Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazining ma’lum qilishicha, har kuni bozorning Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish-chiqish nuqtalaridan 1 500 dan ortiq avtomobil foydalanadi. Bu esa mazkur hududda transport oqimi oshishi va tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lib kelgan.
Muammoni hal etish maqsadida YHTEM tomonidan bozor hududida harakatni tashkil etishning yangi sxemasi joriy etilmoqda. Loyiha doirasida bozor bo‘ylab qo‘shimcha lokal yo‘l qurilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, bozorga kelayotgan avtomobillar asosiy oqimni band qilmasdan lokal yo‘l orqali hududga kirishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, bozorga kelayotgan transport vositalari ham avval lokal yo‘lga chiqib, keyin asosiy yo‘l harakatiga qo‘shiladi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yechim Yangi Sergeli ko‘chasidagi yuklamani kamaytirish, keskin tormoz berish va burilish harakatlarini qisqartirish hamda harakat xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yangi yo‘l bo‘ylab piyodalar va velosipedchilar uchun alohida infratuzilma yaratilmoqda. Bu bozorga keluvchi xaridorlar, ishchilar, mahalla aholisi hamda jamoat transporti yo‘lovchilari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Bozor hududidagi avtoturargohlarni tartibga solish ishlari ham olib borilmoqda. Xususan, 2 mingdan ortiq avtomobil joyiga mo‘ljallangan yo‘l chiziqlari chizilgan. Bu hududdan samarali foydalanish, tartibsiz to‘xtab turish holatlarini kamaytirish va ichki harakatni xavfsiz tashkil etish imkonini beradi.
YHTEM ma’lumotiga ko‘ra, yangi yechim transport oqimini tartibga solish, tirbandliklarni kamaytirish, jamoat transporti harakati samaradorligini oshirish hamda piyodalar uchun xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qiladi.