Shvetsiya hukumatiga 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi uchun yosh cheklovini joriy etish taklif qilindi. Dastlabki hisobotga ko‘ra, ushbu talab 2028-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kirishi mumkin.
Shvetsiyaning SVT telekanali xabar berishicha, o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarga yosh cheklovini joriy etish imkoniyatini o‘rgangan maxsus komissiya hukumatga dastlabki oraliq hisobotini taqdim etgan.
Hujjatda ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri sababli ularga kirish imkoniyatini cheklash zarurligi ta’kidlangan va eng kam yosh chegarasini 15 yosh etib belgilash taklif qilingan, deb xabar berdi Kazinform.
Jakob Forssmed milliy ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotida bu tashabbus bolalarga haqiqiy bolalik davrini qaytarishga qaratilgan muhim qadam bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
“Biz butun bir avlodni cheklanmagan tarzda ekranni surib ko‘rishga qurbon qilib qo‘yyapmiz”, — dedi vazir.
Shuningdek, Shvetsiyaning sog‘liqni saqlash agentligi ham ota-onalarni farzandlari bilan birga vaqt o‘tkazayotganda telefonlarini chetga qo‘yishga chaqirdi. Ular ekranga qaramlik bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, ota-onalarga uyning ayrim qismlarini «telefonsiz hudud» deb belgilashni tavsiya qildi
“Farzandingiz bilan birga bo‘lganingizda telefonni boshqa joyga qo‘ying”, — deyiladi idora murojaatida.