Bu esa o‘z navbatida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yuksak talablari va e’tirof etilgan namunalarga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini chuqurlashtirishda ilg‘or zamonaviy texnologiyalar, innovasion ta’lim va tarbiya jarayonlarini tadqiq etishni taqazo etmoqda.
Bu borada Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan -Biz oliy ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, pirovardida ilm-fanning yirik o‘choqlariga aylantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasi muttasil oshirib boriladi. Shuningdek, ta’lim sohasining yana bir eng asosiy vazifasi bugungi kun uchun zarur bo‘lgan yangi avlodni, ilm-fan va o‘z ixtisosligi asoslarini puxta egallagan, bilimli yoshlarni tarbiyalashdan iboratligi shubhasiz[1] deb ta’kidlagan. Bu borada oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohatlarda mazkur masalalarni o‘zida mujassamlashtirishni nazarda tutadi.
Bugungi kundagi oliy ta’lim muassasalarida malakali, zamon talablariga mos raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash masalasi borasida jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday vaziyatlarda o‘qitishning metod va texnologiyalariga asosiy e’tiborni qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, hozirgi kunda zamonaviy ta’lim muassasalarida o‘qitishning qator ta’limiy va tarbiyaviy texnologlaridan samarali foydalanib kelinmoqda. Jumladan, o‘yinli, muammoli o’qitish, tabaqalashtirilgan o’qitish, individuallashtirilgan o’qitish, dasturlashtirilgan o’qitish, kompyuterli o’qitish, modulli o’qitish, keys stadi o’qitish, kreativ o’qitish, rivojlantiruvchi ta’lim, to’liq o’zlashtirish, tizimli faoliyat yondashuvi asosida o’qitish, fan bo’yicha faoliyat yondashuvi asosida o’qitish texnologiyalari kabilardan o‘quv mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkillashtirishda o‘zining natijalarini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashda davlat oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda o‘zining samarali ko‘rsatkichlarga ega bo‘layotgan nodavlat oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini ham yuqori baholash mumkin. Shunday oliy ta’lim muassasalaridan biri bu Renessans ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mazkur nodavlat oliy ta’lim muassasasida mutaxassisliklar negizida qator fanlar yuqori malakali mutaxassis-kadrlar yordamida o‘qitilmoqda. Aynan psixologiya yo‘nalishi talabalari bilan nazariy mashg‘ulotlar auditoriyalarda zamonaviy jihozlangan texnika va texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda tashkil qilinmoqda. Ayniqsa, nazariy ma’lumotlarni mustahkamlashga, talabalarda amaliy bilim, ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirishga qaratilgan seminar va amaliy mashg‘ulotlar ko‘proq ko‘chma tarzda tashkil qilinmoqda. Jumladan, psixologiya bo‘yicha ko‘chma mahorat darslari fanlar doirasida bo‘lganligi sababli umumiy o‘rta ta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalari, iqtidorli o‘quvchilarni o‘qitishga qaratilgan maxsus internatlarda hamda psixologik markazlarda o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalar tomonidan egallagan bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Geneder menejment fanidan 3-kurs talabalari bilan “Oq yelka” nomli psixologik markazga tashrifi amalga oshirildi. Dastavval talabalar markaz faoliyati, uning yo‘nalishlari, sohalari xususida malakali mutaxassislari tomonidan tanishtirildi. Markazning asosiy faoliyati qiyin vaziyatga tushgan bolalar, o‘smirlarga hamda zo‘ravonlikka uchragan ayol va erkaklarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatishdan iborat. Natijada markaz faoliyati bilan bog‘liq amaliy jarayonlarda ishtirok etdilar. Ko‘chma mashg‘ulot doirasida talabalarimiz insonlar hayotida ro‘y berayotgan psixologik o‘zgarishlar bilan to‘qnash kelishlari bilan birga uning yechimi doirasida mutaxassislarni fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu toifadagi o‘quv mashg‘ulotlar talabalarda soha mutaxassislarining faoliyatlari bilan tanishish bilan cheklanib qolmasdan aksincha kelajaklari uchun rejalar tuzishlarida dasturil amal vazifasini o‘taydi.
N.I.Xalilova,
psixologiya fanlari doktori (DSc)