Loyiha Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan «Olima ayollar» tanlovi doirasida moliyalashtirilgan. Uning asosiy maqsadi xorijda saqlanayotgan Temuriylar davriga oid ashyolarni aniqlash, ilmiy tavsiflash va ularning raqamli modellari yaratishdan iborat.
Maʼlum qilinishicha, loyiha doirasida Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya muzeylariga amaliy safarlar davomida 50 ta tarixiy ashyoniнг yuqori sifatli fotomateriallari toʻplangan. Ular asosida ashyolarning 3D modellari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, mavjud tarixiy kartinalar animatsiyaga aylantirilib, ular asosida videomahsulotlar tayyorlanadi. Har bir ashyo boʻyicha oʻzbek tilida ilmiy tavsif va annotatsiya ham taqdim etiladi.
Loyiha rahbari Dilafruz Qurbonovaning taʼkidlashicha, mazkur ish natijasida tarqoq holda saqlanayotgan Temuriylar merosi yagona raqamli va ilmiy axborot makoniga jamlanadi.
Yaratilgan 3D modellari muzeylar, taʼlim muassasalari va tadqiqotchilar uchun raqamli resurs sifatida xizmat qiladi. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyining temurid.uz sayti yangi ilmiy va vizual kontentlar bilan boyitiladi.
Raqamli materiallar tarixiy ashyolarni virtual muhitda namoyish etish, ularni keng auditoriyaga tanishtirish va madaniy turizmga qiziqishni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida yaratilgan 3D modellari va animatsion mahsulotlarni intellektual mulk sifatida himoya qilish ham rejalashtirilgan. Kelgusida ushbu raqamli mahsulotlar Oʻzbekiston va xorijiy muzeylar oʻrtasida ilmiy-madaniy hamkorlikning yangi loyihalarini amalga oshirishda qoʻllanishi mumkin.