Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mazkur aviakompaniyalar faoliyati bo‘yicha murojaatlar keskin ko‘paygan. Xususan, avia qatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan 2025 yilda 127 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida ularning soni 145 taga yetgan.

Tahlillar davomida ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olish, parvozlarning belgilangan vaqtga rioya qilinmasdan kechikishi, shuningdek, sifatsiz xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangan.

Murojaatlarda asosan yo‘lovchilarga xizmatlar haqida yetarli ma’lumot berilmasligi, oldindan chipta rasmiylashtirgan yo‘lovchilarga joy ajratish rad etilishi, reyslarning bir necha soatga kechikishi hamda yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya yoki qo‘shimcha xizmatlar taqdim etilmayotgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.

Qo‘mita o‘rganishlarida ayrim holatlarda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, havo transportida yo‘lovchi tashish qoidalari va boshqa me’yoriy talablarqa to‘liq rioya qilinmayotgani ma’lum bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi “Centrum Air” va “Qanot Sharq” tomonidan yo‘lovchi tashishda reyslarning kechikishi, samolyotlardagi texnik nosozliklar hamda xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqish va tegishli choralar belgilash bo‘yicha Fuqaro aviatsiyasi agentligiga so‘rov kiritgan.

Shuningdek, qo‘mita 2025–2026 yillarda respublikada faoliyat yuritayotgan barcha aviakompaniyalar kesimida reyslarning kechikishi, uning sabablari va yo‘lovchilarga to‘langan kompensatsiyalar yuzasidan tahliliy o‘rganishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.