Biroq bu jarayon yangi imkoniyatlar bilan birga yangi muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Jumladan, jamiyatning eng qadimiy va murakkab kasalliklaridan biri hisoblangan korrupsiya SI texnologiyalari bilan to‘qnashganda butunlay yangi xususiyat kasb etadi. Korrupsiya davlat g‘azinasiga moddiy zarar yetkazibgina qolmaydi. U fuqarolar bilan hokimiyat o‘rtasidagi ishonchni yo‘qotishi, iqtisodiy rivojlanishni sekinlashishi va demokratik institutlarni zaiflashtirib, adolatli boshqaruv tizimini tubdan izdan chiqarishining asosiy omillaridan sanaladi. Shu sababli, raqamli texnologiyalar va SI vositalari korrupsiyaga qarshi kurashda qanday rol o‘ynashi mumkinligi, bu yo‘lda qanday imkoniyatlar va to‘siqlar mavjudligi bugungi kunda dolzarb masalaga aylandi.

Xalqaro shaffoflik tashkiloti (Transparency International)ning 2025-yilgi korrupsiya holati indeksi (Corruption Perceptions Index 2025) hisobotiga ko‘ra, 182 ta davlat va hudud o‘rtasida o‘tkazilgan baholashda global o‘rtacha ko‘rsatkich o‘n yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta pasayib, 42 ballga tushdi. Mamlakatlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i 50 balldan past, 122 davlat esa 2012-yildan buyon turg‘unlikda yoki pasayish tendensiyasida (Transparency International, 2026a). Bu esa milliardlab odamlar korrupsiya yashash sharoitlarini barbod qiladigan, inson huquqlarini poymol qiladigan davlatlarda istiqomat qilib kelayotganini ko‘rsatadi. Bu raqamlar korrupsiyaga qarshi kurashishda an’anaviy yondashuvlarning yetarliligi va samaradorligiga jiddiy shubha tug‘diradi.

Korrupsiya tushunchasiga xalqaro huquqiy hujjatlar, milliy qonunchilik va ilmiy adabiyotlarda turlicha ta’riflar berilgan bo‘lib, ularning barchasi ushbu hodisaning ko‘p qirrali tabiatini turli rakursdan ochib beradi.

Xalqaro huquq nuqtai nazaridan, BMTning Korrupsiyaga Qarshi Konvensiyasi (UNCAC, 2003) korrupsiyaning yagona universal ta’rifini bermagan bo‘lsa-da, u pora olish va berish, mansab vakolatidan suiste’mol qilish, nufuzdan g‘ayriqonuniy foydalanish, davlat mulkini o‘zlashtirish kabi ko‘rinishlarni jinoiy javobgarlikka tortiluvchi qilmishlar sifatida belgilaydi (UNODC, 2004). Xalqaro shaffoflik tashkiloti esa korrupsiyani qisqacha “ishonib topshirilgan vakolatni shaxsiy manfaat yo‘lida suiiste’mol qilish” deb ta’riflaydi (Transparency International, 2026b). Jahon banki ham shunga yaqin yondashuv bilan korrupsiyani “davlat hokimiyati va vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish” sifatida izohlaydi (World Bank, 1997).

Milliy qonunchilikda esa O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida, korrupsiya — mansabdor shaxs tomonidan o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan moddiy yoki nomoddiy naf ko‘rish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda mansabdor shaxsga taqdim etish, deb belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi, 2017). Ushbu ta’rif korrupsiyaning ikki tomonini, ya’ni uni amalga oshiruvchi (mansabdor shaxs) va ta’minlovchi (naf taqdim etuvchi) tomonlarini bir vaqtda qamrab olganligi milliy huquq tizimida amaliy qo‘llanish uchun aniq va lo‘nda ifodadir.

Ilmiy adabiyotda korrupsiya tushunchasini tahlil qilgan olimlar orasida Robert Klitgaard alohida o‘rin tutadi. Uning mashhur formulasiga ko‘ra: K = M + I − H, ya’ni korrupsiya monopoliya (M) va ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) (I) katta bo‘lib, hisobdorlik (H) kuchsiz bo‘lgan joyda yuzaga keladi (Klitgaard, 1988, p. 75). Bu formula korrupsiyaning nafaqat axloqiy, balki tizimli-institutsional hodisa ekanini ko‘rsatadi. Italiyalik tadqiqotchilar Donatella della Porta va Alberto Vannucci esa korrupsiyani “yashirin bozorlar” orqali davlat qarorlarini sotib olish jarayoni sifatida talqin qilib, uning ijtimoiy tarmoq mexanizmlariga asoslanishini ta’kidlaydi (della Porta & Vannucci, 1999, p. 16). Siyosatshunos Joseph Nye esa korrupsiyani “rasmiy majburiyatlardan shaxsiy manfaat, ya’ni pul, maqom, ta’sir uchun chetlashish” deb ta’riflagan (Nye, 1967, p. 419).

Yuqoridagi ta’riflarni qiyosiy tahlil qilganda ularning umumiy mantiqiy yadrosi vakolat, shaxsiy manfaat va qonunga zidlik uchburchagi markaziy o‘rinni egallaydi. Shu asosda muallifning fikricha:

korrupsiya deganda — davlat yoki jamoat vakolatiga ega shaxsning ushbu vakolatini qonun va ijtimoiy manfaatga zid tarzda, o‘z yoki uchinchi shaxsning shaxsiy manfaati yo‘lida qasddan ishlatishi, shu orqali jamiyat, davlat yoki alohida fuqarolarga moddiy, huquqiy yoki ma’naviy zarar yetkazishi tushuniladi.

Ushbu ta’rif raqamli texnologiyalar kontekstida alohida ahamiyat kasb etadi. Qayd etish lozimki, an’anaviy korrupsiyaga qarshi mexanizmlarning uchta tizimli kamchiligi mavjud. Birinchidan, inson omili muammosi, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tekshiruv organlari xodimlari ham o‘zlari korrupsiyaga moyil bo‘lishi mumkin. Nazorat qiluvchi tizimning o‘zi nazoratga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu esa butun mexanizmning ishonchliligini ichidan yemiradi. Ikkinchidan, bugungi kunda moliyaviy korrupsion sxemalar shunchalik murakkablashib ketganki, ularni an’anaviy tekshiruv usullari bilan aniqlash deyarli imkonsiz. Bu esa salohiyat muammosini yuzaga keltiradi. Minglab tranzaksiya, ko‘plab kompaniya va yashirin moliyaviy zanjirlarni inson miyasi va oddiy tahlil vositalari real vaqtda qayta ishlash va shubhali jihatlarni ajratib ko‘rsatishga qodir emas. Uchinchidan, reaktivlik (javob munosabati) muammosi mavjud bo‘lib, an’anaviy tizimlar korrupsion holat sodir bo‘lgandan keyingina ishga tushadi. Buzilish aniqlanguncha zarar allaqachon yetkazilgan, mablag‘lar o‘g‘irlangan yoki tizim ishdan chiqqan bo‘ladi, ya’ni tizim oldini olish o‘rniga faqat oqibatlar bilan shug‘ullanadi.

Yuqorida keltirilgan uchta tizimli kamchilik an’anaviy korrupsiyaga qarshi mexanizmlarning nima uchun yetarli emasligini ko‘rsatadi. Raqamli texnologiyalar esa aynan shu bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun quyidagi asosiy vositalar orqali ishga tushadi.

Jumladan, E-hukumat tizimlari bevosita inson omili muammosiga qarshi ishlaydi. Davlat xizmatlari raqamli shaklga o‘tkazilganda, fuqaro va mansabdor shaxs o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa zaruriyati yo‘qoladi hamda o‘z-o‘zidan pora berish imkoniyati u bilan birga kamayadi. Zero, fuqaro xodim yuzini ko‘rish zaruriyatidan xalos bo‘lsa, pora berish imkoni ham yo‘qoladi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda ma’lmum sezilarli yutuqlarga erishdi, deyish mumkin. Xususan, my.gov.uz interaktiv davlat xizmatlar portali hozirda 700 dan ortiq elektron xizmatni taqdim etmoqda, mamlakat esa BMTning 2024-yilgi E-Hukumat rivojlanish indeksida (EGDI) 63-o‘ringa ko‘tarilib, EGDI balli 0,7999 ga yetdi va birinchi marta “juda yuqori” toifasiga kirdi (UN DESA, 2024).

Blockchain texnologiyasi salohiyat muammosini hal etishga xizmat qiladi. Murakkab moliyaviy zanjirlarni inson kuchi bilan kuzatib borish qiyin bo‘lgan sharoitda, blockchain har bir tranzaksiyani tarqatilgan reestrda qayd etadi va uni keyinchalik o‘zgartirishni texnik jihatdan tamomila imkonsiz qiladi. Bu texnologiyaning korrupsiyaga qarshi salohiyati uning arxitekturasida mujassamlashgan. Retroaktiv o‘zgartirishga chidamlilik tizimga dastlab qurilgan xususiyat sifatida kiradi. Gruziya hukumati yer kadastrini blockcheynga o‘tkazgach, yer-mulk ro‘yxatini qalbakilashtirish texnik jihatdan imkonsiz bo‘ldi (Benbunan-Fich & Castellanos, 2018). Estoniya esa “x-Road” infratuzilmasi orqali tibbiy yozuvlardan tortib saylov tizimiga qadar milliy ma’lumotlarni himoya ostiga olib, fuqarolarga o‘z ma’lumotlariga kim kirganligini tekshirib ko‘rish imkonini berdi (Nortal, 2021).

Ochiq davlat ma’lumotlari prinsipi reaktivlik muammosini yumshatadi. Hukumat byudjeti va shartnomalar ommaga ochiq formatda e’lon qilinganda, jamoatchilik nazorati proaktiv tus oladi, ya’ni zarar yetkazilishini kutmasdan turib shubhali holatlarga e’tibor qaratish mumkin bo‘ladi. Braziliyada jurnalistlar aynan shu ochiq ma’lumotlardan foydalanib, Petrobras korporatsiyasidagi milliardlab dollarlik korrupsion sxemalarni fosh etgan (Transparency International, 2017). Bu esa fuqarolik jamiyati nazoratining real samaradorligini ko‘rsatuvchi yorqin misol bo‘ldi.

Raqamli davlat xaridlari tizimlari uchala muammoga bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatadi. Insoniy aloqani kamaytiradi, murakkab xarid zanjirlarini kuzatishni avtomatlashtiradi va jarayonlarni real vaqtda shaffof qiladi.

Sun’iy intellektga asoslangan korrupsiyaga qarshi vositalar tushunchasi so‘nggi yillarda ilmiy muomalaga keng kirib keldi. Biroq, korrupsiyaga qarshi kurashda sun’iy intellektni qo‘llashga oid ko‘plab tashabbuslar mavjud bo‘lishiga qaramay, uning siyosiy va ijtimoiy oqibatlarini empirik jihatdan o‘rgangan tadqiqotlar hali ham yetarli emas. Ushbu bo‘shliq korrupsiyaga qarshi vosita sifatida sun’iy intellektning hali shakllanish bosqichida ekanligini ko‘rsatadi va shu sababli mazkur yo‘nalishda yangi empirik tadqiqotlar o‘tkazish ilmiy jihatdan dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Köbis va boshqalar (2022) korrupsiyaga qarshi vosita sifatida sun’iy intellekt tizimlarini ikki asosiy yondashuvga ajratadi. Bular - yuqoridan-pastga (top-down) va pastdan-yuqoriga (bottom-up) (Kobis et al., 2022.). Yuqoridan-pastga yondashuvda sun’iy intellekt texnologiyasi hukumat idoralari tomonidan fuqarolar va davlat xodimlari ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida qo‘llaniladi. Pastdan-yuqoriga yondashuvda esa SI fuqarolar, nodavlat tashkilotlar va jurnalistlar tomonidan hukumat faoliyatini nazorat qilish uchun ishlatiladi. Bu yondashuv fuqarolarga hukumat va byurokratik amaldorlarni nazorat qilishda misli ko‘rilmagan imkoniyatlar taqdim etadi.

Top-down yondashuvning asosiy afzalligi shundaki, sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, korrupsiya xavfini oldindan bashorat qila oladi. Bundan tashqari, SI yangi paydo bo‘layotgan murakkab korrupsiya sxemalarini, jumladan, kleptokratlar (davlat boyliklarini o‘zlashtiruvchi amaldorlar) qo‘llayotgan yashirin kompaniyalarni kuzatib borishda muhim rol o‘ynaydi. Bunga misol qilib, Xitoyning Zero Trust loyihasi keltirish mumkin. Loyiha 60 milliondan ortiq davlat amaldorlari orasidagi korrupsiyani aniqlashga qaratilgan bo'lib, bunda 150 ta ma'lumotlar bazasi, jumladan bank hisobotlari, mulk o'tkazmalari va shaxsiy xaridlar o'zaro solishtirilgan (Corruption Watch, 2025). Biroq, ushbu yondashuvning ikki tomonlama xavfi ham mavjud. Birinchidan, ma’lumot va kodni kim nazorat qilsa, hokimiyat ham o‘shaning qo‘lida bo‘ladi. Ikkinchidan, hukumat bu texnik infratuzilmani siyosiy raqiblarni kuzatish va jilovlash uchun ishlatishi mumkin.

Bu holat top-down yondashuvning nafaqat texnik, balki siyosiy jihatdan ham qanchalik nozik va qarama-qarshi oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Qonun ustuvorligi zaif bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muhitda sun’iy intellektga asoslangan korrupsiyaga qarshi kampaniyalar asosan mavjud hokimiyat tomonidan siyosiy raqiblarni nishonga olish uchun ishlatiladi, ya’ni algoritmlar hukumatlarga tanqidchilarni yanada samaraliroq jilovlash imkonini berishi mumkin.

Pastdan-yuqoriga yondashuvning imkoniyati esa Ukraina va Braziliya kabi mamlakatlar tajribasida namoyon bo‘lmoqda. Ukrainada “Dozorro” portali sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida korrupsiya xavfini aniqlaydi va natijalarni jamoatchilikka yetkazadi (Transparency International Ukraine, 2016). Braziliyada esa “Rosie da Serenata” nomli tweetbot deputatlarning shubhali xarajatlarini avtomatik ravishda aniqlab, ularni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etadi (Musskopf et al., 2016). Shu bilan birga, bunday raqamli jamoaviy harakatlar samarali amalga oshirilishi uchun smartfon, internet va texnik ko‘nikmalar zarur bo‘lib, bu imkoniyatlar jamiyatda notekis taqsimlanganligi pastdan-yuqoriga yondashuvning universalligini cheklaydi.

Ushbu tizimlar o‘zini oqlashi uchun xavflarni bartaraf etish uchun Kobis va boshqalar “jamiyatni tizimga kiritish” (society-in-the-loop) prinsipini ilgari suradi. Korrupsiyaga qarshi vosita sifatida sun’iy intellekt tizimlari fuqarolarning qarashlari va manfaatlarini hisobga olgan holda loyihalashtirilishi kerak, aks holda texnologiya “katta birodar” kuzatuvining yangi shakliga aylanib qolishi mumkin. Bu prinsip O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Raqamli tizimlarni joriy etishda faqat texnik samaradorlikni emas, balki fuqarolik ishtirokini ham ta’minlash zarur. Boshqacha aytganda, texnologiyaning o‘zi emas, balki uni boshqarish tizimi va fuqarolik nazorati mexanizmlari korrupsiyaga qarshi samaradorlikning asosiy kafolati bo‘lib xizmat qilishi kerak.

SI tizimlarining eng kuchli tomoni — bu anomaliyalarni, ya’ni g‘ayritabiiy holat va belgilarni aniqlash qobiliyatidir. Bugungi zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari mashinali o‘rganish (ML), chuqur o‘qitish (deep learning), tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) va katta til modellari (LLM) kabi ilg‘or texnologiyalarga tayanadi. Mashinali o‘rganish algoritmlarining davlat xaridlari sohasida muvaffaqiyatli qo‘llanilganini ko‘rsatdi. Chuqur tahlil usullari soxta yetkazib beruvchilarni fosh eta oladi, ML modellari esa xususiy kompaniyalar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi shubhali aloqalarni va boshqa korrupsiya belgilarini ishonchli tarzda aniqlay oladi. Braziliyada 2015-yilda Bosh nazorat idorasi (CGU) joriy etgan “Alice” tizimi ma’lumotlarni qazib olish (Data mining), ML va matn tahlili usullarini birlashtirib, tender hujjatlari, takliflar va shartnomalarni tekshiradi hamda korrupsion amaliyotlarni aniqlaydi (Menke et al., 2024). Jahon banki sinov sifatida ishga tushirgan Boshqaruv xavfini baholash tizimi (GRAS) ham xuddi shu yo‘nalishda faoliyat yuritadi (World Bank, 2023).

Kelajakni bashorat qiluvchi tahlil sohasidagi eng muhim empirik tadqiqot sifatida Lopez-Iturriaga va Pastor-Sanz (2018) tadqiqotlarini keltirish mumkin. Ular sun’iy neyron tarmoqlarga asoslangan erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqib, Ispaniyada 2000–2012-yillar oralig‘ida sudda isbotlangan korrupsiya holatlari asosida uni sinovdan o‘tkazdilar. Bu tadqiqotning asosiy metodologik afzalligi shundaki, mualliflar korrupsiyaning xalq orasidagi tasavvuriga emas, balki haqiqiy, isbotlangan holatlarga oid ma’lumotlarga tayandilar. Bu esa natijalarning amaliy ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi (Lopez-Iturriaga & Pastor-Sanz, 2018, p. 993). Tadqiqotning eng diqqatga sazovor xulosasi shundaki, tizim korrupsiya rasman aniqlanishidan 3 yil oldin uni bashorat qila oldi (Lopez-Iturriaga & Pastor-Sanz, 2018, p. 993). Bu esa bashorat qiluvchi yondashuvning muammoga reaktiv emas, proaktiv munosabatda bo‘lish imkonini berishini amalda isbotlaydi. Tadqiqot shuningdek statistik jihatdan kuchli bir qator omillarni ham aniqladi. Bular ko‘chmas mulkka solinadigan soliq darajasi, iqtisodiy o‘sish sur’ati, ko‘chmas mulk narxlarining ko‘tarilishi, moliya muassasalari va tijorat firmalar sonining ortishi, hamda bir siyosiy partiyaning hokimiyatda uzoq muddat qolishi kabilar.

Ushbu misollardan kelib chiqib aytish mumkinki, sun’iy intellekt tizimlari juda katta hajmdagi ma'lumotlarga va maxsus texnik quvvatlarga tayanadi. Agar davlat o'zining ichki IT-infratuzilmasi, ma'lumotlar bazalari va xavfsizlik tizimlarini rivojlantirmasa, davlat sektorini raqamlashtirish uchun xorijiy kompaniyalar yoki global texnologiya gigantlariga tayanib qoladi. Bu masala O‘zbekiston uchun ham bevosita tegishli bo‘lib, raqamli islohotlarni orqaga surish nafaqat samaradorlikni pasaytiradi, balki strategik mustaqillikka ham tahdid soladi.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi raqamli sohadagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 2020). Bu islohotlarning dastlabki samarasi allaqachon xalqaro ko‘rsatkichlarda o‘z aksini topdi. Xususan, Transparency International CPI 2023 hisobotida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston 2014–2023-yillar oralig‘ida eng katta ijobiy siljishni ko‘rsatgan davlat bo‘ldi (+15 ball), 2017-yildagi 22 balldan 2023-yildagi 33 ballga yetdi va 182 davlat ichida 121-o‘rinni egalladi (Transparency International, 2024). Shu bilan birgalikda, 2024-yil 14-oktabrda qabul qilingan PQ-358-son Qaror bilan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlangan bo‘lib (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 2024), unda SI texnologiyalari bo‘yicha etika qoidalarini ishlab chiqish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu sun’iy intellekt sohasida ham muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Biroq yutuqlar bilan bir qatorda tizimli muammolar ham mavjud. Birinchidan, raqamli infratuzilmaning notekis rivojlanishi, shahar va qishloq joylardagi internet qamrovi sifatidagi farq barcha fuqarolarga elektron xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatini bermayapti. Ikkinchidan, SI va raqamli tahlil sohasidagi ixtisoslashgan kadrlar tanqisligi tizimlarga to‘laqonli xizmat ko‘rsatishni qiyinlashtiradi. Uchinchidan va eng muhimi, huquqiy bazaning zamonaviy raqamli voqelikdan ortda qolishi jiddiy muammolar tug‘diradi. Algoritmik qarorlarning huquqiy maqomi, SI tomonidan aniqlangan faktlarning sud dalili sifatidagi qiymati kabi masalalar hali to‘liq tartibga solinmagan. Bu kabi kamchiliklar bartaraf etilmasa, eng ilg‘or texnologik tizimlar ham amaliyotda samarasiz bo‘lib qolishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi vosita sifatida sun’iy intellekt tizimlarining to‘rt turdagi tizimli muammosi farqlanadi. Birinchisi — ma’lumotlar sifati muammosi. To‘liqsiz, noizchil yoki noxolis ma’lumotlar to‘plamlari algoritmning noto‘g‘ri xulosalarga kelishiga olib kelib (Transparency International, 2025), soxta ijobiy (begunoh mansabdorni gumon ostiga olish) yoki soxta salbiy (haqiqiy korrupsionerning aniqlana olmasligi) natijalarda namoyon bo‘ladi. Kobis va boshqalar (2022) bu muammoni “algoritmik adolatsizlik” deb ataydi. Agar ma’lumotlar bazasida tarixiy noxolislik belgilari mavjud bo‘lsa, tizim bu belgilarni takrorlaydi va ba'zi mansabdor toifalarini nohaq gumon ostiga olish xatari paydo bo‘ladi.

Ikkinchisi — shaffoflik muammosi. Chuqur o‘qitish algoritmlarining ko‘pchiligi “qora quti” (black box) xususiyatiga ega bo‘lib, nima uchun ma’lum bir qarorga kelinganini tushuntirish qiyin yoki imkonsiz. Bu esa Xitoyning Zero Trust loyihasi singari qanchalik natijalar mantiqiy bo’lmasin, noaniqligi sababli muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bu esa huquqiy nuqtai nazaridan jiddiy muammo tug‘diradi. Mansabdor shaxs nimaga asoslanib ayblanyapti, qanday algoritmik mantiq ishlatildi kabi savollarga javob bo‘lmasa, sudlov jarayoni adolatli bo‘la olmaydi. Bu esa o‘z navbatida, davlat sektorida qo‘llaniladigan SI tizimlari tushunarli bo‘lishi kerakligini talab etadi. Ushbu talab fuqarolar ishonchini ta’minlashning ham zaruriy sharti bo‘lib, O‘zbekiston qonunchiligida ham mustahkamlanishi zarur sanaladi.

Uchinchisi — hokimiyat markazlashuvi xavfi. Hukumat tomonidan qo‘llaniladigan korrupsiyaga qarshi vosita sifatida sun’iy intellekt tizimlari hokimiyat strukturalarini yanada mustahkamlashi va yangi korrupsion xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin. To‘rtinchisi — “texnologik determinizm” xavfi. Bu raqamli tizimlar mavjud bo‘lsa, siyosiy iroda, mustaqil sud va erkin matbuot zaruriyati yo‘qoladi deb hisoblaydigan yanglish tasavvur. Holbuki SI korrupsiyaga qarshi kurashda mavjud mexanizmlarni to‘ldirishi mumkin, lekin ularni almashtira olmaydi. SI to‘g‘ri yo‘naltirilganda va jamiyat nazorati ostida qo‘llanilganda korrupsiyaga qarshi kuchli qurolga aylanishi mumkin, biroq texnologiya siyosiy irodani o‘rnini bosa olmaydi, u siyosiy irodani kuchaytiruvchi vosita, xolos (Odilla, 2023, p. 28). O‘zbekiston uchun bu xulosa ayniqsa muhim hisoblanib, raqamli vositalar institutsional islohotlar bilan parallel olib borilgandagina o‘z samarasini to‘liq ko‘rsata oladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, korrupsiya yagona sababi yoki yagona yechimi bo‘lmagan tizimli ijtimoiy kasallik. Shu sababli unga qarshi kurash ham tizimli talab etadi. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bu kurashda shaffoflikni oshirish, inson omilini kamaytirish va muammoni sodir bo‘lishidan oldin aniqlash orqali amaliy imkon beradi.

Biroq texnologiya o‘z-o‘zicha yetarli emas. Qaysi ma’lumotlar asosida ishlashi, kim tomonidan boshqarilishi, fuqarolik nazorati ta’minlanganligi masalalari muhim. Algoritmlar adolatli bo‘lmagan ma’lumotlardan adolatsiz xulosalar chiqaradi. Shaffof bo‘lmagan tizim fuqaro ishonchini emas, shubhasini oshiradi. Yuqoridan joriy etilgan nazorat mexanizmi esa bir korrupsiya shaklini boshqasiga almashtirish xavfini tug‘diradi. O‘zbekiston bu yo‘lda ma’lum yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, sun’iy intellekt qarorlarining huquqiy maqomini belgilash, tushunarli algoritmlar orqali fuqaro ishonchini ta’minlash va raqamli vositalar yordamida mustaqil fuqarolik nazoratini kuchaytirish kun tartibidagi dolzarb masalalardir.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, raqamli texnologiyalar korrupsiyani bir zumda bartaraf eta olmaydi va siyosiy irodaning o‘rnini bosa olmaydi. Biroq, korrupsioner uchun yashirinish maydonini toraytiradi, fuqaro uchun nazorat imkonini kengaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, adolatli va shaffof boshqaruvni qurishda davlat va jamiyatning birgalikdagi sa'y-harakatlarini texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.

Mamanazarov Sardor,
PhD, dotsent
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi kafedrasi mudiri