Qonun loyihasi parlament majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash va sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Loyihaga koʻra, sudyalar va xalq maslahatchilari uchun yosh senzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish koʻzda tutilmoqda. Sudya, sud raisi va rais oʻrinbosari lavozimlariga qoʻyiladigan talablar ham kuchaytirilishi belgilangan.

Qonun loyihasida sudyalar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalar ham oʻz aksini topgan.

Yana bir yangilik — milliy qonunchilikka “isteʼfodagi sudya” instituti kiritilmoqda. Unga boshqa huquqlar qatorida professional mediatorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi berilishi taklif etilgan.

Bundan tashqari, Oliy sud va quyi sudlar apparatlari faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan normalar ham nazarda tutilmoqda.

Muhokamalarda deputatlar sudyalarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashda qonun loyihasining ahamiyatini taʼkidladi.

Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi. Hujjat ikkinchi oʻqishga tayyorlanishi jarayonida deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtiriladi.