Bayram tadbirlari xalqimiz birdamligini, tinchlik va mustaqillik qadrini ulug‘lash, milliy qadriyatlarimiz hamda boy ma’naviy merosimizni targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan festivalning navbatdagi manzili Surxondaryo viloyati bo‘ldi.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilari safida ushbu tadbirlarda ishtirok etar ekanmiz, Surxon elining mehmondo‘stligiga, shuningdek, yurtdoshlarimiz qalbidagi Vatanga sadoqat va daxldorlik tuyg‘usiga bevosita guvoh bo‘ldik. Har bir uchrashuv, har bir suhbat bu diyor odamlarining ruhi naqadar baquvvat ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan festival may-sentyabr oylari davomida 208 ta tuman va shahar markazlarida, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida hamda 8902 ta mahallada davom etmoqda. Surxondaryo viloyatida esa festival tadbirlari 5-7 avgust kunlari o‘tkazildi.
Tadbirlar “Mustaqillik marafoni” bilan boshlandi. Bu yurish masofani emas, balki maqsad birligini ko‘rsatadi. Sariosiyo tumanidagi aeroportdan to Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini arkasiga qadar davom etgan tantanali yurishda ziyolilar, harbiylar, yoshlar, sportchilar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Bugungi yoshlar internet orqali dunyoni ko‘rmoqda. Ammo Vatanni himoya qilish mas’¬uliyatini faqat hayotning o‘zi o‘rgata oladi. Shu bois, festival dasturidan o‘rin olgan “Shijoat” loyihasi Sariosiyo va Denov tumanlaridagi harbiy qismlarda tashkil etildi hamda unda harbiy xizmatchilar va oila a’zolari faol ishtirok etdi.
Tarixni buyuk insonlar yaratadi. Kelajakni esa ularning izidan boradigan yoshlar barpo etadi. “Millat fidoyilari” loyihasi ana shunday insonlarning hayot yo‘li, mehnati va Vatan ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini yosh avlodga yetkazishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida festival ishtirokchilari Uzun tumanida ko‘p yillar ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilgan ustozlar holidan xabar oldi. Oqsoqollar yosh avlodga oq fotiha berib, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, farzandlarimiz ilmli va vatanparvar bo‘lib kamol topishini tilab, duo qildi.
Tumandagi Shabnam mahallasining o‘zida 4 professor olim, 120 pedagog va 20 dan ortiq shifokor istiqomat qiladi. Ular aholi bilan birga mahalla yoshlariga ham ustoz, ham namuna vazifasini o‘tab, yangi avlodni tarbiyalashda fidoyilik ko‘rsatmoqda. Mahalla obod. Zamonaviy, ko‘p qavatli uylar va mehmonxonalar barpo etilgani Surxon vohasidagi yangi bunyodkorlik hamda xalq farovonligining amaliy ifodasidir.
Yosh avlod bilan uchrashuv festival markaziy g‘oyalaridan biri bo‘ldi. Uzun tumanidagi “Janub gavhari” sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” loyihasi o‘g‘il-qizlarga dam olish bilan birga ilhom, quvonch va ijodga rag‘bat ulashdi.
Sun’iy intellekt asrida bilimga ehtiyoj yanada ortmoqda. Axborotni internet beradi, ammo tafakkurni kitob shakllantiradi. Ma’naviyat targ‘ibotchilari Sariosiyo tumanidagi Lutfkor mahallasida joylashgan kutubxona faoliyati bilan tanishdi. Bu maskanda kechgan muloqotlarda kitobning inson hayotidagi o‘rni, ilm va ma’rifatning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati asosiy mavzu bo‘ldi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Shahlo Ahrorova kitob inson ma’naviyatining tayanchi, yoshlarni mutolaaga undash bugunning eng muhim vazifalaridan ekani haqida so‘z yuritdi.
Ziyoratgohlar nafaqat tarixiy va muqaddas xotira, balki inson qalbini ezgulik, ma’naviy yuksalish hamda chuqur tafakkurga yetaklaydigan tarbiya maskanidir. Festival doirasidagi o‘ziga xos “Ziyorat odobi” loyihasi tabarruk maskanlarning ozodaligiga hissa qo‘shish, ziyoratgoh muhiti va boshqa ziyoratchilar bilan madaniy munosabatda bo‘lish har bir fuqaroning ma’naviy mas’uliyati ekanini eslatadi. Loyiha doirasida targ‘ibotchilar avval Sariosiyo tumanidagi “Dehqalandar” qabristonida, so‘ng Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso Muhammad Termiziy ziyoratgohida bo‘ldi. Ishtirokchilarga “Ziyorat odobi” nomli maxsus qo‘llanma tarqatildi. Shuningdek, “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar uyushtirildi.
Obod va ahil mahalla farovon jamiyatning mustahkam poydevori. U — mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, birdamlik va hamjihatlik qaror topadigan hayot maktabidir. Shu bois, “Obod xonadon — obod mahalla” loyihasi nafaqat hududlarni obodonlashtirish, balki odamlarda daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish va fuqarolarning o‘z yashash maskani obodligi uchun mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Uzun tumanidagi Yangi ro‘zg‘or mahallasida kechgan ma’naviy muloqotlar ayni mulohazalar atrofida bo‘ldi. Mahalla faollari obodonlashtirish ishlari odamlarni yaqinlashtirgani, qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlagani hamda fuqarolarda o‘z mahallasiga nisbatan mas’uliyat tuyg‘usini oshirganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bu mahallada farg‘onaliklar tomonidan uzumzorlar barpo etilgan bo‘lib, mahalla yo‘laklarida turli uzumlar pishib, atrofga o‘zgacha chiroy bag‘ishlamoqda. Har bir xonadon ahli uzumchilik ortidan daromadi yaxshilanganini hamda qo‘shni davlatlarga eksport yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlar ekan, ularning ko‘zida quvonch, ertangi kunga ishonch balqib turardi.
Festivalning birinchi kuni yakunida Denov tumanidagi harbiy qismda galakonsert bo‘lib o‘tdi. Tadbirda olimlar, adiblar, shoirlar, san’at namoyandalari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari, harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bayram davomida Vatanga muhabbat, tinchlik va birdamlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqish¬lar hamda milliy san’at namunalari namoyish etilib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
Ikkinchi kuni Jarqo‘rg‘on tumanidagi harbiy qism madaniyat markazida “Umummilliy birdamlik” loyihasi o‘tkazildi. U turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ijtimoiy hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
“EtnoSurxon” folklor va milliy o‘yinlar festivali vohadagi tadbirlarning ko‘tarinki namoyishi bo‘ldi. Boysun tumanidagi Bibishirin mahallasida joylashgan “Boysun bahori” turizm majmuasi amfiteatrida viloyatning 15 tumani va shahridan kelgan folklor-etnografik dastalarning chiqishi, baxshichilik san’ati tanlovi hamda milliy xalq o‘yinlari tashkil qilindi. Ushbu tadbir Surxonning chinakam ruhiyatini namoyon etdi. Kechki galakonsert ham “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida mazkur majmuada davom etdi.
Uchinchi kuni Termiz shahrida “Mahalla — ma’naviy makon” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Angor tumanida esa “Yaxshilik karvoni” loyihasi doirasida keksalar, nuroniylar va ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Festivalning “Shukronalik” loyihasi insoniy qadriyatlar va mehr-oqibatning yorqin ifodasiga aylandi. Loyiha doirasida bir guruh san’at namoyandalari Angor tumanining Tallimaron mahallasida istiqomat qiluvchi, muborak 101 yoshni qarshilagan Marziya momo Hamroyeva xonadonida bo‘ldi. Onaxonning holidan xabar olindi. U bilan samimiy suhbat qurildi. Vatan va tinchlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, momoga esdalik sovg‘alar topshirildi. Mazkur tashrif nuroniylarga ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyatdagi munosib o‘rni va xizmatlarini e’tirof etish, xalqimizning mehr-oqibat hamda shukronalik qadriyatlarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
O‘nlab olis manzillar, o‘ndan ortiq ijtimoiy loyihalar, minglab ishtirokchilar... Bularning barchasini birlashtirib turgan yagona g‘oya bor: “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”. Mustaqillik — faqat bir kun nishonlanadigan sana emas. U har kuni mehnat, birdamlik, ma’rifat va vatanparvarlik bilan mustahkamlanadigan bebaho qadriyatdir. Surxondaryoda bo‘lib o‘tgan “Mustaqillik to‘yi” festivali ana shu haqiqatni yana bir bor namoyon etdi.
Feruza MUHIDDINOVA,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi