Uning rahbarligida jadidlar milliy davlatchilik qurish uchun harakat qildi. U birinchilardan boʻlib milliy mustaqillik gʻoyasiga asos soldi. Yoshlarni buyuk ajdodlari, boy madaniy merosi bilan faxrlanishga, asriy anʼanalarga ega qadriyatlarni asrab qolishga daʼvat qildi. Shu oliy maqsadlari yoʻlida koʻplab ishlarni amalga oshirib, millat zehniyati, maʼnaviyatini ravnaq toptirdi.

Behbudiyning shogirdi va zamondoshi Vadud Mahmud Samarqandiy uning vafotiga bagʻishlab yozgan taʼziyanomasida bunday haqli eʼtirof etadi: “Mahmudxoʻja oʻldi... (Ul kim edi?) Mahmudxoʻja Turkiston degan oʻlkaning boshligʻi edi. Mahmudxoʻja Turkistonning yoʻlboshchisi edi. Mahmudxoʻja oʻzbek Turkiston bolasi ekanligini tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga Turkistongʻa har navi edi. Mahmudxoʻja Turkistonning yangilik davri tarixinda yorugʻ bir chiroq edi. Mahmudxoʻjaning niyati Turkiston tarixinda mumtoz oʻrin olishga munosib mirʼotdir”.

“Padarkush”dan keyin sahnalashtirilgan “Toʻy” nomli ikkinchi oʻzbek pyesasi muallifi Hoji Muʼin ustozi xususida Samarqandiydan kam soʻzlamagan: “Behbudiy afandi halim, ziyrak, gʻoyat zakovatli va quvvai hofizasi zoʻr boʻldigʻidek, soʻzgʻa-da nihoyat darajada usta edi. Shuning uchun aning suhbati gʻoyat lazzatli va istifodali boʻlar edi. Behbudiy afandi har vaqt “kalom un-nosʻala qadri uʼquli ham mazmunicha musohiblarning holigʻa va aqligʻa qarab, oʻshanga munosib soʻylasha edi. Baʼzan mutoyiba ila majlisdoshlarini kuldura edi. Aning suhbatinda boʻlgʻon kishi ruhlana, shodlana va aning oldindan aslo turgʻusi kelmas edi”.

Soʻnggi yillarda Mahmudxoʻja Behbudiy  xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini oʻrganish hamda keng jamoatchilikka targʻib etish ancha jonlandi. Bu esa zamon talablariga gʻoyaviy, ilmiy va badiiy jihatdan yangi muzey ekspozitsiyasini yaratish zarurligini anglatdi. Uy-muzey mashhur maʼrifatparvar, dramaturg, jurnalist va noshir hisoblangan Mahmudxoʻja Behbudiyning ijodiy faoliyatini ilmiy oʻrganish va keng targʻib etishda ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biri hisoblanadi.

Mahmudxoʻja Behbudiyning uy-muzeyi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-apreldagi qaroriga asosan Samarqand davlat muzey qoʻriqxonasi filiali sifatida Samarqand shahrining Mir Said Baraka koʻchasi 47-uyda tashkil etilgan. Uy-muzey oʻz faoliyatini 2021-yil 18-oktyabrdan boshladi, binoning umumiy maydoni qariyb 860 kvadrat metrga teng, shundan   128 kvadrat metrini ekspozitsiya maydoni tashkil etadi.

Turkiston jadidlarining otasi

— “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi oʻzining ilk sonlaridayoq Behbudiy hayoti va ijodiga doir tahliliy materiallarni berib borgani uchun boʻlsa kerak, sizning, tahririyat muxbirining Behbudiy uy-muzeyiga tashrifi meni uncha hayratlantirmadi. Boisi, kutilgan mehmon edingiz, — deydi Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi mudiri Gulmuhammad Ahmedov. — Ushbu muzeyda tashkil etilgan ekspozitsiyalar ilmiy konsepsiyaga asoslangan boʻlib, unda Behbudiy hayoti va ijodi, jadidchilik tarixi, XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy voqeliklar, hujjatlar, fotonusxalar va boshqa ashyolar namoyish etilgan.

Bu muzey bugungi kunda yurtimiz xalqi, yoshlari, pedagoglari, umuman, ziyo izlagan qalblar uchun oʻz nurini taratib kelmoqda. Bundan tashqari, Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi katalogi nashr etildi. U tarixchilar, muzeyshunoslar, sanʼatshunoslar va keng jamoatchilik uchun moʻljallangan. Bu katalogga kiritilgan eksponatlar ham bevosita Mahmudxoʻja Behbudiy va u yashagan davr bilan bogʻliq.

Behbudiy “Turkiston jadidlarining otasi” degan sharafli unvonga sazovor boʻlgan, chunki u Samarqandda oʻziga xos ilmiy-maʼrifiy muhit yaratgan. Masalan, uning tashabbusi va gʻayrati bilan 1903-yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi mahallasida, Abdulqodir Shakuriy bilan birgalikda Rajabamin mahallasida yangi maktablar tashkil etiladi. Birinchi xona hisoblanmish “Mahmudxoʻja Behbudiyning hayoti va ijodi” ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan “Muxtasar tarixi islom”, “Alifboi maktabi islomiya”, “Amaliyoti islomiya”, “Matqali jugʻrofiya umroni” asarlari ana shu yangi usul maktablari uchun darslik sifatida yaratilgan.

Ekspozitsiyada Behbudiy bilan bir davrda ijod qilgan jadidlar asarlari ham namoyish etilgan. Bular Said Vasliy qalamiga mansub “Madaniyat va zoifa shariyati islomiya”, Said Ahmad Siddiqiy qalamiga mansub va Abdulqodir Shakuriy tomonidan chop etilgan “Anjumani arvoh”, Munavvarqori qalamiga mansub “Islom aqidalari”, Abulqosim Oxunzoda Ganjiyning “Risolai ittihodiya”, Abdulqodir Shakuriyning “Jomi ul-hikoyot” asarlaridir.

Ikkinchi xona “Behbudiy ijodxonasi” deb nomlanadi. Uning ijodxonasini koʻrsatib berish uchun taqdim etilgan stol, stullar, shkaf, devor soati XIX asr oxiri — XX asr boshlariga taalluqlidir. Ushbu jihozlar Turkiston oʻlkasiga koʻp miqdorda olib kelingan, bu yerda mazkur mebellardan nafaqat Chor maʼmuriyati, balki mahalliy aholi vakillari ham foydalangan. Mazkur mebellar toʻplami XIX asrning oxirgi oʻn yilligi — XX asr boshlarida (asosan, Birinchi jahon urushigacha) keng tarqalgan meʼmorlik, amaliy va tasviriy sanʼatdagi badiiy yoʻnalish boʻlgan modern uslubida tayyorlangan.

Ekspozitsiyada, shuningdek, Behbudiy va uning zamondoshlari tomonidan keng foydalanilgan odatiy uy-roʻzgʻor buyumlari: kitob oʻqish uchun lavh, qalamdon, kitob tashish uchun sumkalar ham namoyish etilmoqda. Bu paytda yozuv mashinkalari ham Turkiston hududida keng tarqalgan boʻlib, undan asosan maʼmuriyat vakillari, ziyoli qatlam, olimlar va noshirlar koʻproq foydalangan edi. Yozuv mashinkasining Behbudiy yashab, ijod etgan davrda Turkistonda keng tarqalgan, 1903-yildan ishlab chiqarila boshlangan “Kontinental” turi mazkur ekspozitsiyada namoyish etilmoqda.

Ayni davrda rasm boʻla boshlagan telefon apparati va stol soati ham ijodxona interyerini bezab turibdi. Turkiston oʻlkasining yirik shaharlari — Yangi Margʻilon, Kattaqoʻrgʻon bilan birga Samarqandda ham 1876-yildayoq telegraf aloqasi tashkil etilgan edi. Stol chirogʻi esa oʻsha davrga xos modern uslubida yasalgan boʻlib, u yoritishdan tashqari xona bezagi sifatida ham xizmat qilgan va oʻz davrining ziyolilari ish xonalariga oʻrnatilgan.

Behbudiyning zamondoshlari, safdoshlari va shogirdlari boʻlimida alohida oʻrinni archa qipigʻi va tut daraxtidan qoʻlda yasalgan globus egallaydi. Uning yuzasida lak bilan qoplangan materiklar, okeanlar va dengizlar, togʻlar va turli mamlakatlarning konturlari aks ettirilgan. Ekvatorning keng chizigʻida oʻn ikkita burj belgisi tasvirlangan. Globus Mahmudxoʻja Behbudiy zamonida boshqa fanlar qatorida geografiya va kartografiya ham rivojlanganining belgisidir.

“Nashriyoti Behbudiya”

Vitrinalarning birida XIX asr oxiri — XX asr boshlarida vatanimiz hududida foydalanilgan asosiy musiqa asboblari — doira, qashqar va afgʻon ruboblari, nay namoyish etilgan. Musiqa asboblarining xilma-xilligi shuni koʻrsatadiki, Oʻrta Osiyo hududida Eron, Qashqar, Afgʻoniston, Shimoliy Hindiston va boshqa mintaqalar musiqiy anʼanalari taʼsirida oʻziga xos musiqa madaniyati shakllangan.  

Shuningdek, XIX asr oxiri  — XX asr boshlarida aholining oʻziga toʻq, ziyoli qatlami orasida urf boʻlgan kiyim-kechaklar namoyish qilinmoqda. Ular qoʻlda toʻqilgan yaktak, tik yoqali paxtadan tikilgan koʻylak, binafsharang baxmaldan tikilgan doʻppi, qizil, oq va moviy chiziqlarga ega salla, binafsharang, koʻk va yashil rangli chiziqlarga ega beqasamdan tikilgan ayollar choponi, gul naqshli qoʻlda ishlangan ipak abra matodan ayollar koʻylagi, charmdan ishlangan erkaklar va ayollar oyoq kiyimlaridan iborat.

— Mahmudxoʻja Behbudiy 1913-yilda xususiy nashriyot ochib, uni “Nashriyoti Behbudiya” deb nomladi va Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qoʻqon va Namangan shaharlarida kitob doʻkonlari ochadi, — deydi Behbudiy uy-muzeyi xodimasi Hamida Samadova. — Mahmudxoʻja Behbudiy noshirlik yoʻnalishida samarali ijod qilgan hamda bu sohada oʻziga xos maktab yaratgan. Navbatdagi ekspozitsiyada olim tomonidan XX asr boshlarida nashr qilingan “Samarqand” gazetasining 45-soni va “Oyina” jurnalining bir necha sonlari namoyish etilmoqda. Muzeyning noshirlik xonasi interyerida asosiy eʼtibor Behbudiyning noshirlik faoliyatini yoritishga qaratilgan. Turkistonda nashr ishlari bilan dastlab podsho Rossiyasi statistika qoʻmitalari shugʻullangan. Shu sabab 1868-yildan 1910-yilgacha nashrlarning asosiy qismini rus tilidagi gazetalar tashkil etgan.

XX asr boshida, aniqrogʻi, 1913-yildan Behbudiy ham matbuot ishlari bilan shugʻullanadi. Oʻsha yili aprel oyidan rus-oʻzbek va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada “Samarqand” gazetasini chiqaradi. 45 sondan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha yilning 20-avgustidan u “Oyina” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼrlar, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib borilardi. Fitratning “Bayonoti sayyohi hindi” asarini 1913-yilda ruschaga tarjima qildirib, “Nashriyoti Behbudiya”da nashr etadi. Undan tashqari, Turkiston xaritasini tuzib, bosmadan chiqaradi.

Muzeyda noshirlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq ashyolar ham namoyish etilgan. Ular “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnali, “Novыy Samarkand” (“Yangi Samarqand”, “Samarqandi Nav”) gazetalarini nashr etish uchun Samarqand viloyati harbiy gubernatori nomiga yozilgan ariza namunalari, Samarqand viloyati harbiy gubernatorining nashrlarga ruxsat beruvchi guvohnomalardan iborat hujjat namunalari va XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Germaniyaning “FORSTE & TROMM LEIPZIG” firmasida ishlab chiqarilgan, Eron orqali Turkistonga olib kelingan, qoʻl yordamida ishlatiladigan ulkan litografiya dastgohi namoyish etilgan.

Muzey ekspozitsiyasida Behbudiyning ijtimoiy-siyosiy va falsafiy qarashlarini aks ettirishga eʼtibor berilgan. Behbudiy 1917-yilgi fevral va oktyabr oylarida Rossiya imperiyasi va jahon siyosiy sahnasida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni ziyraklik bilan kuzatadi va vatanparvar inson sifatida Turkistonning kelajagi haqida chin dildan qaygʻuradi, bor kuch-gʻayratini millatni uygʻotishga bagʻishlaydi. Behbudiy publitsistik maqolalarida tarix faniga alohida urgʻu berib, “Moziy istiqbolning tarozusidir”, degan edi. “Kutubxonai Behbudiya”ning ham 70 foizdan koʻp kitoblari tarix faniga tegishli edi. Oʻzi ham tarix va geografiya fanlari bilan jiddiy qiziqib, bir qator maqolalar va kitoblar yozgan.

“Qasdi safar”

1914-yil 29-mayda Behbudiy ikkinchi marta Hijoz safariga chiqadi. Ikki oy ichida Kavkaz, Qrim, Istanbul, Yunoniston, Bayrut, Misr Qohirasi va yana orqaga — Istanbulga qaytib, temir yoʻl bilan Bulgʻoriston, ­Avstriya va Berlin orqali Rossiyaga va undan Turkistonga qaytgan.

Oʻz safari haqida u “Oyina” jurnalining 1914-yildagi qator sonlarida “Qasdi safar” maqolalarini chop etadi. Bu safar natijasi adabiyotimizdagi memuar janrining XX asr boshidagi oʻziga xos namunasi, ham maʼrifiy, ham badiiy-estetik jihatdan nihoyatda muhim asar — “Qasdi safar”ni dunyoga keltirilgani tarixiy hodisa boʻlib qoldi.

Behbudiy unda yoʻl taassurotlariga, mashhur yoki oddiy kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli jihatlariga keng oʻrin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida maʼlumotlar toʻplaydi, turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Oʻz navbatida, “Oyina” jurnalida chop etilgan “Qasdi safar” Mahmudxoʻja Behbudiyning jadidona tafakkurida oʻrin topgan qirralarini, ijtimoiy-falsafiy qarashlari tizimini ravshan aks ettiruvchi manba sifatida ham qadrli hisoblanadi.

— Mahmudxoʻja Behbudiyning 1899-yildagi birinchi haj safari vaqtida uning dun­yoqarashi va tafakkurida keskin oʻzgarishlar yuz berdi. Haj safari munosabati bilan uning Qrimda boʻlishi, Turkiya, Arabistonni kezishi, nihoyat, Ismoil Gasprinskiy bilan muloqotlari Behbudiy ongida keskin oʻzgarishlar yasadi, — deydi Gulmuhammad Ahmedov. — Mahmudxoʻja Behbudiy 1901-yildayoq jadidchilik gʻoyalarini maʼqul topadi va bu harakatga qoʻshiladi. Turkistondagi milliy uygʻonish davri Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻz publitsistik faoliyatini boshlagan paytga toʻgʻri kelgan. Shu vaqtda u “Turkiston viloyati gazeti”ga maqola yoza boshladi. Bundan tashqari, u Kavkaz va Tataristonda chop etiladigan “Tarjumon”, “Tirik soʻz”, “Vaqt” kabi gazeta-jurnallarda adabiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi maqolalari bilan faol qatnashadi. Mahmudxoʻja Behbudiy nafaqat Sharq, balki Rossiyada yashayotgan musulmonlar hayotini ham kuzata boshlaydi va yurtdoshlari holatini yevropalik xalqlar turmushi bilan solishtirishga intiladi.

Tarix sahnasiga chiqqan jadidlar, chunonchi, Mahmudxoʻja Behbudiy maʼrifatparvarlik qarashlarining mazmun-mohiyati, gʻoyaviy asoslari anʼanaviy islom, shariat, tasavvufdan tortib, zamonaviy Ovroʻpa pozitivist falsafa usullariga ham asoslanishdan iborat edi. Jadidlarning nazariy qarashlarida ikkita muhim xususiyat koʻzga tashlanadi: mustahkam irsiy ildiz hamda Sharq va Gʻarb maʼrifatchilari, faylasuflarining nazariy merosini egallashga intilish.

Samarqand musulmon maorif shoʻbasi mudiri

— Behbudiy siyosiy arbob sifatida Rossiya imperiyasi doirasidagi Rossiya musulmonlari ittifoqi partiyasi qurultoylarida faol ishtirok etdi. Rossiyadagi mavjud yirik siyosiy partiyalarni oʻrganib, ulardan sotsial-demokratlarni, ayniqsa, bolsheviklarning qarashlarini tanqid ostiga oladi va ularni hatto xavfli oqim sifatida qoralagan edi. U monarxiyachilar partiyasi qarashlaridagi mahdudlik sababli ularga ham qarshi chiqadi, bosiqlik bilan kurash olib borib, barcha musulmonlarni birlikka chaqiradi. U oʻsha murakkab davrda Muvaqqat hukumatni turkistonlik musulmonlar bilan teng huquqli munosabat qilishga chaqirdi va ular uchun hukumatdan ajratiladigan oʻrinlar soni uchdan biridan kam boʻlmasligini talab qiladi, — deydi Hamida Samadova. — 1918-yilda Behbudiy “Ittifoq” jamiyati saʼy-harakati bilan Samarqand musulmon maorif shoʻbasiga mudir etib tayinlanadi. Biroq tashkilotdagi yevropalik vakillar unga ishlash uchun hech qanday imkoniyat bermadilar. Ayniqsa, Osipov isyonidan soʻng avj olgan boshboshdoqliklar natijasida zoʻravonliklar kundan kunga kuchayadi. Behbudiy Toshkentga soʻnggi safari davomida ham amalda hech qanday ijobiy natijaga erisha olmaydi. U ilojsiz qoladi va barcha ishlarini tashlab, sogʻligʻini bahona qilib, shoʻrolarga xizmat etishdan voz kechadi.

Sanab oʻtilgan tarixiy jarayonlar va bevosita Turkistondagi jadidchilik siyosiy qarashlarini aks ettiruvchi ashyolar — varaqalar, broshyuralar, Behbudiyning va boshqa maʼrifatparvarlarning oʻz qarashlari bayon etilgan asarlari ham muzeyda keng namoyish etilgan.

* * *

Maqola soʻngida Turkiston xalqlarining hurriyati va taraqqiysiga borini safarbar qilib, millat peshvosiga aylangan, fidoyilik namunasini koʻrsatgan buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning yurt ertasi uchun qaygʻurgan siymosini va oʻtli nidosini oʻzining kichik bir vasiyatnomasi orqali koʻrsatishga qaror qildik.

Vasiyatnoma ushbudir:

“Ey Turkiston maorif ishlarida boʻlgʻon oʻrtoq va oʻgʻlonlarim! Men oʻzim garchand bandi boʻlsam-da, sizlarni esimdan chiqarmayman va sizlargʻa bir oz vasiyat qilib oʻtaman. Mani sevadur oʻrtoqlarim! Manim soʻzlarimni quloqlaringʻizga olinglar! Biz ikki oydan beri Buxoro shaharlarida bandi boʻlib turib, oxir oʻn kundan beri bu yerda (Qarshi shahrida) bu zolimlarning qoʻligʻa tushib, bandi boʻldik. Jadid — kofirilik otini koʻtardik. Sipohlar ichida tinchlik otini koʻtardik. Bu yerdin qutilmogʻimiz gumon boʻldi.

Oʻrtoqlarim Siddiqiy, Ayniy, Fitrat, Qurbiy va Akobir Maxdum va oʻgʻlonlarim Vadud Mahmud, Abdulqodir Shakuriy! Sizlarga vasiyat qilaman. Maorif yoʻlida ishlayturgʻon muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! Oʻrtadin nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar! Har ish qilsangiz, jamoat ila qilingizlar! Hammaga ozodlik yoʻlini koʻrsatingizlar! Bizdek maorif qurbonlarini yoʻqlangizlar! Buxoro tufrogʻiga tezlik ila yoʻl boshlangizlar. Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Bizning qonimizni zolim beklardan talab qilingizlar! Maorifni Buxoro tufrogʻida joriy qilingizlar! Bizning otimizga maktablar ochingizlar! Bizlar ul chogʻda qabrimizda tinch yotarmiz!

Manim oʻgʻlonlarimgʻa salom yetkazinglar! Bu hamrohlarimning avlodlaridan xabardor boʻlingizlar!

Ushbu vasiyatlarimni yozib Ahmadga berdim!”. 

Vasiyatnoma insonning orzu-armonlari ifodasi ekan, ular vasiyat sohibining dun­yoqarashi, fikrlari, soʻzlari va amallarini anglatadi. Ulugʻlarning maqsad, gʻoyalari ham ulugʻ boʻlishi vasiyatnomasi mazmunini ham ana shunday darajaga olib chiqadi. Vasiyatnomaning har bir bandi vorislar tomonidan ado etilganda ruhlar orom topadi. Mahmudxoʻja Behbudiy dunyoqarashi, fikrlari, soʻzlari va amallari uning orzu-armonlarini, bizga nimalarni vasiyat qilganini anglatadi. Vasiyatlarni munosib ado etish esa ajdodlarga sodiq, munosib avlodlarning burchi, masʼuliyatidir.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri