Tadbir Qatar amiri oilasi aʼzosi, Qatar muzeylari raisi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy ishtirokida oʻtkazildi.
Koʻrgazmada Oʻzbekiston muzeylari hamda Qatar kolleksiyalarida saqlanayotgan noyob eksponatlar namoyish etilmoqda. Ekspozitsiya islom dini tarqalishidan oldingi davrlardan tortib, Somoniylar va Temuriylar davri hamda bugungi kungacha boʻlgan tarixiy bosqichlarni qamrab olgan.
Unda tarixiy osori-atiqalar, anʼanaviy hunarmandchilik va toʻqimachilik sanʼati namunalari oʻrin olgan.
“Bu — Qatar xalqi va uning mehmonlarini boy tariximiz hamda merosimiz bilan yaqindan tanishtirish uchun qulay imkoniyat, shuningdek, Oʻzbekiston–Qatar madaniy aloqalarini yanada rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Shu kuni Qatarning yetti nafar hunarmandining Toshkent, Samarqand va Buxoroga ijodiy safari natijalariga bagʻishlangan “Ektashif Uzbekistan” koʻrgazmasi ham ochildi.
Unda Oʻzbekiston madaniyati va anʼanalaridan ilhomlangan hunarmandlar tomonidan yaratilgan zargarlik buyumlari, qadimiy xattotlik uslubidagi asarlar, nafis gilamlar hamda ijodiy safar davomida olingan fotosuratlar namoyish etilmoqda.