Bu haqida “Millar” telekanali reportajida maʼlum qilindi.
Maʼlum bo‘lishicha, 62 yoshli fuqaro tuman tibbiyot birlashmasida haydovchi bo‘lib ishlagan. U 14 may kuni soat 21:10 atrofida o‘ziga biriktirilgan “Damas” rusumli xizmat avtomashinasini spirtli ichimlik taʼsirida boshqarib yurgan vaqtida to‘xtatilgan.
Tekshiruv davomida haydovchi alkotester yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Natijada uning organizmida 0,755 mg/l alkogol borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilib, materiallar sudga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi haydovchini huquqbuzar deb topgan.
Sud qaroriga ko‘ra, u 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, unga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari — 16 million 480 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan.