadrlar tayyorlash va sanoatlashgan qishloq xo‘jaligini o‘rganish mumkin bo‘lgan muhim hamkordir. Bugun bizga tayyor texnika yoki uskuna sotadigan sherikning o‘zi yetarli emas. Biz texnologiyani birgalikda o‘zlashtiradigan, ishlab chiqarishni mahalliylashtiradigan, muhandis va texnologlarni tayyorlaydigan, servis va ehtiyot qismlar tizimini yaratadigan hamkorlarga muhtojmiz. Belarusning kuchli muhandislik maktabi, mashinasozlik, agrar mexanizatsiya va uzoq muddatli ishlab chiqarish kooperatsiyasi borasidagi tajribasi aynan shu jihatdan muhim. Haqiqiy hamkorlik tayyor mahsulotni sotib olishdan uni qanday yaratishni birgalikda o‘rganishga o‘tganda boshlanadi.

Yangi logistika markazlari, to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezdlar va savdo uylari ikki mamlakat mahsulotlarini tezroq va arzonroq yetkazish, keyinchalik boshqa bozorlarga chiqish uchun yangi ko‘prik bo‘lishi mumkin. Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun intermodal logistika markazini ishga tushirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.

Raqamlar ortida odamlar va mas’uliyat bor

Tashrif va unga tayyorgarlik jarayonida yirik iqtisodiy portfel shakllantirildi. Umumiy qiymati qariyb 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular orasida qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash, tibbiyot va boshqa sohalar bor.

Batafsil hamkorlik dasturida agrar sohaning o‘zida 53 ta, umumiy qiymati 424 million dollardan ziyod loyiha shakllangan. Bu raqamlarning mazmuni amalda ochiladi: loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratib, oilalar daromadini oshirsa, minglab gektar yerni iqtisodiy aylanmaga kiritsa, mutaxassislarga yangi bilim va malaka bersa hamda sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini xalqimiz dasturxoniga ishonchli va maqbul narxlarda yetkazsa, 424 million dollar ishga tushgan fermaga, mahsulot berayotgan yerga va barqaror daromadga aylanadi.

Ikki Prezident siyosiy iroda bilan katta imkoniyat yaratdi. Endi vazirliklar, hokimliklar, agentliklar, banklar, tadbirkorlar, olimlar va migratsiya tuzilmalarining vazifasi bu imkoniyatni aniq natijaga aylantirish, ya’ni ochilgan eshik oldida odamlarni kutib qoldirmaslikdir. Har bir kelishuv aniq loyihaga, har bir loyiha esa amaliy biznes reja, belgilangan yer yoki ishlab chiqarish obyekti, moliyalashtirish manbai va bozorga ega bo‘lishi lozim. Har bir ish o‘rni yozma shartnoma va munosib mehnat sharoiti bilan ta’minlanishi, har bir ilmiy dastur dala yoki fermada ko‘rinadigan natijaga aylanishi shart. Zero, Prezidentimiz ana shunday talab qo‘ydi. Bu talab to‘g‘ri: ishonch imkoniyat yaratadi, natijani esa intizom, hisob-kitob va mas’uliyat ta’minlaydi.

Endi natija o‘zimizga bog‘liq

Bu tashrif ikki mamlakat imkoniyatlarini birlashtiradigan tarixiy asos yaratdi. Endi rejalarni iqtisodiy jihatdan puxta hisoblash, fuqarolarni kasb va til bo‘yicha tayyorlash, mehnat shartnomalarini doimiy nazorat qilish, tadbirkorlarga moliyaviy va huquqiy yordam berish, mahsulot sifati va logistikasini ta’minlash zarur. Kelishuvlar qanchalik yirik bo‘lmasin, ularning samarasi bajarish intizomi va odamlar manfaatiga qanchalik xizmat qilishiga bog‘liq.

Eng murakkab bosqich ikki davlat rahbarining siyosiy irodasi, shaxsiy ishonchi va xalqlarimiz kelajagiga mas’uliyatli munosabati bilan bu imkoniyatni yaratish edi. Endi uni halol mehnat, aniq hisob-kitob va intizom bilan rivojlantirishimiz, yerni hosilga, hosilni mahsulotga, mahsulotni daromadga, daromadni esa inson farovonligiga aylantirishimiz kerak. Do‘stlikning haqiqiy hosili odamlar hayotida namoyon bo‘ladi. U munosib ish haqi olayotgan mehnatkashda, yangi kasb va zamonaviy texnologiyani o‘rganayotgan yoshda, farzandini maktabga xotirjam kuzatayotgan oilada, qayta ishga tushgan fermada va bozorga chiqarilgan sifatli mahsulotda ko‘rinadi. Eng muhimi, u ikki xalq dasturxoniga farovonlik, oilalariga esa ishonchli kelajak olib kelishi kerak.

Belarusda yangi eshik ochildi. Endi bu eshikdan ishonch bilan, ammo hisob-kitob, intizom va inson qadrini ustun qo‘ygan holda kirishimiz kerak.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri,

Akademik