Shu bois hayot davomida ta’lim olish konsepsiyasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning mazmuni faqat yangi bilimlarni egallash bilan cheklanmay, insonning o‘z ta’lim faoliyatini tashkil etishi, aniq maqsad belgilashi, duch keladigan qiyinchiliklarni yengib o‘tishi va ko‘zlangan natijaga erishish uchun izchil harakat qilishini ham nazarda tutadi. Ayniqsa, talabalik davrida bunday ko‘nikmalarni shakllantirish muhim. Chunki talaba vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, o‘quv vazifalarini o‘z vaqtida bajarish, mustaqil qarorlar qabul qilish va murakkab vaziyatlarda maqbul yechim topishga o‘rganadi. SMART-maqsadlar texnologiyasi aynan shu jarayonda talabaga o‘z faoliyatini tartibga solish, ustuvor vazifalarni belgilash va kutilayotgan natijaga yo‘naltirilgan harakatlarni rejalashtirishda yordam beradi. Bunday faoliyat jarayonida intizom, qat’iyat, maqsadga intiluvchanlik, mas’uliyat, sabr-toqat va o‘zini nazorat qilish kabi irodaviy sifatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, bilim olishga bo‘lgan qiziqish insonni oldinga undasa, iroda va qat’iyat boshlangan ishni davom ettirish, to‘siqlarni yengish va ko‘zlangan natijaga erishishga yordam beradi.
Talabalik davri insonning shaxs sifatida kamol topishi, mustaqil fikrlashi va hayotga munosabati shakllanishida alohida ahamiyatga ega. Bu davrda talaba mustaqil qaror qabul qilish, o‘z faoliyatini boshqarish va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni o‘rganadi. Ta’lim jarayonida uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o‘tish, boshlangan ishni oxiriga yetkazish va maqsad sari intilish esa unda qat’iyat, sabr-toqat va o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi. Natijada, talabalik yillarida orttirilgan tajriba va shakllangan irodaviy sifatlar kelgusida mustaqil ta’lim olish, kasbiy rivojlanish va yangi bilimlarni egallab borishda muhim tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Zero, har bir yengib o‘tilgan qiyinchilik insonni nafaqat maqsadiga yaqinlashtiradi, balki uning hayotiy tajribasi va ichki tayanchini mustahkamlaydi.
Shu nuqtayi nazardan, SMART-maqsadlar texnologiyasi talabalarda irodaviy sifatlarni rivojlantirishning amaliy vositalaridan biri sifatida alohida ahamiyatga ega. SMART yondashuvi maqsadni aniq, o‘lchanadigan, erishsa bo‘ladigan, muhim va muayyan muddat bilan belgilashni nazarda tutadi. Bu yondashuv talabaga umumiy istakni aniq vazifaga aylantirish, unga erishish yo‘lini belgilash va o‘z natijasini kuzatib borish imkonini beradi. Masalan, “kasbiy bilimlarimni oshiraman” degan umumiy niyat o‘rniga “bir oy davomida har kuni 30 daqiqa kasbiy adabiyot o‘qiyman va o‘qilgan materiallar asosida haftasiga bir marta qisqa xulosa tayyorlayman” kabi aniq maqsad qo‘yish mumkin. Bunday yondashuv talabani o‘z vaqtini tartibli taqsimlash, belgilangan vazifalarga rioya qilish va natijani baholab borishga undaydi. SMART-maqsad oddiy niyatni aniq harakatlar tizimiga aylantiradi.
Maqsad yo‘nalishni belgilaydi, iroda esa unga erishish uchun harakatni davom ettirishga yordam beradi. Ammo maqsad bilan natija o‘rtasida aniq harakatlar rejasi bo‘lishi zarur. Talaba SMART-maqsadni belgilagach, uni kichik va izchil vazifalarga ajratishi, bajarish muddatlarini belgilashi va o‘z faoliyatini muntazam nazorat qilib borishi kerak. Ana shunday yondashuv maqsadni kundalik faoliyat bilan bog‘laydi va uni amaliy natijaga olib keladi. Shu jihatdan, SMART-maqsad asosida faoliyatni rejalashtirish va belgilangan vazifalarni izchil bajarish talabada o‘zini o‘zi boshqarish, mas’uliyat va qat’iyat kabi sifatlarni rivojlantiradi. Bunday ko‘nikmalar esa kelgusida mustaqil ta’lim olish va hayot davomida o‘rganib borish uchun muhim zamin yaratadi.
Talabalarda irodaviy sifatlarni rivojlantirish faqat ularning o‘qishga qiziqishi va motivatsiyasini oshirish bilangina cheklanmaydi. Bu jarayonda o‘qituvchining to‘g‘ri yo‘naltirishi va talaba uchun mustaqil faoliyatga sharoit yaratishi ham muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy o‘qituvchi tayyor bilim va yechimlarni beruvchi emas, balki talabaning mustaqil fikrlashi, izlanishi va qaror qabul qilishini qo‘llab-quvvatlovchi yo‘naltiruvchi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ta’lim jarayonida talabaga tanlov qilish, muammoli vaziyatlarni mustaqil hal etish, turli yechimlarni izlash va o‘z qarorlarining natijasini baholash imkonini berish muhimdir. Bunday yondashuv talabada mas’uliyat, qat’iyat va o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuchaytirib, asta-sekin tashqi nazoratga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Talabalarda irodaviy sifatlarni rivojlantirishda ta’lim jarayonining mazmuni va tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu borada quyidagi amaliy yondashuvlar samarali natija berishi mumkin.
Birinchidan, katta maqsadni kichik va aniq vazifalarga ajratish. Bu talabaga murakkab vazifalarni bosqichma-bosqich bajarish, o‘z faoliyatini tartibga solish va erishgan natijalarini kuzatib borishga yordam beradi.
Ikkinchidan, mustaqil qaror qabul qilishga sharoit yaratish. Talabaning muammoni mustaqil hal qilishi, turli yechimlarni izlab topishi va o‘z qarorining natijasini baholashi unda mas’uliyat va o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.
Uchinchidan, baholashda jarayonga ham e’tibor qaratish. Yakuniy natija bilan bir qatorda talabaning intizomi, qat’iyati, mas’uliyati va o‘zini nazorat qila bilishi ham inobatga olinishi lozim.
To‘rtinchidan, qisqa refleksiyadan foydalanish. Talaba o‘ziga: “Nimani rejalashtirgan edim? Nimani bajardim? Qanday qiyinchilikka duch keldim? Uni qanday yengdim? Menga qaysi irodaviy sifat yordam berdi?” kabi savollarni berib, o‘z faoliyatini tahlil qilishi mumkin. Bunday tahlil talabaning o‘z tajribasini anglashiga, xatolaridan xulosa chiqarishiga va keyingi faoliyatini yanada samarali tashkil etishiga yordam beradi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, SMART-maqsadlar talabaga nafaqat nimaga erishishni, balki shu maqsad sari qanday harakat qilishni ham anglashga yordam beradi. Maqsadni aniq belgilash, harakatlarni rejalashtirish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va natijani baholash jarayonida talabaning irodaviy sifatlari tobora mustahkamlanadi. Bu esa uni mustaqil o‘qishga, o‘z ustida muntazam ishlashga va kelgusida kasbiy rivojlanishini mustaqil boshqarishga tayyorlaydi. Demak, talabalik davrida shakllangan maqsadlilik va o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalari insonning hayot davomida o‘qib-o‘rganishi uchun muhim poydevordir.
Xusainova Firuza,
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq,
jamiyat va madaniyat shu‘basi dotsenti