Raqamli makon nafaqat axborot olish va muloqot qilish vositasiga, balki yoshlarning dunyoqarashi, didi, qiziqishlari va estetik qarashlari shakllanadigan muhim muhitga ham aylanib bormoqda.

Estetik did — insonning go‘zallikni anglash, uni baholash va undan zavqlanish qobiliyatidir. Inson nimani chiroyli, nafis, mazmunli yoki aksincha, nomunosib deb baholashi uning estetik didini namoyon etadi. Bugungi raqamli muhit esa bu jarayonga yangicha mazmun olib kirmoqda .

Avvallari yoshlarning estetik qarashlari ko‘proq oila, maktab, kitob, teatr, muzey, san’at va bevosita ijtimoiy muhit ta’sirida shakllangan bo‘lsa, bugun bu manbalarga internet va ijtimoiy tarmoqlar ham qo‘shildi. Instagram, TikTok, YouTube kabi platformalarda har kuni millionlab vizual obrazlar, videolar, dizaynlar va turli estetik trendlar namoyish etiladi.

Bunday muhitning ijobiy jihatlari juda ko‘p. Yoshlar dunyoning turli mamlakatlaridagi san’at namunalari, me’morchilik, musiqa, adabiyot, dizayn va madaniy meros bilan tanishish imkoniyatiga ega. Virtual muzeylar, raqamli ko‘rgazmalar va 3D texnologiyalar san’at asarlarini yanada keng auditoriyaga taqdim etmoqda. Natijada estetik tajriba faqatgina an’anaviy madaniyat maskanlari bilan cheklanib qolmayapti.

Shu bilan birga, raqamli muhit ayrim muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tez ommalashadigan vizual trendlar ba’zan yoshlarni mazmun va mohiyatdan ko‘ra tashqi ko‘rinishga ko‘proq e’tibor qaratishga undashi mumkin. Qisqa videolar va tez iste’mol qilinadigan kontent esa murakkab badiiy asarlarni chuqur anglash, tahlil qilish va estetik baholashga bo‘lgan ehtiyojni susaytirishi ehtimoldan xoli emas. Eng muhimi, yosh inson raqamli kontentni shunchaki tomoshabin sifatida qabul qilmasligi kerak. U ko‘rayotgan tasvir, video yoki boshqa materialning mazmuni, badiiy qiymati va insonga ta’sirini tahlil qila olishi zarur. Buning uchun esa tanqidiy fikrlash va vizual savodxonlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Raqamli muhit yoshlarni milliy estetik qadriyatlardan uzoqlashtiruvchi vosita emas, aksincha, ularni dunyoga tanituvchi imkoniyatga ham aylanishi mumkin. Masalan, milliy me’morchilik, amaliy san’at, musiqa, adabiyot va xalq ijodining namunalarini zamonaviy raqamli vositalar yordamida keng targ‘ib qilish mumkin. Bunda yosh avlod jahon madaniyati bilan tanishish barobarida o‘z milliy madaniyatining o‘ziga xosligini ham anglab boradi.

Shu nuqtai nazardan, estetik tarbiyaning vazifasi yoshlarni raqamli muhitdan cheklash emas, balki undan ongli va oqilona foydalanishga o‘rgatishdan iborat. Oila va ta’lim muassasalari bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Yoshlar raqamli axborotni tanlash, uning mazmunini tahlil qilish, go‘zallik va soxtalikni farqlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni qadrlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari lozim.

Bugungi yoshlar bir vaqtning o‘zida ham raqamli, ham real hayotda yashamoqda. Shuning uchun ularning estetik didini shakllantirishda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish bilan birga, kitob o‘qish, san’at asarlarini tomosha qilish, muzey va teatrlarga borish, milliy madaniyat va san’at bilan yaqindan tanishish kabi an’anaviy vositalarni ham unutmaslik kerak.

Zero, estetik did — insonning tashqi ko‘rinish yoki moda haqidagi qarashlarigina emas, balki uning dunyoni qanday ko‘rishi, go‘zallikni qanday anglashi va qadrlashi bilan bog‘liq ma’naviy fazilatdir. Shunday ekan, raqamli davrda bizning asosiy vazifamiz yoshlarni texnologiyadan uzoqlashtirish emas, balki ularga undan to‘g‘ri foydalanish, go‘zallikni anglash, mazmunni tashqi ko‘rinishdan ajratish va milliy hamda umuminsoniy estetik qadriyatlarni asrab-avaylashni o‘rgatishdir. Raqamli texnologiyalar taraqqiyoti qanchalik tezlashmasin, insonning go‘zallikni anglash va qadrlash ehtiyoji o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Muhimi, bu ehtiyojni zamonaviy raqamli imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtira bilishdir.

Ibraximova Dilorom,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi