Bu haqida 24.kg nashri manbalariga tayanib xabar qildi.

Manbalar maʼlumotiga koʻra, 5 iyul kuni soat 19:00 atrofida Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (GKNB)ning Botken viloyati boshqarmasi xodimlari hamda «Alfa» maxsus boʻlinmasi chegara xizmati, bojxona va veterinariya xizmati xodimlarini qoʻlga olgan. Ular korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Qayd etilishicha, «Qadamjay-avtoyoʻl» punkti hududiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar kirib kelgan vaqtda postda turgan praporshik toʻrt marta oʻq uzgan. Shuningdek, serjantlardan biri havoga ogohlantiruvchi oʻq uzgani aytilmoqda. Qurol ishlatilishi holatlari va uning qonuniyligi yuzasidan tekshiruv davom etmoqda.

Manbalarga koʻra, tintuvlar davomida chegara xizmati xodimlaridan 38,5 ming qirgʻiz soʻmi, 5 million 484 ming hamda qoʻshimcha 200 ming oʻzbek soʻmi topilgan. Xizmat avtomobilidan chiqqan mablagʻ avtomobil uchun gʻilof sotib olish maqsadida almashtirilgani bildirilgan.

Shuningdek, bojxona xizmati xodimlaridan ham 100 ming qirgʻiz soʻmi va AQSh dollaridagi naqd pullar musodara qilingan. Ularning aniq miqdoriga oydinlik kiritilmoqda.

Yana bir maʼlumotga koʻra, «Chechme-avtoyoʻl» nazorat-oʻtkazish punktining ikki nafar xodimi kuzatuv kameralarida noqonuniy ravishda pul olgan holatda qayd etilgan boʻlishi mumkin.

Manbalarning bildirishicha, tergov harakatlari doirasida «Chechme-avtoyoʻl» punktidan 11 nafar, «Qadamjay-avtoyoʻl» punktidan esa 16 nafar harbiy xizmatchi, jami 27 kishi GKNBning Botken viloyati boshqarmasiga olib ketilgan. Shuningdek, ikki dona AK-74 avtomati, ikki oʻqdon va 60 dona oʻq ham olib qoʻyilgan.

Tergov harakatlari vaqtida har ikki nazorat-oʻtkazish punkti faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Manbalarga koʻra, shu vaqtda chegarada 3 mingga yaqin yoʻlovchi va 400 ta avtomobil navbatda turgan. Keyinroq «Qadamjay-avtoyoʻl» orqali harakat qayta tiklangan.

Nashrning qayd etishicha, material eʼlon qilingan vaqtgacha Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi mazkur maxsus operatsiya yuzasidan rasmiy izoh bermagan.