2026-yilda o‘zining chorak asrlik yubileyini nishonlayotgan ushbu maxsus xayriya poyezdi o‘tgan yillar davomida olis va chekka hududlar, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasi aholisi uchun chinakam shifo maskaniga aylandi.

Tarixga nazar

Ushbu insonparvarlik loyihasining huquqiy asosi Birinchi Prezident Islom Karimovning 1998-yildagi tegishli farmoni bilan belgilangan edi. Biroq g‘oyani hayotga tatbiq etish va uning tibbiy konsepsiyasini ishlab chiqish oson kechgani yo‘q.

Tibbiy poyezd g‘oyasining muallifi, loyiha tashabbuskori va uning birinchi bosh shifokori, Nodira Yuldasheva 2000-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati rahbariga amaliy taklif bilan chiqdi. Uning tinimsiz sa’y-harakatlari natijasida ajratilgan vagonlar qisqa fursatda zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, shifokorlar brigadasi shakllantirildi. Sharafli karvon “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning tegishli farmoyishiga asosan, 2001-yil 1-iyun kuni o‘zining ilk qatnovini boshladi.

G‘ildirak ustidagi ko‘p tarmoqli klinika

“Salomatlik” poyezdi 5 ta maxsus vagondan iborat mukammal tizimdir. Uning tarkibida, 2 ta ambulatoriya, 1 ta flyuorografiya, 1 ta avtonom dizel va bitta tibbiyot xodimlari uchun dam olish vagonlari mavjud.

Bugungi kunda poyezd eng zamonaviy UTT (UZI), EKG, raqamli flyuorografiya va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Brigada tarkibidagi tajribali terapevt, nevropatolog, pediatr, ginekolog, endokrinolog, dermatolog va stomatologlar olis ovullardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelmoqda.

Poyezdning faoliyat ko‘lami faqat mamlakatimiz hududi bilan cheklanib qolmadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 2024-yilning 25-30-dekabr kunlari tarkibi 9 ta vagonga kengaytirilgan “Salomatlik” poyezdi Afg‘onistonning Balx viloyatiga insonparvarlik missiyasi bilan bordi. O‘zbekistonlik shifokorlar qo‘shni davlat aholisiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatib, zarur dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarini ulashishdi. Bu voqea yurtimizning oliyjanob tashqi siyosati va insonparvarlik tamoyillarini dunyoga yana bir bor namoyish etdi.

Bag‘rikenglikning chegara bilmas namunasi

Joriy yilning 16-oktyabr kuni poytaxtimzdagi AZIMUT Grand Hotel tantanalar zalida, "Salomatlik” tibbiy-sanitar yordam poyezdining asoschisi, shifokor-kardiolog, hozirgi kunda "Uzbek Community Canada" xamjamiyatining prezidenti Nodira Yuldasheva tomonidan “Salomatlik” poyezdining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida so‘zga chiqqan mutasaddilar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan 25 yildan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinayotgan loyihaning faoliyati, erishgan yutuqlari, chorak asr davomida bosib o‘tgan nurli yo‘li va jamiyatga keltirgan nafi bo‘yicha ma’lumot berdi. 

Shuningdek, ular N. Yuldashevaning loyihadagi o‘rni va uning hozirgi kundagi faoliyatiga ham alohid to‘xtalib, vatanparvarlik g‘oyasi asosida olib borayotgan ishlarini e’tirof etib, diplom, tashakkurnoma va estalik sovg‘alar bilan taqdirladilar.

Yigirma besh yillik sanaga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda videorolik namoyish etilib, taniqli san’atkorlar tomonidan kuylangan kuy, qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Darhaqiqat, 25 yil, tarix uchun qisqa fursat bo‘lsa-da, “Salomatlik” poyezdi uchun bu millionlab sog‘lomlashtirilgan insonlar, asrab qolingan hayotlar, minglab kilometr masofalar va xalqning davlatdan rozilik tuyg‘usi demakdir. Ushbu loyiha sog‘liqni saqlash va temir yo‘l tizimi hamkorligining eng muvaffaqiyatli hamda barhayot namunasi sifatida tarixga kirdi. Chorak asr davomida jazirama issiq va qahraton sovuqlarga qaramay, poyezd jamoasi relslar orqali insonlarga sog‘lik va tabassum ulashishda davom etmoqda. 

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri