Karvonning tuyalarga yuklangan ipak, ziravorlar, tilla, kumush va boshqa qimmatbaho mollari koʻzni qamashtiradi.
XI asrda Skandinaviyadan ancha yiroqda
— Buxoro yoki Samarqandga xos manzara boʻlsa-da, bu aslida ilk oʻrta asrlarda
Yevropani Markaziy Osiyo bilan bogʻlab turgan ulkan xalqaro savdo
tarmoqlarining bir koʻrinishi edi.
Vikinglar davri (IX–XI asrlar)dayoq
hozirgi Shvetsiya hududidan odamlar Yevroosiyoning daryo tizimlari boʻylab
Sharqqa harakatlanib, Buyuk ipak yoʻlining yirik markazlariga, jumladan,
Samarqand va Buxoroga intilgan. Shvetsiya hududidan somoniylar sulolasi davrida
ishlab chiqarilgan yuzlab kumush tangalarning topilishi mamlakatimizning
Oʻzbekiston bilan uzoq tarixiy aloqalariga guvohlik berib turuvchi dalildir. Zamonaviy
ilmiy tadqiqotlarga koʻra, Buxoro va Samarqanddan keltirilgan kumush tangalar
nafaqat savdo munosabatlarini rivojlantirish, balki oʻsha davrdayoq
Skandinaviyada kumush va boshqa metallarni qayta ishlash texnologiyalari
rivojiga ham hissa qoʻshgan.
Tarix davomida xalqlarimiz oʻrtasidagi
aloqalar turli shakllarda namoyon boʻlib kelgan. XVIII asrdagi Poltava jangidan
keyin shvedlar sharqiy hududlar bilan yangicha usulda aloqa oʻrnata boshladi.
XX asr boshlarida Sven Xedin kabi tadqiqotchi va geograflar Yevropada Markaziy
Osiyo haqidagi bilimlarni yanada boyitishga xizmat qilgan.
Ushbu
tarixiy nigoh bizga muhim bir haqiqatni eslatadi: mamlakatlarimiz va
mintaqalarimiz oʻrtasidagi munosabatlar kecha paydo boʻlmagan, ular chuqur
ildizlarga tayanadi.
Bugun
Oʻzbekiston va Shvetsiya mana shu ming yillik aloqalarni yangi bosqichga olib
chiqmoqda.
Soʻnggi
yillarda Oʻzbekiston xalqaro eʼtibor va eʼtirofga sazovor boʻlgan muhim
islohotlarni amalga oshirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida
Oʻzbekiston iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, biznes va investitsiya
muhitini yaxshilash, ijtimoiy sohani isloh etish hamda davlat institutlarini
takomillashtirish yoʻlida izchil qadamlarni davom ettirmoqda.
Shvetsiyada
ham bu taraqqiyot oʻz eʼtirofini topmoqda. Buni, xususan, shved
kompaniyalarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib, oʻzaro delegatsiyalar
almashinuvi kengayib borayotganida koʻrish mumkin. Taʼlim, migratsiya va
reintegratsiya sohalarida grant dasturlari orqali yangi loyihalar amalga
oshirilmoqda. Davlatlarimiz migratsiya sohasida keng qamrovli hamkorlik
toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga juda yaqin turibdi. Ushbu hujjatning ahamiyati
shundaki, Oʻzbekiston Shvetsiya bilan bunday turdagi kelishuvni imzolaydigan
ilk sherik davlat boʻladi.
Oʻzbekistondagi
keng ijobiy oʻzgarishlar Markaziy Osiyodagi jarayonlarga ham bevosita taʼsir
koʻrsatmoqda. Mintaqa bugun sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muhim koʻprik sifatida
qayta namoyon boʻlmoqda. Yuz yillar davomida global almashinuv markazi boʻlgan
Markaziy Osiyo XXI asrda savdo, energetika, transport va hamkorlikning muhim
markaziga aylanib bormoqda.
Oʻzining
strategik joylashuvi, islohotlarga yoʻnaltirilgan taraqqiyot strategiyasi va
kuchli intilishi bilan Oʻzbekistonning mazkur jarayonlar tizimidagi ahamiyati,
ayniqsa, muhim. Mintaqa qoq markazida joylashgan mamlakat Markaziy Osiyoning
barqaror va konstruktiv ishtirokchisi, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik hamda
barqaror taraqqiyotni izchil ilgari surayotgan aktor sifatida oʻzini tobora
ishonchli namoyon etmoqda.
Yevropa,
jumladan, Shvetsiya uchun bu teran va oʻzaro manfaatli munosabatlarni
rivojlantirish uchun muhim imkoniyatdir. Yanada chuqur va amaliy hamkorlik,
xususan, savdo, investitsiya, innovatsiya va barqaror rivojlanish sohalarida
yangi imkoniyatlarni yaratishimiz mumkin. Bunday hamkorlik ikki tomon uchun ham
amalda oʻzaro manfaatli boʻlishi tabiiy: uning bir tarafida aniq taraqqiyot
strategiyasiga ega va bardavom iqtisodiy oʻsishdagi, katta inson kapitali va
boy tabiiy resurslarga ega Oʻzbekiston boʻlsa, ikkinchi tarafda yuqori
texnologiyali kompaniyalar va ilgʻor bilimlarga ega Shvetsiya turibdi.
Ishonchim
komilki, global miqyosda eʼtirof etilgan shved kompaniyalari Oʻzbekistondagi
sanoatni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanishga sezilarli hissa qoʻsha
olishga qodir. Xususan, ushbu masalalar shu yil 13-mart kuni Shvetsiya Tashqi
ishlar vazirligida ikki mamlakatning konchilik sohasi korxonalari oʻrtasida
oʻtkazilgan biznes seminarida qizgʻin muhokama qilindi.
Biroq
bizning munosabatlarimiz faqat iqtisodiyotga asoslanmaydi. Hamkorligimiz
insonlar oʻrtasidagi aloqalar orqali yanada mustahkam boʻlishi mumkin. Bu
borada biz hali toʻliq oʻrganib ulgurmagan va oʻz muddatini kutib turgan katta
salohiyat mavjud. Buning sababi shuki, yaqin davrga qadar biz bir-birimiz haqida
juda kam maʼlumotga ega boʻlganmiz va baʼzan haqiqatdan ancha yiroq tasavvur va
stereotiplar bilan yashab kelganmiz.
2024-yili
Oʻzbekistonga ilk bor tashrifim davomida yuqori darajadagi mehmondoʻstlik va
samimiyat guvohi boʻldim. Bu menda chuqur va unutilmas taassurot qoldirdi.
Ushbu mamlakatning boy tarixi, Buyuk ipak yoʻlining muhtasham shaharlaridan
tortib, rang-barang anʼanalarigacha — bularning barchasi kuchli milliy oʻzlik
va iftixor madaniyati inʼikosi ekanini angladim.
Safarim
davomida men yana bir muhim haqiqatni anglab yetdim: Oʻzbekiston nafaqat
qadimiy oʻtmishga ega yurt, balki ishonch bilan kelajak sari intilayotgan
davlatdir.
Soʻnggi
yillarda Shvetsiya va Oʻzbekiston, shuningdek, mintaqalarimiz oʻrtasida
parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida faol ishlash sharafiga
muyassar boʻldim. Shu bilan birga, Toshkentda Shvetsiya elchixonasi ochilsa,
aminmanki, bu nafaqat Shvetsiyaning diplomatik va siyosiy, balki ushbu
strategik mintaqadagi iqtisodiy manfaatlariga ham xizmat qiladi.
YEXHT
Parlament assambleyasi doirasida biz Shimol-Boltiq mintaqasi va Markaziy Osiyo
mamlakatlari oʻrtasidagi muloqotni ancha faollashtirishga muvaffaq boʻldik.
Muntazam uchrashuvlar va qoʻshma tashabbuslar orqali tajriba almashish hamda
chuqur hamkorlik uchun platformalar ishlab chiqdik. Bu esa bir-birimizni yanada
yaxshi anglash va tushunishga yordam berib kelmoqda.
Shvetsiya
parlamentidagi Markaziy Osiyo boʻyicha doʻstlik guruhi rahbari sifatida
Riksdagda biznes-seminarlar ham oʻtkazib kelaman. Ushbu tashabbuslar shved
kompaniyalarining Oʻzbekiston va butun mintaqa bozoriga kirib kelishi uchun
investitsiyaviy va texnologik hamkorlikning yangi formatini kashf qilish uchun
qoʻshimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Hamkorligimiz
kun tartibini Oʻzbekistonning boy va jozibador sayyohlik salohiyatini
Shvetsiyada keng targʻib qilish orqali yanada mustahkamlashga kelishib oldik.
Yaqin orada biz ushbu mavzuga bagʻishlangan yirik tadbir oʻtkazishni
rejalashtirdik.
Shu
yil 24-mart kuni “Shvetsiya — Markaziy Osiyo” guruhi Stokgolmda — Riksdag
binosida Oʻzbekistonning diniy ekstremizmga qarshi kurashish, dinlararo
muloqotni rivojlantirish va terroristik tashkilotlarning sobiq aʼzolarini
reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlariga bagʻishlangan seminarga
mezbonlik qildi.
Oʻta
qiziqarli kechgan ushbu tadbirda Oʻzbekistondan nufuzli delegatsiya, jumladan,
Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar va boshqa diniy
konfessiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar
Shvetsiyada yuqori baholandi va Oʻzbekistonning tinchlik, barqarorlik, muloqot
va ijtimoiy rivojlanishni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yanada
chuqur va teran anglash imkonini berdi.
Mazkur
tadbir “Tinchlik, avvalo, uydan boshlanadi” degan haqiqatni yana bir marta
namoyon qildi: Oʻzbekistonda 130 ga yaqin millat va elat 16 ta diniy konfessiya
vakillarining tinch-totuv yashashini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar,
ayniqsa, mamlakatning murakkab geosiyosiy joylashuvini hisobga olganda, alohida
eʼtirofga loyiq.
Seminar
Shvetsiya va Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi “Biz bir-birimizdan
oʻrganishimiz mumkin boʻlgan jihatlar juda koʻp ekan” degan xulosani ham olish
imkonini berdi.
Shvetsiya
va Oʻzbekiston bir-biridan uzoq geografik makonlarda joylashgan hamda oʻz
taraqqiyot yoʻlidan borayotgan mamlakatlar boʻlsa-da, barqarorlik, taraqqiyot
va farovonlikka intilish kabi maqsadlarimiz mushtarak. Siyosiy muloqot, biznes,
taʼlim, madaniyat va xavfsizlik kabi sohalarda hamkorligimizni chuqurlashtirish
orqali uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli, turli stereotiplar va narrativlardan
xoli sheriklikni barpo etishimiz mumkin.
Bugun
biz sheriklik, oʻzaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan yangi
koʻpriklarni qurish uchun ajoyib imkoniyatlarga egamiz. Ezgu gʻoyalar va
qoʻshma saʼy-harakatlar orqali mamlakatlarimiz manfaatlariga birdek xizmat
qiladigan ijobiy natijalarga erisha olishga ishonchim komil.
Biz buni qoʻldan boy bermasligimiz zarur.
Byorn SYODER,
Shvetsiya parlamenti (Riksdag)
aʼzosi,
Riksdagning “Shvetsiya —
Markaziy Osiyo”
doʻstlik guruhi ahbari,
Shvetsiyaning YEXHT Parlament
assambleyasidagi delegatsiyasi
rahbari