Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida «Oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xoʻjaligi: resurstejamkor texnologiyalar, yashil iqtisodiyot, aqliy qishloq xoʻjaligi va agroturizmni rivojlantirish yoʻllari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda «Iqtisodiy oʻsish va inson kapitalini rivojlantirish uchun taʼlimning innovatsion shakllari» xalqaro forumi oʻz ishini boshladi.

Anjumanda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliyg taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Tojikistondan kelgan mehmonlar, Latviya va Slovakiya elchixonalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda asosiy eʼtibor suv va boshqa resurslardan tejamkor foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va «aqlli» qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini joriy etish masalalariga qaratilmoqda.

Anjuman doirasida Oʻzbekiston, Tojikiston, Slovakiya va Latviya universitetlari hamkorligida amalga oshirilgan «Ochik universitet» loyihasining natijalari ham muhokama qilinmoqda. Loyiha doirasida talabalar yoshi va qaerda yashashidan qatʼi nazar, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ochiq kurs va modullarda taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ikki kun davom etadigan konferensiyada qishloq xoʻjaligini iqtisodiy baholash, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, tuproq unumdorligini oshirish hamda resurstejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, yosh tadqiqotchilarning innovatsion gʻoyalari va amaliy ishlanmalari taqdim qilinib, ularni ragʻbatlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratiladi.

Hamkorlik materiali