Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida sohil boʻyi maskanlarini tartibga solish va u yerda zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday loyihalar nafaqat aholi uchun qulay dam olish maskanlarini yaratishga, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish orqali hududlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Oʻrta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali sohili ham bugun ana shunday soʻlim maskanlardan biriga aylanmoqda. Oʻtgan yili boshlangan qurilish ishlari natijasida 32 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ hisobidan sohil boʻyining 9 kilometr uzunlikdagi qismi obodonlashtiriladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilayotgan boʻlib, dastlab Tinchlik va Qorasuv mahallalari oraligʻidagi 1,6 kilometr uzunlikda sohil qismi obodonlashtirildi. Piyodalar uchun zamonaviy yoʻlaklar, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark hamda koʻprik osti tunneli aholi xizmatiga shay.

Hududda, shuningdek, manzarali daraxtlar, qulay oʻrindiqlar bilan birga umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish shoxobchalari ham barpo etilgan.

Keyingi bosqichda Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalaridan oʻtuvchi qismida koʻngilochar, dam olish va gastronomik koʻchalari tashkil etiladi. Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari soni 6 taga yetkazilib, 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.