Xomashyoga asoslangan iqtisodiyotdan bilimlar iqtisodiyotiga oʻtish jahon trendiga aylandi.

Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda boshlangan tub burilishlar va islohotlar jarayonida ham taʼlim tizimini modernizatsiya qilish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Mamlakatimiz rahbari ilgari surgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi markazida ham aynan taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, oʻqitish sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish va mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadi turibdi.

Mustaqillikning dastlabki chorak asrida Oʻzbekistondagi taʼlim jarayoni murakkab, koʻp hollarda konservativ va mehnat bozori talablaridan uzilib qolgan tizimga aylanib qolgan edi. Maktablarda yodlashga asoslangan tizim ustuvor boʻlib, u oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish va ijodiy yondashish koʻnikmalarini rivoj­lantirmasdi. Oliy taʼlimga qamrov darajasi esa atigi 9-10 foiz atrofida boʻlib, bu yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarishga toʻsqinlik qilardi.

2017 yildan boshlangan yangi islohotlar toʻlqini taʼlim tizimining barcha boʻgʻinini — maktabgacha taʼlimdan tortib, oliy taʼlimdan keyingi bosqichgacha boʻlgan silsilani qamrab oldi. Islohotlarning strategik falsafasi bu jarayonda uchta asosiy ustunga tayandi.

Birinchisi, qamrovni kengaytirish. Har bir oʻgʻil-qizning sifatli taʼlim olishiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash. Masalan, maktabgacha taʼlim qamrovi 2017 yildagi 27 foizdan 78 foizgacha oshirildi. Oliy taʼlimga qamrov esa 9 foizdan 40 foizga yetkazildi.

Ikkinchisi, sifat transformatsiyasi. Milliy oʻquv dasturlarini Finlyandiya, Singapur, Buyuk Britaniya kabi ilgʻor davlatlar tajribasi asosida qayta koʻrib chiqish, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yoʻnalishlarini ustuvor etib belgilash jarayoni amalga oshirildi.

Uchinchisi, bozor bilan integratsiya. Taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik taʼminlandi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tashkil etilishi, Prezident taʼlim ­muassasalari, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻining yaratilishi taʼlimda yangi sifat mezonlarini shakllantirdi. Biroq bu tizimli yutuqlarni umumiy oʻrta taʼlimga koʻchirish va adolat mezonlarini oʻrnatish uchun tizimli vositalar zarur edi. Aynan shu ehtiyoj asosida yagona imtihon tizimi kun tartibiga chiqdi.

Uzoq yillar davomida maktab bitiruvchilari va ota-onalar yilning eng issiq pallasi — may, iyun va iyul oylarida ruhiy va jismoniy bosim ostida yashar edi. Chunki oʻquvchi avval maktabni bitirish uchun yakuniy davlat imtihonlarini topshirishi, soʻng oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun Davlat test markazi (hozirgi Bilim va malakalarni baholash agentligi) imtihonlariga alohida tayyorgarlik koʻrishi kerak edi. Bu ikki bosqichli tizim davlat byudjeti va oilalar uchun ortiqcha xarajat boʻlishi barobarida baholash mezonlarining turlichaligi sababli korrupsiyaviy xavflarni ham oshirardi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq etilishi koʻzda tutilgan Yagona milliy imtihon tizimi maktab bitiruv imtihonlari va OTMga kirish sinovlarini birlashtirishni nazarda tutadi. Ushbu tizimga koʻra, maktab bitiruvchisi umumiy oʻrta taʼlim maktabini tamomlash vaqtida topshiradigan imtihon natijalari bir vaqtning oʻzida oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun ham asos sifatida qabul qilinadi. Imtihonlar maktab sinfxonalarida mahalliy oʻqituvchilar nazoratida emas, balki maxsus jihozlangan, videokuzatuv va xavfsizlik tizimlari bilan taʼminlangan markazlarda, mustaqil baholovchi tashkilot — Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi. Test va ijodiy savollar bazasi xalqaro PISA va PIRLS baholash dasturlari talablariga moslashtirilib, oʻquvchining shunchaki quruq faktlarni yodlab qolganini emas, balki maʼlumotni tahlil qila olish va mantiqiy fikrlash qobiliyatini sinovdan oʻtkazadi. Yana ham eʼtiborlisi, bitiruvchi ikki marta emas, bir marta markazlashgan imtihon topshiradi. Bu bolaning sogʻligʻi, ruhiyati va vaqtini asraydi.

Odam omilining baholash jarayoniga taʼsiri minimallashtiriladi. Kompyuterlashtirilgan baholash tizimi va onlayn nazorat imtihonlarning 100 foiz shaffofligini kafolatlaydi. Chekka qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ham, poytaxt markazidagi litsey oʻquvchisi ham bir xil sharoitda, bir xil savollar asosida imtihon topshiradi. Bu chekka hududlardagi iqtidorli yoshlarning oliy taʼlim olish imkoniyatini keskin kengaytiradi. Qogʻozbozlik va transport ­xarajatini qisqartiradi. Davlat milliardlab soʻm mablagʻni tizimni texnologik modernizatsiya qilishga yoʻnaltiradi.

Taʼlim tizimining eng ogʻriqli nuqtalaridan biri — bitiruvchilarning qoʻlida dip­lomi boʻla turib, ish tajribasi va amaliy koʻnikmalari yoʻqligi tufayli ishga joylasha olmasligi edi. Ish beruvchilar esa doimiy ravishda kadrlar taqchilligidan shikoyat qilardi. Nazariya va amaliyot oʻrtasidagi bu ulkan jarlikni bartaraf etish uchun Germaniya, Avstriya va Shveysariyada oʻzini toʻliq oqlagan dual taʼlim tizimi Oʻzbekistonda joriy etila boshladi. Davlatimiz rahbarining oxirgi haftalarda hududlarga tashrifi chogʻida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Bekoboddagi Oʻzbekiston metallurgiya kombinati negizida tashkil etilayotgan tizim buning yaqqol isbotidir. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “Oʻzavtosanoat”, “Artel” kabi yirik xolding­lar oʻzi uchun zarur kadrlarni tayyorlash uchun kasb-hunar maktablari va texnikumlar bilan dual shartnomalar imzoladi. Olaylik, Bekoboddagi texnikum oʻquvchisi haftaning 2 kuni auditoriyada nazariyani oʻrgansa, qolgan 4 kunini “Oʻzmetkombinat”ning yangi ishga tushirilgan yuqori texnologik quyuv-prokatlash majmuasida, zamonaviy uskunalar boshqaruv pultida tajribali muhandislar rahbarligida oʻtkazadi. Dual taʼlimdagi oʻquvchi korxonada ishlagan soatlari uchun rasmiy ish haqi oladi. Bu unga talabalik davridanoq oʻz mehnati bilan oilasiga yordamlashish, mus­taqil daromad topish imkonini beradi va oʻqishga qiziqishini keskin oshiradi.

Dual taʼlim modeli davlat, ish beruvchi (tadbirkor) va yoshlar uchun birdek foydali strategiya. Korxona tayyor kadrni ishga qabul qilishdan avval uni oʻz uskunalari va korporativ madaniyatiga moslashtirib oladi. Yangi xodimni qayta oʻqitishga ketadigan mil­liardlab mablagʻ tejaladi. Boz ustiga, yoshlar oʻrtasida ishsizlik darajasi qisqaradi. Norasmiy mehnat bozoridan qonuniy, soliq toʻlovchi malakali ishchi kuchi shakllanadi. “Oliy maʼlumotli ishsiz” degan maqomdan qutulib, birinchi kursdan kafolatlangan ish joyi va daromadga ega boʻladi.

Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlarning yana bir muhim jihati boshqaruv va oʻqitish jarayonini toʻliq raqamlashtirishdir. Shu maqsadda qogʻozbozlik va oʻqituvchilarning asosiy vaqtini oladigan hisobotlarni kamaytirish uchun butun mamlakat boʻylab “E-maktab” tizimi joriy etildi. Bu tizim oʻqituvchini soatlab jurnal toʻldirish mashaqqatidan qutqardi. Ota-onalarga oʻz farzandining baholari, davomati va uyga vazifalarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini berdi. Vazirlik va hududiy boshqarmalarga maktablardagi real holatni shaffof koʻrib turish hamda toʻgʻri strategik qarorlar qabul qilish imkonini yaratdi.

Oliy va professional taʼlim tizimiga sunʼiy intellekt texnologiyalari faol kiritilmoqda. Maktablardagi “Bir million dasturchi” loyihasi yuz minglab yoshlarga kodlash va dasturlashni bepul oʻrganish imkonini taqdim etdi. Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy loyihalarni boshqarish va talabalarning oʻzlashtirish darajasini sunʼiy intellekt yordamida aniqlovchi tizimlar sinovdan oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda kuzatilayotgan demografik oʻsish va tugʻilish surʼati yuqoriligi maktablar va bogʻchalarga talabni keskin oshirdi. Koʻplab maktablarda sinflardagi bolalar soni 35-40 nafarni tashkil etmoqda, oʻqish ikki yoki uch smenada tashkil qilinmoqda. Hukumat har yili yangi maktablar qurayotgan boʻlsa-da, aholi soni oʻsishi yangi infratuzilma obyektlari qurish surʼatidan yuqori boʻlyapti. Chekka va togʻli hududlardagi maktablarning moddiy-texnik bazasi, isitish tizimi va ichimlik suv taʼminoti hali-hamon toʻliq hal qilinmagan.

Tizimni isloh qilish uchun, avvalo, unda ishlaydigan odamlarni oʻzgartirish kerak. Oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirish uchun muallimlarning maoshi bir necha barobar oshirilgan boʻlsa-da, kadrlar sifati hali ham talab darajasida emas. Koʻpgina oʻqituvchilar hamon yangi baholash tizimlari, raqamli dasturlar va interfaol metodlarni oʻzlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim sifati zamonaviy maktab talablaridan bir oz ortda qolmoqda. Maktablarga ilgʻor va kreativ fikrlaydigan yosh oʻqituvchilarning kirib kelishi sust kechyapti.

Prezidentimiz huzurida pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar taqdimotida qayd etilganidek, rivojlangan davlatlarda taʼlim va ijtimoiy sohalarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan tashqari xususiy jamgʻarmalar va venchur fondlar faol ishtirok etadi. Oʻzbekistonda xususiy sektorning taʼlimga xayriya va investitsiya sifatida mablagʻ yoʻnaltirishi hali tizimli tus olmagan. Maktablar va OTMlar hamon 80-90 foiz davlat byudjetiga va talabalarning shartnoma puliga bogʻlanib qolgan.

Davlatimiz va jamiyatimiz ushbu ulkan islohotlardan qanday natijalar kutmoqda? Islohotlarning esa yakuniy strategik maqsadlari bor. Islohotlar faqat binolarni chiroyli qilish yoki yangi partalar qoʻyishdan iborat emas. Bosh maqsad erkin fikrlaydigan, dunyodagi tengdoshlari bilan bemalol raqobatlasha oladigan, kamida 2-3 ta tilni va zamonaviy axborot texnologiyalarini mukammal biladigan, vatanparvar yangi avlodni tarbiyalashdir.

Oʻzbekiston yaqin yillarda jahon bozoriga paxta, oltin va gaz sotadigan mamlakat sifatida emas, balki yuqori texnologiyali mahsulotlar, dasturiy taʼminotlar va intellektual xizmatlar eksport qiluvchi davlat sifatida chiqishi kerak. Bu maqsadga esa faqat va faqat mukammal taʼlim tizimi orqali erishish mumkin. Har bir insonning munosib taʼlim olishi, mehnatiga yarasha daromad va jamiyatda oʻz oʻrnini topishi davlat tomonidan yaratilgan tizim orqali kafolatlanadi. Yagona milliy imtihon tizimidagi adolat va dual taʼlimdagi ish kafolati inson qadrini yuksaltirishning eng oliy amaliy ifodasidir.

Biz dunyo ilm-faniga bebaho hissa qoʻshgan ajdodlarimiz haqida gʻurur va iftixor bilan koʻp gapiramiz. Ular bunday yuksak choʻqqilarga qanday erishgan? Ular, eng avvalo, maʼrifat bayrogʻini baland koʻtarib, oʻz aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur oʻrganish va boyitishga bagʻishlagan. Biroq biz yaqin-yaqingacha ana shunday bebaho merosga koʻpincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda boʻlib keldik. Bunday tengsiz boylikni hayotimizga tatbiq etishda eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻydik. Vaholanki, bunday noyob meros ­kamdan kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qoʻlyozmaga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur. Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros bizga doim kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalo, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorish kerakligi haqida davlatimiz rahbari koʻp kuyinib gapiradi.

Oʻn oltinchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo zaminida ichki urush va nizolar, hokimiyat uchun kurash avj oldi. Ayirmachilik va mahalliychilik kuchaydi, maʼrifat oʻrniga jaholat ildiz otdi. Natijada bir paytlar gullab-yashnagan oʻlkamizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi. Ilm-fan va tafakkur mashʼali soʻna boshladi. Yurtimizning oʻn toʻqqizinchi asrga kelib qaramlikka tushib qolishida ayni shunday salbiy holatlar asosiy sabab boʻlgani hammamizga yaxshi ayon. Demak, ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin.

Bugun sayyoramizda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion dollarga teng deb baholanmoqda. Bu esa yosh avlodning ijtimoiy hayot va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishini qiyinlashtirmoqda hamda tengsizlikning keskin oʻsishiga sabab boʻlmoqda. Oʻzbekistonimizda keyingi 10 yilda taʼlim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion soʻmni tashkil etgani, yuzlab yangi bogʻchalar, maktab, texnikum va oliygohlar qurilgani, taʼlim va ilm dargohlarini zamon talablari asosida jihozlash, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlar xalqaro miqyosda alohida eʼtirof etilyapti.

Bu haqda gapirganda, mamlakatimizda qisqa muddatda bogʻchalar soni ham, qamrov darajasi ham oshgani, tarbiyachilar maoshi maktab oʻqituvchilari oyligiga tenglashtirilgani, ushbu muassasalardagi rahbar va pedagoglar maoshi qariyb 2 barobar koʻtarilganini taʼkidlash lozim. Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlarda Prezident maktablari kabi “Yangi avlod” bogʻchalari tashkil etilib, ularda tarbiyachilar ilgʻor pedagogik ­texnologiyalarni oʻrganishi yoʻlga qoʻyilyapti. Farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng muhim bosqichi — maktab taʼlimini rivojlantirish doimiy eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Soʻnggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktab barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million oʻquvchi oʻrni yaratildi. Xususiy maktablarga yoʻl ochilishi tufayli ota-onalar va oʻquvchilar uchun tanlov imkoniyati paydo boʻldi. Bugun 200 mingdan ziyod oʻgʻil-qiz ana shunday maktab­larda oʻqimoqda.

Kelajak — zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalariniki. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois, yoshlarimizni davr bilan hamnafas boʻlib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak. Ushbu maqsadda tashkil etilgan Kasbiy taʼlim agentligidan umid katta. Ushbu agentlik kasb taʼlimi sohasiga, mavjud texnikumlarga xalqaro standartlar asosida yangi hayot nafasini olib kirishga bel bogʻlagan. Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, bir yilda 100 ta texnikumda ularning ilgʻor oʻquv dasturlari joriy etiladi. Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xal­qaro dasturi orqali yoshlar turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarda talab yuqori boʻlgan kasblarni egallaydi.

Mamlakatimizda dual taʼlimga qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish, chet ellik inves­tor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til oʻqitish soatlari toʻrt karra koʻpaytiriladi. Umuman, bu yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy koʻnikmalari haqidagi maʼlumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun ­eʼlon qilinadi. Shu bilan birga, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Maslahatchi 7-sinf­dan boshlab oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish bilan shugʻullanadi.

Keyingi yillarda oliy taʼlimga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini taʼkidlash joiz. Jumladan, oʻtgan toʻqqiz yilda OTMlar soni 77 tadan 209 taga, talabalar soni esa
250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Yoshlar uchun oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati koʻpaytirildi. Mazkur taʼlim muassasalarida dars beradigan oʻqituvchilarning oyligi sezilarli darajada oshirildi. Fanning muayyan sohasida tadqiqot oʻtkazib, aniq natijaga erishayotgan olimlarimizning asosiy qismini professor-oʻqituvchilar tashkil etayotgani, ayniqsa, eʼtiborlidir. Bu borada Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yoʻlida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega. Masalan, ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmud­xoʻja Behbudiy “biz uchun ikki emas, toʻrt tilni bilish zarur”, degan edi. Ushbu daʼvat hozir ham gʻoyat dolzarb.

Xalqimiz ustozlarni hamisha eʼzozlab, hurmatini joyiga qoʻyib kelgan. “Ustoz otang­dek ulugʻ” degan hikmat ham bejiz aytilmagan. Endi ana shu soʻzlar qogʻozda emas, amalda qaror toptirilgan, muallimning qadr-qimmati joyiga qoʻyilayotgan davrda yashayapmiz. Zotan, koʻp yillar oʻqituvchiga eʼtibor borasida soʻz boshqa, ish boshqa boʻlgan kezlarni boshdan oʻtkazdik. Oqibatda soha xodimlari goʻyo keraksiz va himoyasiz qatlamga aylanib qoldi. Oʻqituvchilarning asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni faoliyatiga mutlaqo aloqasi boʻlmagan ishlarga jalb etish odati chuqur ildiz oldi. Aniqrogʻi, muallimlarning ­“xoʻjayini” koʻpayib ketdi. Bunday nojoʻya ishlar nafaqat taʼlim sifatiga, balki soha xodimlarining oʻz kasbiga munosabatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Qanchadan qancha tajribali oʻqituvchilar sevgan kasbini noiloj tashlab ketganini ham bilamiz. Mana, yaqin-yaqingacha muallimlar, ayrim joylarda oʻquvchilar ham toʻrt oylab paxta yigʻim-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilardi. Natijada oʻqituvchi bir oyda oʻrtacha 80 soat dars oʻtishi kerak boʻlsa, toʻrt oyda 320 soat yoʻqotadigan vaziyat vujudga keldi. Oʻz navbatida, oʻquvchi bir oyda 136 soat saboq oladigan boʻlsa, toʻrt oyda 544 soat darsni boy berishga majbur boʻldi. Agar bu raqamlarni oʻn bir yilga koʻpaytirsak, bilasizmi, qancha boʻladi? Bu axir yuqori sinf oʻquvchilari uchun belgilangan 8500 soatlik oʻquv dasturining qariyb 3000 soati — 30 foizi dalada majburiy mehnatda oʻtdi deganidir. Boshqacha ayt­ganda, bola 11 yil oʻrniga atigi 7 yil oʻqishga majbur boʻldi. Yaratganga shukrki, Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli bunday salbiy holatlar, ayniqsa, “paxta qulligi” endi tarixda qoldi. Hamma soha oʻz egasiga, jumladan, qishloq xoʻjaligini ham fermer va klasterlarga topshirilgani tufayli ezgu maqsadlarga erishildi.

Keyingi yillarda maktab oʻqituvchilarining oylik maoshi bir necha barobar koʻpaytirildi. Davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar soni oshib bor­yapti. Oʻqituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar keskin kamaytirildi. Jamiyatda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan eʼtibor tufayli minglab erkak oʻqituvchi maktablarga qaytdi. Bugun jamiyatimizda pedagoglarning qaddi, shaʼni va gʻururi tiklanayotgani barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda bu oʻta muhim masala. Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tugʻiladi. Shunday ekan, yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi degan fikrlarga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq. Yoshlarga taʼlim-tarbiya berish jarayonida oʻqituvchilar oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari kafolatlanmoqda. Jumladan, maktab direktori, oʻrinbosari, sinf rahbari, oʻqituvchining maqomi aniq belgilandi. Muallimlarga ustama toʻlash, ularni ragʻbatlantirish mezonlari ham toʻliq qayta koʻrib chiqilyapti. Oʻqituvchilarning huquqlari davlat himoyasida boʻlishi, kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab boʻlishi qatʼiy belgilandi. Bu yangi tahrirdagi Konstitutsiya­mizda ham muhrlandi.

Prezidentimizning davlat rahbari sifatidagi birinchi uchrashuvi 2016-yil
30-dekabrda mamlakatimiz akademiklari bilan boʻlib oʻtgan edi. Bu paytda Fanlar akademiyasi muammolar girdobiga botib qolgan, unga oxirgi saylovlar 1995-yilda oʻtkazilgan edi. Oqibatda oʻtgan davrda akademiklar soni 2 barobar qisqarib, 63 nafar qolgan edi. Akademiyani, taʼbir joiz boʻlsa, reanimatsiya holatidan chiqarib, sogʻlom, toʻlaqonli faoliyatga qaytarish uchun zarur amaliy choralar koʻrildi. 32 yangi akademik saylandi. Fanlar akademiyasi faoliyatini davlat byudjetidan moliyalashtirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati qayta tiklandi. Jumladan, 40 ta ilmiy laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ushbu maqsadda Fanlar akademiyasi institutlariga qariyb
300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jamiyatimizda ilm-fanning qadrini keskin oshirish, olimlar va tadqiqotchilar uchun sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish yoʻlida jiddiy harakat qilinyapti. 

Insonning ongi va dunyoqarashi, fikri oʻzgarmasa, jamiyat oʻzgarmaydi. Jamiyat oʻzgarmagan joyda hech qanday ijobiy natija ham, taraqqiyot ham boʻlmaydi. Odamlarning ongu tafakkurini oʻzgartiruvchi kuch esa, hech shubhasiz, avvalo, oʻqituvchi-murabbiylar, oliygoh professorlari, ilm-fan arboblari, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalaridir. Bugun biz yashayotgan jamiyatga yangi fikr, yangi gʻoya, eng muhimi, islohotlarni amalga oshirishga qodir boʻlgan yangi avlod kadrlari kerak. Albatta, xalqimizning mardona mehnati, oʻqituvchi va murabbiylarning jonbozligi tufayli taʼlim sohasini tubdan modernizatsiyalash boʻyicha koʻp ish qilindi. Ammo bular katta maqsad yoʻlida tashlangan dastlabki qadamlar, xolos.

Oʻzbekistonda keyingi yillarda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan barcha dadil qadamlar, tizimli islohotlar davlatimizning oʻz kelajagiga, farzandlarimiz kamoliga tikayotgan eng buyuk va eng toʻgʻri sarmoyasidir. Albatta, oldimizda hali yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar, infratuzilma yetishmovchiligi va kadrlar sifati bilan bogʻliq koʻplab murakkab vazifalar turibdi. Biroq eng muhimi — davlat va
xalqda bu islohotlarni oxirigacha yetkazish uchun kuchli siyosiy iroda va qatʼiy ishonch bor. Biz taʼlim tizimini chinakam adolat va texnologiya beshigiga aylantira olsak, yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan barcha oliyjanob maqsadlariga muqarrar ravishda erishadi va jahon hamjamiyatida munosib va yuksak oʻrnini egallaydi. Bu yoʻldagi islohotlar esa ortga qaytmas va ezgu jarayondir.

Ismoil SAIFNAZAROV,

falsafa fanlari doktori, professor