Qirgʻiziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi maʼlumotiga koʻra, havo harorati kunduzi +28 daraja va undan yuqori boʻlgan kunlarda umumiy ogʻirligi 18 tonnadan ortiq boʻlgan yuk mashinalarining soat 10:00 dan 20:00 gacha umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida harakatlanishi cheklanadi.

Mazkur chora avtomobil yoʻllarini yuqori harorat taʼsiridan muhofaza qilish, ularning xizmat muddatini uzaytirish hamda yoʻl infratuzilmasini saqlab qolish maqsadida joriy etilgan.

Shu bilan birga, cheklovlar barcha transport vositalariga tatbiq etilmaydi. Yoʻlovchi tashuvchi transportlar, gumanitar yordam yuklari, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari va xavfli yuklarni tashuvchi avtomobillar, maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanuvchi yirik hajmli yuklar hamda yoʻl-qurilish ishlarida ishtirok etayotgan maxsus texnikalar ushbu tartibdan mustasno hisoblanadi.

Vazirlik mamlakat hududi orqali harakatlanayotgan xalqaro tashuvchilar va logistika kompaniyalariga yuk yetkazib berish grafiklarini rejalashtirishda mazkur cheklovlarni inobatga olishni tavsiya qildi.

Qayd etilishicha, nazorat transport nazorati punktlari va maxsus mobil guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.