Ha, aprel boshqa oylarga nisbatan ana shunday jihatlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, bu yilgisi boshqacha, nazarimda. Toʻgʻri, barcha oyning oʻziga xos tarovati bor. Lekin aynan bir oyning boshqa yillardagiga nisbatan alohidaligi, ajralib turishi har doim ham kuzatilavermaydi. Xususan, bu yilgi aprel ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik harakati — Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berishdan boshlandi. Prezidentimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida ishtirok etib, ushbu xayrli loyihani boshlab berdi.
Shu kuni
Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini
keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorni
imzoladi. Nazarimda, “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak
yaratamiz!” bosh gʻoyasi asosida nishonlanishi belgilangan mustaqilligimizning
shonli 35 yilligiga taraddud allaqachon yurtimizning barcha hududi, shaharu
qishloqlarida boshlangan.
Boshqa tomondan,
ayni kunlarda Amir Temur bobomiz tavalludining ham 690-yilligi keng tantana
qilinmoqda.
Bu yilgi aprelning
oʻziga xosligi mana shu yerda yaqqol namoyon boʻladi. Zero, biz uchun muqaddas
neʼmat — istiqlolimizning 35 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorning
buyuk bobomiz Amir Temur tavalludining shonli sanasi arafasida qabul
qilinganida katta maʼno mujassam. Boshqa tomondan, mamlakatimizda bundan 9-10
yil oldin boshlangan yangi Oʻzbekiston islohotlari uch ming yillik tariximiz,
xususan, Amir Temur bobomizning davlatchilik tutumiga hamohang.
Mana shular haqida
oʻylab, har biridan kuch, ruhiy quvvat olib, xush kayfiyatda ishga yoʻl oldim.
Yashash joyim shahar tashqarisida. Shuning uchun poytaxt markazi — Amir Temur
xiyoboni yaqinida joylashgan ishxonamgacha ancha yoʻl bosaman. Metroning
xiyobon nomiga qoʻyilgan bekatidan chiqib, Sohibqiron bobomiz haykali ishora
qilib turgan tomon yuraman. Ammo bugun negadir metrodan chiqqach, bir dam
xiyobon tarovatini tuygim keldi. Haykal poyidagi oʻrindiqlardan biriga
oʻtirdim. Ot ustidagi Amir Temur haykalining haybatini koʻrib, ruhiyatim yanada
koʻtarildi.
Haykal poyida
tulporining tuyogʻidan oʻt chaqnagan, qilichining damidan devlar hayiqqan,
koʻzidagi qatʼiyat sergaklantirgan, marhamati toʻlqinlantirgan, qilichidan-da
soʻzi, adolati, aql-zakovati oʻtkir Sohibqironning buyukligini hatto tasavvur
etishga ham ojizdek his qildim oʻzimni. Bobomizning naqadar ulugʻ ishlar
qilganiga tarix guvoh.
Oradan shuncha yil
vaqt oʻtgan boʻlsa-da, Sharqu Gʻarb, Shimolu Janub — dunyoning toʻrt nuqtasiga
borib, tarixdan ozgina xabari bor insondan Amir Temur haqida soʻrang, albatta,
biladi. Ha, shuning uchun ham biz har doim bobomizdan cheksiz faxr-iftixor
tuyamiz. Qayerda boʻlmaylik koʻksimizni kerib, “Temuriylar keldi...”, deya
xitob qilamiz.
Ammo doim
aqlimizda bir savol charx uradi. Xoʻsh, biz bugun shunday ulugʻ bobomizga
munosibmizmi, ularning buyuk ishlarini qay darajada davom ettira olyapmiz? Boy
hayotiy tajribaga asoslanib aytgan fikrlari, hikmatlariga amal qilyapmizmi
oʻzi?..
“Bizning
qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing!”
Sohibqiron bunyod
etgan muhtasham tarixiy yodgorliklardan biri — Oqsaroy peshtoqiga bitilgan
ushbu jumlalar shunchaki bezak yoki havoyi soʻzlar emas, tagzamirida katta
mohiyat, chuqur maʼno bor. Haqiqatan, Amir Temur davrida qurilgan yoki uning
tashabbusi bilan bunyod etilgan eng mashhur meʼmoriy obidalar son-sanoqsiz va
muhtashamdir. Bu inshootlar faqat meʼmoriy emas, balki davlat qudrati, siyosiy
gʻoya va madaniy siyosat ramzi ham boʻlgan. Samarqandning “roʻyizamin sayqali”,
deya eʼtirof etilishida Sohibqironning bunyodkorlik ishlari debocha boʻlgan.
Ayni paytda ham
yurtimizda xuddi ana shunday bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Yangi Toshkent
loyihasini aytasizmi, Olimpiya shaharchasi yoki hududlardagi “Yangi
Oʻzbekiston” massivlarinimi — har biri tarixiy oʻzligimizga xos ana shunday
bunyodkorlik namunalaridan.
Uzoqqa bormaylik,
yaqindagina qurib bitkazilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
yoki qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini olaylik. Har ikkisi ham noyob
durdona. Yangi Oʻzbekistonning tarixiy bunyodkorlik salohiyatiga mos
inshootlar.
Dunyoning nufuzli
10 muzeyi roʻyxatiga kiritilgan Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod
etilishi, shubhasiz, avvaldan islom dinining markazi deb ulugʻlangan Buxoro
kabi shaharga ega Oʻzbekistonning keyingi yuz yilliklarda ham islom olamining
markaziy davlatlaridan biri sharafiga loyiq koʻrilishiga zamin yaratadi. Xuddi
shunday, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasining yangi qiyofasi ham butun
dunyo musulmonlari nigohini Oʻzbekistonga qaratgani, ushbu majmuani ziyorat
qilish orzusini qalbiga muhrlagani ayni haqiqat.
Amir Temur
qurdirgan masjidu madrasalar musulmon olamidagi eng muhtasham tarixiy
yodgorliklar boʻlishi bilan bir qatorda, Sohibqironning qanchalik
iymon-eʼtiqodli, pir-ustozlar, aziz-avliyolarga katta hurmat va eʼtibor bilan
qaraganini bildiradi. Masalan, Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi ham fikrimizni
tasdiqlaydi. Bu maqbaraning qurilishi haqida “Zafarnoma”da bunday bitilgan. “Buyurdikim,
ul mozori ustigʻa imorati oliy soldilar va bir ulugʻ toq (gumbaz)
bogʻladilarkim, koʻk bila soʻzlashur erdi... Va farmon boʻldikim, tomlarini
rangin koshin bilan muzayyan qilsunlar (chiroyli bezasunlar). Va Xojaning
qabrini oq tosh bila yasadilar… Ikki yildan soʻng ul imorat tugandi. Ul imorat
tugagandan soʻng andagʻi faqiru miskinlargʻa koʻb sadaqalar berdilar…”.
Bu iqtibos
zamirida chuqur maʼno-mazmun, mohiyat bor. Amir Temur nafaqat hashamatli
imoratlar barpo etgan, balki xalqning dunyoqarashi, tafakkurini oʻstirish,
odamlarda bunyodkorlik, ezgulik gʻoyalari ustun boʻlishi uchun daʼvat etgan,
bunday kishilarni esa doimo qoʻllab-quvvatlagan. Zero, “Temur tuzuklari”da “Amr
etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz (yer tagidan oʻtkazilgan suv
yoʻli yoki ariq) qursa, yo biron bogʻ koʻkartirsa yoxud biron xarob boʻlib
yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa (yaʼni soliq)
olmasunlar... xarob boʻlib yotgan yerlarda korizlar qursunlar, buzilgan
koʻpriklarni tuzatsunlar, ariqlar va daryolar ustiga koʻpriklar qursunlar, yoʻl
ustida har manzilgohga rabotlar bunyod etsunlar... katta-kichik har bir shahar,
har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsunlar, faqiru
miskinlarga langarxona solsunlar, bemorlar uchun shifoxona qurdursunlar va
ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar. Har bir shaharda dor ul-imorat
(saroy) va dor ul-adolat (qozixona) qursunlar...”, deya qayd etilgani ham
soʻzimiz isbotidir.
Bugungi ortga
qaytmas islohotlarning zamirida ham xuddi mana shu maqsad va muddao mujassam.
Bu tadbirkorlarga berilayotgan turli imtiyozlar, yaratib berilayotgan
imkoniyatlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
“Shoh
boʻlsang-da, bogʻ yarat, gado boʻlsang-da, bogʻ yarat...”
Ushbu kalom
muallifi, ulugʻ bobomiz, avvalo, bunga oʻzi amal qilib, dunyoga dongʻi ketgan
bogʻ-rogʻlar barpo etgan. Uning chorbogʻlari jahon bogʻdorchiligi tarixida
alohida oʻrin egallaydi. Muarrix Abu Tohirxoʻja Samarqandiy bunday yozadi: “Samarqandda
Amir Temur Koʻragon soldirgan bogʻlarkim, Eram gulistoni rashk qilar darajada,
yettita ekan: birinchisi — Bogʻi Shimol — Samarqand shimolida. Devori Qiyomat
ichida. Ikkinchisi — Bogʻi Baland. Uchinchisi — Bogʻi Behisht. Toʻrtinchisi —
Bogʻi Chinor. Bu ikki bogʻ shaharning kunchiqar tomonida. Beshinchisi — Bogʻi
Dilkusho boʻlib, Konigilning janub tomonida. Konigil Koʻhak daryosining
yoqasida, Samarqandning eng goʻzal va chiroyli yeridir. Oltinchisi — Bogʻi
Zogʻon — Shovdor tumanining shimol tomonida voqedir. Yettinchisi — Bogʻi
Jahonnamo — Anhor tumanida boʻlib, togʻ etagiga yaqin yerda, Samarqandning
janubida bunyod qilingandir”.
Bu eʼtirofda
Sohibqiron barpo etgan bogʻlarning yettitasigina tilga olingan. Aslida,
Samarqandning oʻzida Amir Temur oʻndan ortiq bogʻ qurdirgan.
Shu yil 2-aprel
kuni mamlakatimiz yetakchisi boshchiligida respublika miqyosida “Yashil makon”
umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbiri oʻtkazildi. Xayrli tadbir
doirasida Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi. Ushbu voqea
bobomizning ezgu ishlari bugun ham davom ettirilayotganidan dalolat. Bir necha
yil, aniqrogʻi, besh yil oldin boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi
doirasida har yili 200 million tup koʻchat ekilayotgani, oʻtgan davrda 2000
gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parki, 47 ta
massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etilganini eʼtiborga olsak, bu
ishlar davlat siyosati darajasida bajarilayotganini anglaymiz. Bundan tashqari,
respublikaning togʻ, choʻl va adir hududlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil
qilindi. Orolning qurigan tubidagi 2 million gektar maydonda yashil qoplamali
himoya oʻrmonlari barpo etildi. Shamol va qum-chang boʻronlari zararli
taʼsirining oldini olish maqsadida 33 tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ”
hosil qilindi. Umuman, qisqa muddatda respublikada yashillik darajasi 8
foizdan 14,2 foizga oshdi.
Xalqimizda
yaxshidan bogʻ, yomondan dogʻ qoladi, degan naql bor. Ayni paytda ham
Shahrisabz, Samarqand va boshqa shaharlarda Amir Temur davrida ekilgan, yoshi
yarim asrdan oshgan chinorlar barq urib turganini koʻrganda bu hikmatning
naqadar toʻgʻri ekaniga amin boʻlamiz. Bugun yerga qadalayotgan nihollardan
ertaga farzandlarimiz manfaat koʻrishi — mevasini yeyishi, soyasidan bahramand
boʻlishi, toza kislorodidan toʻyinib simirishini oʻylasak, belga quvvat,
bilakka kuch, qalbga shijoat kiradi.
“Davlat
ishlarining toʻqqiz ulushini kengash bilan amalga oshirdim”
Sohibqiron bobomiz
tuzuklarida “Davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va
mashvarat, qolgan bir ulushni qilich bilan amalga oshirdim”, deya xitob
etgan. Bugungi dunyo mamlakatlari orasida ijtimoiy-siyosiy kelishmovchiliklar,
iqtisodiy buhronlar avj olayotgan bir davrda ushbu ibora mohiyati yanada katta
ahamiyat kasb etadi. Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va
Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan
markazlashgan ulkan saltanatga asos solgan Amir Temur ushbu soʻzlarni aytibgina
qolmay, davlat boshqaruvi, tashqi siyosat, harbiy yurishlarda ushbu arkonga
qatʼiy amal ham qilgan.
Shuningdek, Amir
Temur hukmronligi yillari Buyuk ipak yoʻlidagi savdo-sotiq,
ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayot eng gullagan davrlar sirasiga kiradi. Oʻsha
paytda karvon yoʻli markazida joylashgan Samarqand, Buxoro kabi qadim
kentlarimiz dunyoning savdo, tijorat, ilm-fan, madaniyat va sanʼat markazlari
sifatida olamga mashhur boʻlgan.
Boisi, u yerda
yirik bozorlar, saroy va qalʼalar qad rostlagani aholining farovon hayot
kechirishiga zamin yaratgan boʻlsa, ilm-fan rivoji hisobiga buyuk allomalar
yetishib chiqishi bu shaharlarga koʻchib keluvchilar oqimini muttasil oshirgan.
Shu oʻrinda bir
faktga eʼtibor qaratish joiz. Amir Temur davrida gʻarbiy Yevropadan temuriylar
davlatiga koʻplab elchilar, savdogarlar hamda davlat amaldorlari tashrif
buyurgan. Mehmonlar izzat-ikrom bilan kutib olingan hamda temuriylar
davlatining savlati va salohiyati ularning tilida dostonga aylangan.
Amir Temur saroyida boʻlgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo
kundaliklarida sohibqiron hamda u tuzgan buyuk davlat haqidagi fikrlarini
yozib qoldirgan. Hozir ushbu qoʻlyozma oʻsha davrdagi muhim manbalardan.
Shuningdek, Italiya, Fransiya hamda Germaniyadan ham turli elchilar kelgan.
Turli mamlakatlar bilan hamkorlik oʻrnatilgan.
Davlatimiz rahbari
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq qoʻshni
mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlarni mustahkamlash, oʻzaro
kelishmovchiliklarga barham berish siyosatini ilgari surdi. Uzoq yillar davom
etib kelgan oʻzaro sovuq munosabatlarga barham berishga kirishildi. Aslida,
Markaziy Osiyo xalqlari ming yillik qardoshlik aloqalari bilan bogʻlangan,
taʼbir joiz boʻlsa, azaldan bir daryodan suv ichgan, qadriyatlari, urf-odati
yaqin boʻlgan xalqlardir. Quda-anda, qarindoshlik munosabatlari asrlar davomida
shakllangan.
Keyingi yillarda
Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi, oqilona tashabbuslari hamda qoʻshni
mamlakatlar rahbarlarining xayrixohligi, ezgu tashabbuslarni
qoʻllab-quvvatlashi bilan mintaqada doʻstlik-birodarlik rishtasi
mustahkamlandi. Hududda tinchlik-totuvlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari
tiklandi. Oʻtgan yili bahorda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida
uch mamlakatning davlat chegaralari tutashgan nuqta hududi toʻgʻrisidagi
shartnoma imzolandi. Chegaralar tutash hududda qad rostlagan “Doʻstlik stelasi”
mamlakatlarimizning doʻstlik va mintaqaning tinchlik-totuvlik ramziga aylandi.
Oʻzbekiston,
Qozogʻiston va Turkmaniston chegaralarining tutash hududi toʻgʻrisidagi
shartnoma ilgariroq imzolangan edi. Bugun Markaziy Osiyodagi bahsli chegaralar
masalasi butkul istiqbolli yechim topdi, deyish mumkin. Ilgari oʻz muammolariga
oʻralashib qolgan davlatlar yagona musht kabi jipslashib, taraqqiyot sari dadil
ildamlay boshladi. Shuningdek, qardosh turkiy mamlakatlar bilan ham oʻzaro
manfaatli hamkorlik navbatdagi bosqichga koʻtarildi.
Bugun Oʻzbekiston
eng rivojlangan mamlakatlar bilan yuqori darajada ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik
qilmoqda. Davlatimiz rahbarining oʻzaro teng va manfaatli hamkorlik haqidagi
taklifi dunyo davlatlari nigohini mamlakatimizga qaratdi. Bu esa mamlakatimizga
katta sarmoya oqimi kelishi hamda turli bunyodkorlik ishlari jadallashishiga
zamin yaratdi.
Oʻtgan yili
yurtimizda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti
hamda toʻrtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida koʻplab kelishuv va
shartnomalar imzolandi. Ushbu tadbirlarda Yevropa davlatlari bilan hamkorlik
yangi bosqichga koʻtarildi.
Bu natijalarga,
albatta, davlatimiz rahbarining oqilona, uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati
orqali erishilmoqda. Prezidentimiz oʻtgan vaqtda xalqaro siyosiy maydonda
Oʻzbekiston imijini yuqori bosqichga koʻtardi. Buni davlatimiz rahbarining
xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT sessiyalarida ilgari surgan takliflari tezda
hayotga tatbiq etilayotganida ham koʻrish mumkin. Qisqasi, yangi Oʻzbekistonni
barpo etish gʻoyasini ilgari surgan davlatimiz rahbari oʻzbek xalqining
ishonchi, xalqaro tashkilotlar vakillari, mintaqa va dunyo mamlakatlari
rahbarlarining hurmat-eʼtiborini qozonmoqda. Bu esa mamlakatimizning jadal
surʼatda taraqqiy etishiga zamin hozirlayotir.
Mot
boʻlmagan hukmdor
Markazlashgan
davlat tuzgandan soʻng 100 dan ortiq harbiy yurishda biror marta magʻlub
boʻlmagan Amir Temur shatranj (shaxmat)ga shunchaki ermak yoki vaqtini xush
oʻtkazadigan mashgʻulot emas, balki hozirgi til bilan aytganda, taktik nazariy
bilimlarni mustahkamlash vositasi sifatida qaragani manbalarda keltirilgan.
Masalan, ingliz olimi, yozuvchisi Xilda Xukxem “Amir Temur koʻp vaqtini
shatranj oʻyini ustida oʻtkazgan. U oʻz davrining mashhur shatranjchilari bilan
bemalol bellasha olgan”, deya qayd etgan.
Yana bir tarixiy
manbada esa harb ilmi va shatranjda tengsiz Sohibqiron bobomiz odatdagi
shaxmatning qonun-qoidalarini isloh qilib, murakkab shaxmat turini yaratgani va
unga “Shatranji komil” yoki “Shatranj al-kabir” deb nom bergani bayon etiladi.
Yana bir qiziq
maʼlumot. Amir Temur davrida kuchli shatranjchilar Samarqandda jamlangan va oʻzaro
dona surgan. Temur tashkil etgan musobaqalarda koʻp bor gʻoliblikni qoʻlga
kiritgan tabrizlik ash-Shatranjiy (Alouddin Tabriziy) shatranj haqida kitob
yozib, unda oʻzi hamda XIV asrgacha Markaziy Osiyoda yashagan koʻplab oliya
(grossmeyster)lar haqida maʼlumot bergan. U hatto Sohibqiron bilan ham shatranj
oʻynab turgan.
Bugun ham bunday musobaqalarning yurtimizda tashkil etilishi odatiy holga
aylanmoqda. Masalan, joriy yil Samarqand shahrida 46-jahon shaxmat olimpiadasi
boʻlib oʻtadi. Aql oʻyiniga qiziqish oʻzbek yoshlari uchun bobomerosdir. Bugun
ham shaxmat har bir oʻzbek oilasining sevimli oʻyinlaridan. Sevimli oʻyingina
boʻlib qolmay, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev,
Shamsiddin Vohidov kabi yoshlarimizni dunyoga tanitgan.
*
* *
Voha tomonlarda
bir qishloqdoshni tanish uchun “Isming nima?”, deb emas, “Kimlardansan?” degan
savol beriladi. Bobongizning ismi yoki familiyasini aytib, javob berasiz.
Soʻroqqa tutgan odamlar bobongiz qanday odam boʻlgani, qanday ishlar qilganini
hisobga olib, sizga muomala qiladi. Soʻzingiz, amalingizga ishonchi ham shunga
qarab shakllanadi.
Aslida, butun
dunyoda shunday. Sababi qayerga bormaylik, biz — oʻzbeklarga Imom Buxoriy, Abu
Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek avlodlari sifatida qarashadi.
Xalqaro maydonlarda ortiqcha gap-soʻz qilishdan iymanishlari bor gap. Ertaga
avlodlarimiz ham mana shunday qadr-qimmat koʻrishi, davraning eng toʻrida
oʻtirishi bizning bugungi saʼy-harakatlarimiz, farovon va taraqqiy etgan yangi
Oʻzbekistonni ularga meros qilib qoldirishimizga bogʻliq. Bundan esa koʻnglim
toʻq, nazarimda, 38 million nufusli yurtdoshlarimizning ham bu boradagi
ishonchi mustahkam. Zero, keyingi 9-10 yilda mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni
barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlida olamshumul
oʻzgarishlar kuzatilyapti, tarixiy gʻalabalar, katta natijalarga erishilmoqda.
Asosiysi, bu yoʻldagi saʼy-harakatlar susaygani yoʻq, islohotlar ortga qaytmas
tus olgan.
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri