Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, raqamli transformatsiya, suniy intellekt texnologiyalarini joriy etish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish hamda bu sohada qonunchilikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularga tezkor javob qaytarish borasida ikki tomonlama hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Bu borada Koreya tajribasi asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini evakuatsiya qilish va xavfsizlikni taminlashga qaratilgan raqamli texnologiyalarni hududlar va mahallalar darajasida joriy etish imkoniyatlari haqida fikr yuritildi. Bunda mahalliy Kengashlar deputatlarining amaliy loyihalarni joylarda samarali tatbiq etishdagi ahamiyati qayd etildi.

Muloqot davomida mamlakatimizdagi koreys diasporasining ikki xalq o‘rtasida do‘stlik va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdagi muhim o‘rin tutishi alohida takidlandi. Shuningdek, 2027-yilda koreys diasporasi O‘zbekistonda yashayotganining 90-yilligi keng nishonlanishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo va hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish orqali o‘zaro manfaatli tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda amaliy sheriklikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.