Safar doirasida QS World University Rankings xalqaro reytingida barqaror ravishda TOP-400 talikka kiruvchi, 1921-yilda asos solingan Belarus davlat universiteti rahbariyati bilan strategik uchrashuv o‘tkazildi. Universitet rektori Andrey Korol boshchiligidagi jamoa bilan kechgan muloqotda magistratura bosqichida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, matematika, fizika, kimyo, biologiya, sun’iy intellekt va gumanitar yo‘nalishlarda qo‘shma fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari kelishib olindi. Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda qo‘shma maqolalar chop etish hamda “U10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi doirasidagi hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Delegatsiyaning navbatdagi manzili Belarus milliy texnika universiteti bo‘ldi. Muzokaralar davomida muhandislik-texnologiya va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida akademik mobillikni rivojlantirish hamda ishlab chiqarish va oliy ta’lim integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha muhim bitimlar tuzildi. Shundan so‘ng, Belarusning yetakchi agrar markazi - Belarus davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasiga tashrif buyurildi. Akademiya rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqot yakunida zamonaviy agrar fanni rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur hujjat ilmiy-innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov uchrashuvlar yakunida xorijiy hamkorlarga universitetning ramziy esdalik sovg‘alarini topshirdi. Ta’kidlanganidek, ushbu xalqaro xizmat safari shunchaki uchrashuv emas, balki BuxDUning xalqaro akademik nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladigan strategik qadamdir. Barcha takliflar qisqa muddatda mutaxassislar darajasida ishlab chiqilib, aniq “yo‘l xaritalari” asosida hayotga tatbiq etiladi. Bu esa talabalarga jahon darajasidagi ta’lim olish, professor-o‘qituvchilarga esa nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish imkonini beradi.
BuxDU Axborot xizmati
Hamkorlik materiali