Prezident Shavkat Mirziyoyev: “millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik — Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevoridir” – ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida jamiyatda bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda aholining mediasavodxonligini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Shuningdek, mamlakatimizda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun, millatlararo munosabatlarni rivojlantirishga oid Prezident farmon va qarorlari, ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi davlat dasturlari hamda raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazkur sohada olib borilayotgan izchil davlat siyosatining mustahkam huquqiy asosini tashkil etmoqda.

O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi dunyoda bag‘rikenglik madaniyatini qaror toptirishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro hujjat sifatida e’tirof etilgan.

Shu bois, globallashuv va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi sharoitida axborot makoni jamiyat hayotining barcha sohalariga, xususan, millatlararo munosabatlar va diniy hayotga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli kommunikatsiya vositalari insonlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni kengaytirish bilan birga, ayrim hollarda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka tahdid soluvchi g‘oyalar, yolg‘on axborot va radikal qarashlarni tarqatish maydoniga ham aylanib bormoqda. Raqamli dunyo sharoitida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasi alohida ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Raqamli transformatsiya sharoitida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish, ilmiy yondashuvlar va amaliy takliflarni ishlab chiqish, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, diniy konfessiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ekspertlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash maqsadida, mazkur masalalarni taxlil etish, yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida joriy yilning 8 iyul kuni Markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida “Raqamli dunyoda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada Oliy Majlis deputatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, diniy konfessiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda yoshlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov raqamli texnologiyalar insoniyatni birlashtirishini, shuningdek, bugungi kunda xalq diplomatiyasi raqamli diplomatiya bilan uyg‘unlashgan holda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashning samarali vositasiga aylanayotganini qayd etdi.

Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Andre Algermissen barqaror jamiyat qurishda raqamli texnologiyalar inson qadr-qimmati, demokratiya va bag‘rikenglik tamoyillari bilan uyg‘un rivojlanishi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, Germaniyadan tashrif buyurgan mazkur jamg‘arma bosh kotibi Mark Shpayx raqamli davrda inson huquqlari, diniy bag‘rikenglik va demokratik qadriyatlarni mustahkamlash sohasida tajriba almashuvini yanada kengaytirish muhimligini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev millatlararo totuvlik mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotining muhim kafolati ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov raqamli platformalar jamiyatni birlashtiruvchi samarali vositaga aylanishi uchun ularda ishonchli va xavfsiz axborot muhitini shakllantirish zarurligini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev raqamli texnologiyalar davlat va jamiyat o‘rtasida ochiqlik, shaffoflik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi lozimligini, axborot makonida mas’uliyatli muloqot madaniyatini shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanini ta’kidladi.

Konferensiyaning yalpi majlisida raqamli kommunikatsiyalar, davlat boshqaruvi, diniy bag‘rikenglik, madaniyatlararo muloqot, mediasavodxonlik, axborot xavfsizligi hamda yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov Markaziy Osiyo xalqlarini azaldan o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik an’analari birlashtirib kelganini, mazkur boy merosni zamonaviy raqamli vositalar orqali yosh avlod ongiga yetkazish barqaror taraqqiyotning muhim sharti ekanini qayd etdi.

Rus pravoslav cherkovining Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari Mitropolit Vikentiy dinlararo muloqot umuminsoniy qadriyatlarga asoslanishi, raqamli makon esa o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi lozimligini bildirdi.

“Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti direktori Azamat Jalolov yoshlar xavfsiz va mas’uliyatli raqamli muhitni shakllantirishda hal qiluvchi kuch ekanini, ularda tanqidiy fikrlash va mediasavodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

“Ziyo Forum” fondi Yoshlar markazi rahbari Sirojiddin Bozarov yoshlarning raqamli savodxonligini yuksaltirish, ishonchli axborotni saralash va tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish ekstremistik g‘oyalarga qarshi eng samarali ma’rifiy choralardan biri ekanini ta’kidladi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar raqamli makonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ekstremizm va radikalizm profilaktikasi, mediasavodxonlikni rivojlantirish, yoshlarning axborot madaniyatini yuksaltirish hamda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, raqamli makonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-amaliy muloqot maydoni bo‘ldi.

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati